Amerikada yirik biznes va korporatsiyalar hamda ularni quvvatlab kelayotgan siyosatchilarga qarshi namoyishlar avjida ekan, ularni olqishlab Filippin, Yaponiya, Gongkong, Tayvan, Avstraliya, Janubiy Koreya, Britaniya va Italiyada ham omma ko’chaga chiqqan.
Rimda zo'ravonliklar kuzatilgan. Tinch o'tayotgan namoyishlarga anarxistlar qo'shilib, mashinalarga o't qo'ygan, do'kon va vokzallarga hujum qilgan.
Qashshoqlik, tengsizlik, irqchilik, yadroviy qurollanish va boshqa siyosiy, ijtimoiy va iqtisodiy illatlarga qarshi lozunglar ostida keng ko’lamli chiqishlar kuzatilmoqda.
Tartibni buzganlikda ayblanib hibsga olinayotgan namoyishchilar sal o'tmay qo'yib yuborilmoqda. Ayrim shaharlarda politsiya kuch ishlatganlikda ayblanayapti.
Amerika prezident Barak Obama xalq dardini tushunishini, muammolarni hal etish uchun kurashayotganini aytadi.
Kongress uning takliflarini ma'qullamayapti. Bu hafta u olg'a surgan qonun loyihasi Senatda ovozdan o'tmadi. Obama ish o'rinlari yaratish uchun qariyb 450 milliard dollar mablag' ajratishni so'ragan edi.
Tadbirkor va sarmoyadorlar orasida bu namoyishlarga nisbatan munosabat turlicha. Kimdir kapitalizm shartlarini eslatsa, kimdir bugungi ishsizlik va moliyaviy yetishmovchilikda siyosatchilarni ayblaydi.
Nyu-York, Vashington, Chikago va Los Anjeles singari shaharlarda namoyishchilar katta maydonlarni egallab olgan va hukumat ularning talabiga quloq tutmaguncha hech yoqqa ketmoqchi emas.
Namoyishlar 17-sentabrda AQSh moliya markazi Nyu Yorkda, birjalar makoni Uoll Stritda boshlangan edi. Xususiy sektorga nisbatan bosim internetda, ommabop saytlar Facebook va Tweeterda ham oshib bormoqda.
Jahon iqtisodini inqirozga olib borgan kompaniya va sarmoyadorlar jazosini olishi kerak degan hayqiriqlarni bugun nafaqat ko’chada balki global tarmoqda ham eshitasiz.