Karimovdan keyin ham ko'p narsa o'zgarmaydi, deydi amerikalik tahlilchi

Toshkent

G’arb ahlini Markaziy Osiyo va xususan O’zbekistondagi siyosiy-ijtimoiy vaziyat bilan tanishtirib kelayotgan ommabop saytlardan biri bu Registan.net bo’lib, uning asoschisi Natan Xemm (Nathan Hamm) ismli yosh mutaxassis. 2000-yillar boshida O’zbekistonda Tinchlik korpusi safida xizmat qilgan. Markaziy Osiyo bo’yicha magistrlik darajasiga ega. AQSh Markaziy Qo’mondonligida tahlilchi bo’lib ishlagan. Hozir ham konsultantlik qiladi.

Registan.net - Oregon shtatida Portland shahrida asoslangan tashkilot, lekin Vashington va boshqa yirik shaharlarda, qolaversa, dunyo bo’ylab o’z hamkorlariga ega. Maqsad, deydi Natan Xemm, jahon ommasini Markaziy Osiyo va uning atrofidagi vaziyatdan boxabar qilib turish, chetda qolib ketayotgan, o’ta muhim masalalarni tahlil qilib berish. Barak Obama prezidentlikning ikkinchi muddati uchun qasamyod keltirish arafasida ekan, Natan Xemmni suhbatga tortdik:

Your browser doesn’t support HTML5

AQSh, Karimov va O'zbekiston kelajagi/Navbahor Imamova


Amerika Ovozi: AQSh Afg’onistonni tark etish qarorida qat’iy. U yerdagi harbiy missiya yakunlanar ekan, Markaziy Osiyo davlatlari bilan hamkorlik qanchalik o’zgarishi mumkin?

Natan Xemm: O’tgan 20 yildan oshiq davrda shuni ko’rdikki, hamkorlik ko’lami mavjud imkoniyatlarga bog’liq. Shimoliy Ta’minot Tizimi kabi loyihalar shubhasiz Afg’onistondagi harakatlar uchun juda muhim. Lekin Amerika Markaziy Osiyo iqtisodiy taraqqiyotiga ham hissa qo’shishni istaydi. Shunday ekan, mening nazarimda, hamkorlik ko’p jihatdan hozirgi darajada qoladi. Qirg’iziston va Tojikiston singari davlatlarda Amerika chegara xavfsizligi singari sohalarda ko’proq ishlashi mumkin.

Amerika Ovozi: O’zbekiston bilan-chi?

Natan Xemm: O’zbekiston bilan hamkorlik qilish qiyin. AQSh ko’p imkoniyatlarga ega emas. Xavfsizlik singari sohalarda O’zbekiston juda ehtiyotkor, masalan, harbiylar malakasini oshirishga kelganda. Buning ustiga inson huquqlari masalasi… Hamkorlikni kengaytirish uchun respublika ko’plab talablarga javob berishi, Vashington bu yurtga nisbatan siyosatda yetti o’lchab bir kesishi kerak.

Amerika Ovozi: Prezident Obama ikkinchi muddatida Islom Karimov va Nursulton Nazarboyev singari liderlar bilan qanday munosabatda bo’lishi kerak deb o’ylaysiz?

Natan Xemm: Har ikkisi bilan ishlash oson emas. AQSh uchun O’zbekiston va Qozog’istonda biror siyosiy ta’sir kuchiga ega bo’lish uchun imkoniyatlar ancha cheklangan, ayniqsa, O’zbekistonda. Yaqin orada biror o’zgarish bo’lishi qiyin. Bu degani biz uzoq muddatli strategiya asosida ishlashimiz kerak. Eng muhimi bu davlatlar bilan muloqot to’xtamasin va ular biz uchun ochiq bo’lsin. Islom Karimov bilan, masalan, Amerika hozirgidek harakat qilaverishi kerak deb o’ylayman. Serqirra hamkorlik haqida o’ylash kerak. Bor imkoniyatni ishga solish kerak. Xalqlarni yaqinlashtiruvchi loyihalar bilan chiqish kerak. Madaniy almashinuvlar, biznes almashinuvlar, rasmiy safarlar… Uzoq muddatda ular baribir meva beradi. Lekin biz butun diqqatimizni faqat bir masala yuzasidan hamkorlikka qaratsak yoki inson huquqlari singari qaltis mavzular yuzasidan achchiq so’zlar almashib, imkoniyatlarni boy bersak, yutqazamiz.

