Matbuoti erkin bo’lmagan jamiyat taraqqiy eta olmaydi. Fuqarolari erkin nafas olmagan davlat sog’lom muhit emas, deya bong urmoqda 3-may Xalqaro matbuot erkinligi kunida dunyo ahliga murojaat qilayotgan tomonlar.
Nyu-Yorkda asoslangan Jurnalistlarni himoya qilish xalqaro qo’mitasi (Committee to Protect Journalists) nazarida 10 davlat axborot vositalari va ularning xodimlarini tazyiqqa olishda birinchi o’rinda: Eritreya, Shimoliy Koreya, Suriya, Eron, Ekvatorial Gvineya, O’zbekiston, Birma, Saudiya Arabistoni, Kuba va Belarus.
Bilish, erkin axborot olish – insonning uzviy huquqlaridan biri.
Xorijiy muxbirlar kiritilmaydi. Mahalliy jurnalistlar qonun ularni himoya qilishiga ishonmaydi. Boshqaruvning ra'yiga qarab faoliyat yuritadi.
Eritreyadan tortib, Saudiya Arabistonigacha, O’zbekistondan Shimoliy Koreyagacha, hammasi yopiq jamiyatlar, deya ta’riflaydi Joel Saymon. Hukumatlar buni qanchalik rad etmasin, oddiy xalqning o’ziga bu oydek ravshan.
O’zbekistonda mustaqil axborot vositalari yo’q, deyiladi Jurnalistlarni himoya qilish xalqaro qo’mitasi hisobotida.
Shu yilning 6-aprelida Toshkent shahar Yunusobod tuman sudi yosh jurnalist Yelena Bondarni milliy, irqiy, etnik, diniy nafrat uyg’otuvchi materiallar tayyorlaganlikda aybdor deb topib, unga 6 million 900 ming so’m jarima soldi. Yelena Bondar fergananews.com saytida ijtimoiy mavzudagi maqolalari bilan tanilgan, ya’ni jamiyatning turli qatlamlarini tubdan qiynab kelayotgan masalalarni yoritadi.
Vashingtonda asoslangan “Freedom House” (Ozodlik uyi) vitse-prezidenti Kristofer Voker (Christopher Walker) deydiki, O’zbekiston hukumati yoki ommasi buni tan oladimi-yo’qmi, respublika bugun nafaqat Markaziy Osiyo balki global miqyosda “erkinlik keskin cheklangan” jamiyatlardan biri.
"O’zgacha fikrlovchi odamlarga toqat yo’q. Bu taraqqiyot yo’lida katta to’siq. Xalqaro hamjamiyat buni ko’rib turibdi va unga ko’z yuma olmaydi. Boshqa davlatlar O’zbekiston hukumatiga muammoni eslatib turishi, vaziyatni o’zgartirishga undashi lozim. O’zbekiston rahbariyati xalqni bu erkinlikdan ayira olmaydi. Bu uzviy huquq”, - deydi Kristofer Voker.