Prezidentlik poygasi: Ron Pol va Rik Santorum

  • Amerika Ovozi

Chapdan Rik Santorum va Ron Pol

Respublikachilar partiyasidan prezidentlikka yetakchi da’vogarlardan biri - Texas shtatidan kongressmen Ron Pol (www.ronpaul2012.com). U asosan o’ta konservativ hisoblangan “Choychilar” harakati tomonidan qo’llab-quvvatlanmoqda.

76 yoshli arbob “Erkinlik uchun kampaniya” deb nomlangan targ’ibotchi guruhga asos solgan. Asosiy maqsadi – hukumatning jamiyatdagi rolini pasaytirish.

Soliqlarni tushirish kerak, deydi u. Davlat fuqaro daromadiga ko’z olaytirmasligi lozim degan chaqiriqlari bilan tanilgan.

Ron Pol

Pol fikricha, AQSh boshqa davlatlar ishiga umuman aralashmasligi va global maydonda “posbon” rolini o’tashni bas qilishi kerak. Bunday harakat, deydi u, Amerikani milliardlab dollar va obro’dan ayirmoqda.

Siyosiy doiralar, xususan Amerika davlat xavfsizligi hamma narsadan ustun va u jahondagi eng qudratli tuzum bo’lib qolishi kerak deya fikrlovchi Respublikachilar partiyasida ko’pchilik hamon Ron Polning chaqiriqlarini jiddiy qabul qilmaydi.

Lekin Ron Pol oddiy xalq orasida ancha shuhrat qozongan va prezidentlikka nomzodlarni saralash jarayonida oldingi o’rinlarda ketmoqda.

Siyosatshunos Brayan Darling fikricha, Ron Pol prezidentlikka nomzodlikni qo’lga kirita olmasligi mumkin. Lekin, deydi tahlilchi, u Respublikachilar partiyasiga ta’sir o’tkazmay qolmaydi.

Siyosatchi 1988 va 2008-yillarda ham prezidentlikka nomzod bo’lishga urinib, mag’lubiyatga uchragan.

Respublikachilar partiyasidan prezidentlikka yana bir da’vogar Rik Santorum (Rick Santorum - www.ricksantorum.com) saralash jarayonida sobiq kongressmen Nyut Gingrich va Texas gubernatori Rik Perrini ortda qoldirib, Mitt Romni bilan bellashishga qodir arbob sifatida nom qozondi.

Rik Santorum

Santorum, siyosiy tahlilchilar nazarida, prezidentlik uchun kurashayotgan eng konservativ amerikalik.

Tashqi siyosatda u boshqa respublikachilar bilan hamnafas. Global maydonda Amerika rolini yanada oshirish kerak, deydi u.

Kongressning har ikki palatasida xizmat qilgan 53 yoshli arbob o’z chiqishlarida iqtisodiyot, ayniqsa yangi ish joylarini yaratish masalasiga urg’u bermoqda. Soliqni pasaytirish va hukumat xarajatini qirqish tarafdori.

Yetti farzand otasi Santorum o’z saylov kampaniyasida oilaviy qadriyatlar haqida ko’p gapiradi. Abortga tamoman qarshi. Bu ishga qo’l urgan shifokorlar jinoyatchi sanalib, jazoga tortilishi kerak, deydi u. Bir jinsdagi odamlarning nikohga kirishini ham yoqlamaydi. Bu ikki masala Amerika jamiyatini ikkiga bo’lib keladi.