Amerika Ovozi: Amerika rasmiylari bilan gaplashganimizda ular bir narsani ko’p tilga oladi: o’zgarish O’zbekistonning o’zida, ichki xohish-iroda bilan bo’ladi, tashqi kuchlar respublikani o’zgartirib qo’yolmaydi. Vashington muntazam muloqotni yo’lga qo’ygan, diplomatlar bundan juda mamnun. Lekin mana shu yillik maslahat kengashlari, dialog, o’tgan to’rt yilda nima samara berdi?

Natan Xemm: Uzoq muddatli strategiya darrov samara bermaydi, aytmoqchimanki, to’rt yilda konkret natija kutish qiyin. Buning ustiga O’zbekistondek davlat bilan bugun sal yaqinroq aloqadamiz, lekin “munosabatlar zo’r” deya olmaymiz. Aytganimdek, imkoniyatlar cheklangan. Safarlar, tashriflar, muloqotlar… Ammo mana sizga yutuq deyish qiyin. Davlatlarni o’zgarishga majburlash yoki ularga bosim o’tkazish, bilamizki, samara bermaydi. Har bir davlat boshqacha. Masalan, Qozog’iston uchun uning tashqi dunyodagi nufuzi, nomi, shuhrati juda muhim. Imidjini yaxshilash uchun ham bu respublika ayrim sohalarda ildam qadamlar tashlamoqda. Qirg’iziston va Tojikistonda ham Amerika o’ziga xos ta’sir kuchiga ega. Lekin O’zbekiston bunday emas. Shuning uchun Davlat departamenti va boshqa agentliklar O’zbekiston bilan muayyan maqsadlar yo’lida, qisqa muddatli bo’lsa-da, ishlashga harakat qilmoqda. Inson huquqlari va demokratiya bobida esa yutuq deganda bir-ikkita siyosiy mahbusning qamoqdan chiqarilishi nazarda tutiladi. Bu afsuslanarli hol, lekin haqiqat.

Amerika Ovozi: Yaqinda O’zbekiston siyosiy kelajagi haqida Sietlda o’tgan anjumanda so’zladingiz. Tuzum o’zgarishi mumkinmi degan savol o’rtaga tashlandi. Nima deb javob berdingiz?

Natan Xemm: O’zbekistonda tuzum o’zgarishi ehtimoli, menimcha, juda past. Islom Karimov vafot etgan taqdirda ham katta o’zgarish bo’lmaydi. Turkmanistonda ko’rganimizdek, marhum rahbardan uncha farq qilmaydigan, avtokrat boshqaruvni davom ettiradigan biror kishi keladi hokimiyatga. O’zbekiston istisodiyoti juda zaif. Hukumat qanchalik rad etmasin, aholi qiynalayotganini yashira olmaysiz. Chetda ishlayotgan o’zbekistonliklar vatandagi tirikchilikni ta’minlamoqda. Bu degani tirikchilik Rossiyaga bog’liq va Kreml bundan foydalanishi, lozim topsa, ishchilarni haydab yuborishi mumkin. Gaz va elektr energiya ta’minoti tizimlari ishdan chiqqan. Bu ham hammaga oydek ravshan. O’tin va ko’mir yoqib kun ko’rayotgan odamlarni buyuk kelajakka ishontirish qiyin. Vaziyat qachongacha shunday davom etadi? Chetdan turib hamma narsani aniq bilish qiyin. Shunday ekan, kelajakni ham bashorat qila olmaymiz.

Amerika Ovozi: Rus tahlilchisi Aleksandr Malashenko yaqinda bizga bergan intervyusida “Karimov shu yili o’z vorisini tanishtirishi mumkin” dedi. Siz bunday fikrdan yiroqsiz, shundaymi?

