Prezident Obama yillik murojaatida iqtisodiyotga urg'u berdi

  • Amerika Ovozi

Barak Obama prezidentlikka kelganiga uch yil bo'ldi

Prezident Barak Obama bugun kechqurun Kongress huzurida AQSh siyosiy va iqtisodiy ahvoli haqida nutq so’zladi.

“Amerika ko’p narsaga qodir… Ta’lim bobida dunyoda yetakchilik qilishi mumkin. Ilg’or texnologiya sohasiga yangi avlodni jalb etib, yuqori maoshli ishlar yaratishimiz mumkin. Kelajakda energetik mustaqillikka erishaylik, toki xavfsizligimiz dunyoning beqaror nuqtalariga tobe bo’lmasin. Iqtisodiyotimiz shunday bo’lsinki, mehnat qilgan odam rohatini ko’rsin, mas’uliyat muvaffaqiyat kaliti bo’lsin”.",- deydi Obama Senat va Vakillar Palatasi oldidagi ma'ruzasida.

6-noyabrda bo’ladigan saylovlarda Obama Demokratik partiyadan yagona nomzoddir. Respublikachilar esa ayni damda da'vogarlarni saralamoqda.

Nutqni ingliz tilida tomosha qiling:

Prezident Obama yillik murojaatida iqtisodiyotga urg'u berdi

Prezident o’zini o’rta sinf xaloskori, muxolif respublikachilarni esa boylarning homiysi sifatida ko’rsatishga harakat qilyapti.

“Amerika orzular ushaladigan diyor bo’lib qolishi kerak. Har bir qarorimizni mana shu qadriyatdan kelib chiqqan holda qilishimiz zarur... Biz yo juda kichik bir doira rohatda yashaydigan jamiyatga aylanamiz yoki iqtisodiyotimizni butun xalq manfaati uchun moslaymiz. Ya’ni mehnat qilgan, harakatda bo’lgan har bir shaxs maqsadiga yeta olsin, hamma uchun bir shart, bir qoida. Gap demokratik yoki respublikachilar foydasi emas, butun Amerika xalqi manfaati va qadriyatlari ustida ketmoqda”, - deydi Obama.

Prezident badavlat amerikaliklarga kattaroq soliq solishni taklif qilmoqda. Respublikachilar qarshi. Ular nazarida, bunday siyosat ish o’rinlarini yaratishga g’ov bo’lib, ishsizlikni kuchaytiradi.

Prezident Obama yillik murojaatida iqtisodiyotga urg'u berdi

“Amerika mahsulotlarini sotish uchun dunyoning istagan burchagiga borib muzokara qilaman. Amerika ishchilari va sanoatlarini hammadan ustun qo’yishimiz shart… Ishsizlikni yengish – oliy maqsadimiz. Yurtdoshlarimiz yangi kasb-hunarlar o’rganishga, malaka oshirib, tobora yangilanib borayotgan sohalarda ishlashga shay turishi kerak. Zamon shuni talab qilmoqda”., - deydi Obama.

“Bir narsani yodda tuting: millionlab amerikaliklar qora terga botib, qonun va qoidalarga bosh egib, mehnat qiladi. Hukumat va moliyaviy tizim ularning talablariga javob berishi shart”.

Prezident saylovlariga hali to’qqiz oy bor. Ommaviy so’rov natijalariga ko’ra, iqtisod saylovchilar uchun eng dolzarb mavzu va bu borada ko’pchilik Obamadan norozi.