Amerika olimlari yadroviy inshootlarning salomatlikka ta’sirini o’rganmoqda

Amerika olimlari yadroviy inshootlarning salomatlikka ta’sirini o’rganmoqda

AQShning Illinoys shtatida mamlakat bo’ylab eng ko’p, oltita atom elektr stansiyasi joylashgan.

Energetika vazirligining bildirishicha, Illinoys yadro salohiyati nafaqat Amerikadagi boshqa shtatlar, balki ayrim davlatlarnikidan ham yuqori.

AQSh Fanlar akademiyasi yadro inshootlarining atrof-muhit va aholiga ta’sirini o’rganib, izlanish o’tkazmoqda.

Bredvud stansiyasi Illinoysda 1988-yil ishga tushgan. Ikki million xonadonni elektr energiyasi bilan ta’minlash quvvatiga ega.

Zavoddan 80 kilometr radiusda 5 millionga yaqin aholi yashaydi.

“Odamlar stansiyaga ishonchsizlik bilan qaraydi”, - deydi ulardan biri.

Amerika olimlari yadroviy inshootlarning salomatlikka ta’sirini o’rganmoqda

Bunga zavoddan oqib tushayotgan radioaktiv tritiy sababdir. 2007-yilda mahalliy aholi va inshootga yaqin joylashgan shaharchalar ma’muriyatlari Ekselon kompaniyasini sudga bergan edi.

Bredvud shu kompaniya mulkidir. Da’vogarlar tritiy quduqlarga oqib tushib, ichimlik suvini zaharlayapti deb Ekselonni beparvolikda ayblagan. Uch yil o’tib, kompaniya ifloslangan hududlarni tozalash loyihalariga pul ajratib, ishni bosti-bosti qilgan edi.

Ammo, deydi yadro faoliyatini nazorat etuvchi komissiya, tritiy federal xavfsizlik normasidan oshib oqib tushgan.

“Har bir atom elektr stansiyasida radioaktiv axlat bor, ma’lum miqdorda ularni suvga oqizish mumkin”, - deydi komissiya so’zlovchisi Viktoriya Mitling.

Uning aytishicha, xavfsizlik normalari, radiatsiyaning inson salomatligiga ta’siriga oid ma’lumotlar eskirgan.

Amerika olimlari yadroviy inshootlarning salomatlikka ta’sirini o’rganmoqda

“So’nggi izlanish 20 yilcha oldin o’tkazilgan edi. Metodologiyasi eskirgan. Shu sabab Fanlar akademiyasi tayyorlagan hisobotni o’rganmoqchimiz, har qalay ular betaraf”, - deydi u.

Jon Burris akademiyaning rak kasalligini o’rganuvchi guruh rahbari.

“Imkon qadar ko’p ma’lumot to’plab, yadro inshootlari yonida istiqomat qiluvchi odamlarda rakka chalinish ehtimoli qanday bo’lishini aniqlamoqchimiz”, - deydi u.

Bu orada, Yaponiyaning zilzila va sunamidan zarar ko’rgan Fukushima atom elektr stansiyasida radiatsiya hali ham muammo. Yechim topilmaganicha yo’q. Falokat ketidan dunyoda yadro xavfsizligi keng muhokamada.

Tadqiqotchi Jon Burris o’z guruhi haqida ma’lumot berar ekan, unga olimlar, shifokorlar va radiatsiya bo’yicha mutaxassislar kirgan, deydi.

“Biz atom elektr stansiyalari va ularga yaqin yashovchi aholining kundalik faoliyatini o’rganyapmiz. Fukushima va Chernobil fojialari so’zsiz jamoatchilik xavotiriga sabab mavzular, ammo bu izlanishda ularni hisobga olmaymiz”.

Burris guruhi Bredvud zavodi yaqinida yashovchi odamlar bilan uchrashib, ularning fikr va tashvishlariga quloq tutdi.

Yadro faoliyatini nazorat etuvchi komissiya vakili Viktoriya Mitlingning aytishicha, aholi bilan tez-tez uchrashuvlar bo’lsa, o’rtadagi ishonchsizlikka barham beriladi.

“Izlanishga buyurtma berib va bu ishni mustaqil, obro’li, ilmiy muassasaga topshirib, maqsadlarimiz aniq va jiddiy ekanini namoyish etmoqdamiz”, - deydi u.

Ma’lumot to’plash uchun olimlar Atlanta va Los-Anjelesga ham safar qiladi. Hisobot yil oxirigacha tayyor bo’lishi kutilmoqda.