Natan Xemm: Bunday taxminni o’tgan yili ham aytishimiz mumkin edi, bu yil ham. Karimov juda ehtiyotkor. Voris kim ekanini hech qachon aytmasligi mumkin. Karimov ko’p jihatdan g’alati arbob. O’z demokratik konsepsiyasini tanishtirdi, lekin demokratiyaga yangi idoralar ochish bilan erisha olmaysiz. Demokratik boshqaruvni amalda isbotlash kerak. "Mana Senat, mana u qanday ishlaydi, parlament ikki palatalik, Oliy Majlisga deputatlar saylanadi va prezident vazifasini bajara olmasa, mana bunday yo’l bilan yangi rahbar tayinlanadi" deyishning o’zi yetmaydi. Boshqaruv uslubi o’zgarmasa, ne foyda? Karimov hech kimga ishonmaydi, ayniqsa elitaga. Shunday ekan, vorisi kim bo’lishi haqida og’iz ochmasa kerak.

Amerika Ovozi: Gulnora Karimova… U haqda so’ramasdan iloj yo’q, chunki siz o’z blog va sharhlaringizda u haqda tinimsiz yozib kelasiz. Gulnora Karimova, sizningcha, bugun dunyo sahnasida qanday nufuzga ega?

Natan Xemm: Dunyo sahnasida? Hech qanday. Masxara qilishadi uni. To’g’risini aytsam, uni ko’pchilik bilmaydi. Bilganlar esa kuladi. G’arb axborot vositalariga o’zi Gulnora Karimovadek absurd jihatlari ko’p odamlar yoqadi. Chunki ularni masxara qilib media katta foyda ko’radi. G’arb nazarida Gulnora Karimova - O’zbekistonning Turkmanboshisi (O’zini o’zi ulug’laydigan shaxs). Uni hech kim jiddiy qabul qilmaydi. Tasavvur qiling, Gulnora Karimova va uning oldida fransuz aktyori Jerard Depardyu, hayotda bunchalik xunuk ko’rinmagan bir yulduz, ko’ylagining tugmalari qadalmagan, teri oqib, yenglari qiyshaygan bir holda o’tirganini ko’rib, uni qanday qabul qilish mumkin? Kuladi odamlar. Gulnora Karimovani yaxshi bilmaganlar uni masxara qiladi, yaxshiroq bilganlarning aksariyati esa salbiy fikrda. Eng ko’p aytiladigan gap: Gulnora Karimova - O’zbekistonda eng ko’p nafrat uyg’otadigan shaxs. Lekin uni Twitterda odamlar himoya qilayotganini ko’rib yoqa ushlagan hamkasblarimga shuni eslatdimki, G’arbda ham hech vaqoga arzimaydigan, yengiltak ahmoqlar ko’p. Ular yulduz bo’lish uchun nimalar qilmaydi va afsuski, ularning ketidan ergashadiganlar ham topiladi. Shuning uchun Gulnora Karimovaga qarab, mana zamonaviy o’zbek ayoli qanday bo’lishi kerak deb o’ylaydiganlar ham topiladi. Lekin, nazarimda, O’zbekiston xalqi uning kimligini biladi. Buni ochiq ayta olmasligi mumkin, lekin biladi. Amerikada Gulnora Karimova bilan hamkorlik qilayotgan jamg’armalarga esa uning kimligi bir pul. Xayriya qilayaptimi, tamom. Men ular bilan bog’lanib, Gulnora Karimovaning kim ekanini bilasizlarmi deb so’raganimda, ular ochiqchasiga “bizga baribir” deb aytishgan. Loqaydlik kuchli… Shuning uchun mana Sting singari taniqli san’tkorlar Gulnora Karimova ko’rsatgan ehtiromni jon deb qabul qiladi. Chunki ular O’zbekistonni borib aylanadi, ularga izzat-ikrom ko’rsatishadi. Gulnora Karimova esa bundan o’zi uchun foydalanmoqda, lekin bu bilan nufuzi yaxshilanib qolmayapti.

Amerika Ovozi: Suhbat uchun rahmat!

Natan Xemm: Sizga ham rahmat!

Interview/Original, January 11, 2013

Your browser doesn’t support HTML5

Nathan Hamm, Registan.net, talks to Navbahor Imamova, VOA Uzbek 1-11-13



Your browser doesn’t support HTML5

O'zbekiston kelajagi va yoshlar/AwarenessProjects.org, Uzbekistan's future