Rossiyaning Ukrainadagi urushining 2-kuni

  • Amerika Ovozi

Bugun Rossiya qurolli kuchlarining Ukrainaga hujumining ikkinchi kuni. Rossiya Mudofaa vazirligi vakiliga ko’ra, Chernobildagi atom elektrostansiyasi hamda Odessa shahriga yaqin Zmeiniy oroli rus qo’shinlari qo’liga o’tgan.

Your browser doesn’t support HTML5

Xalqaro hayot - 25-fevral, 2022-yil


Igor Konashenkov 82 ukrainalik askar taslim bo’lganini, harbiy harakatlarda qatnashmaslik haqida tilxat berganidan so’ng ozod etilganini ma’lum qildi. Ukraina rasmiylari oroldagi 13 nafar chegarachining rus kemasidan otilgan raketalardan halok bo’lganini bildirmoqda.

Poytaxt Kiyevdan 25 kilometr naridagi “Antonov” aeroporti ham rossiyalik desantchilar nazoratida; qo’shinlar Kiyevga kirgan, Ukrainaning yana bir necha viloyatidagi shaharlarda janglar kechmoqda.

Uch million aholiga ega Kiyevda havo hujumidan ogoh qiluchi sirenalarni eshitish mumkin. Odamlar yer ostidagi metro bekatlarida jon saqlamoqda. Aholiga minglab qurol tarqatilgan. Mamlakatda majburiy harbiy safarbarlik e’lon qilingan.

Ukraina rasmiylari shahar uzra rus samolyotini urib tushirganini da’vo qilmoqda, ayrim xabarlarga ko’ra esa rus raketasi hujumida ukrain samolyoti qulagan.

O’n minglab odam mamlakatni tark etmoqda. Qo’shni Polsha, Ruminiya, Vengriya, Slovakiya qochqinlarni qabul qilmoqda.

AQSh rasmiylariga ko’ra, rus askarlari Kiyevdagi hukumatni ag’darishni maqsad qilgan.

NATO harbiy qo’mondonlariga a’zo mamlakatlar hududlarini mudofaa qilishga tayyor turishni buyurib, sharqiy chegaralarda yuzlab samolyot, kemalar, qo’shinlar safarbar etmoqda.

Ukraina Prezidenti Vladimir Zelenskiy kamida 137 fuqaro halok bo’lgani haqida ma’lum qildi. Ukraina Qurolli kuchlari bosh qo’mondoni Valeriy Zalujniyning bildirishicha, bir sutkada dushmanning 30 ta tanki, 130 ta zirhli texnikasi, 7 ta samolyoti va oltita vertolyoti yo’q qilingan, mingga yaqin rossiyalik harbiy nobud bo’lgan.

Rossiya Mudofaa vazirligi ushbu ma’lumotlarni dezinformatsiya deb, rus qo’shinlari va texnikasi talafotlari haqida xabar bergani yo’q.

Zelenskiy Yevropani Rossiyaga qarshi qattiqroq sanksiyalar qo’llashga, uni SWIFT xalqaro to’lovlar tizimidan chetlatishga chaqirdi. Biroq AQSh Prezidenti Jo Baydenning aytishicha, Yevropa davlatlari hozircha bunga tayyor emas.

SWIFT tizimi, masalan, Rossiyaga eksportga chiqarilayotgan yoqilg’isi uchun to’lov olish imkonini beradi.

Germaniya hukumati so’zlovchisi Steffen Xebeshtraytning aytishicha, Rossiyani tizimdan o’chirish qiyin masala, chunki u holda Germaniya ichidagi to’lovlar, Rossiyada biznes qilayotgan nemis kompaniyalari uchun to’lovlar hamda yoqilg’i ta’minoti uchun to’lovlarga zarar yetadi.

Rossiyani jazolash bilan birga Zelenskiy Telegramdagi kanali orqali Putin bilan muzokara qilishga tayyor ekanini ma’lum qildi.

Xitoy Prezidenti Si Zinpin bilan telefon orqali muloqot qilgan Putin Rossiya muzokaraga tayyor ekanini bildirgan. Rossiya Tashqi ishlar vaziri Sergey Lavrovning aytishicha, ukrain askarlari buning uchun avval qurollarini tashlashi kerak.

Kreml so’zlovchisi Dmitriy Peskovga ko’ra, Putin muloqot uchun Minskka Mudofaa va Tashqi ishlar vazirliklari hamda prezident idorasi vakillaridan iborat yuqori lavozimli delegatsiya yuborishga tayyor.

Moskva Kiyevdan NATOga a’zo bo’lish rejasidan voz kechishni, betaraf mamlakat maqomini qabul qilishni talab qilmoqda.

Biroq Lavrov bu masalada Zelenskiyga ishonch yo'qligini aytadi.

"Ukrainani istilo qilish niyatimiz yo’q. Asosiy maqsadni ochiq e’lon qilganmiz – demilitarizatsiya va denatsifikatsiya. Mamlakatda mash’alli yurishlar, natsistlar mafkurasini ulug’lashlar, ko’ngilli batalyonlarni natsistlar ruhida tarbiyalash kabilarga hukumat va matbuot sukut va rozilik bilan yondashmoqda”, - dedi Lavrov.

Bu o’rtada Yevropa Ittifoqi Rossiyaga qarshi sanksiyalarga kelishdi. Jazo choralari, asosan, moliya sektori va neftni qayta ishlash sanoatini o'z ichiga oladi.

Tashkilotga a’zo davlatlar rahbarlarining bayonotida aytilishicha, Vladimir Putin Yevropa qit’asini imperiyalar va to’qnashuvlar davriga qaytarmoqchi, ammo buning uddasidan chiqa olmaydi, mag’lub bo’ladi.

“Ilk bor qabul qilinayotgan moliyaviy sanksiyalar Rossiyani eng muhim kapital bozorlaridan chetlashtiradi. Rossiya bank sohasining 70 foizini nishonga olyapmiz - muhim davlat kompaniyalarini, jumladan mudofaa bilan shug'ullanuvchi shirkatlarni. Ushbu sanksiyalar Rossiya uchun qarz olish qiymatini, inflyatsiyani oshiradi, sanoati bazasini yemiradi”, - deydi Yevropa Komissiyasi rahbari Ursula fon der Leyen.

Ittifoq mamlakatlari Rossiyani o’z texnologiyalaridan ham ayirmoqchi va buning natijasida mamlakatga daromad keltirayotgan neftni qayta ishlash zavodlarini modernizatsiyalashtirib bo’lmasligi aytilmoqda.

AQSh va Britaniya ham o'z sanksiyalarini joriy etgan. Xususan, London “Aeroflot” kompaniyasiga qirollik aeroportlaridan foydalanishni man qildi. Moskva o'xshash choralar bilan javob berarkan, britan samolyotlariga Rossiya havo sarhadlari uzra uchishni taqiqlab qo’ydi.

Kreml G’arbga qarshi javob sanksiyalari hozirlanganini bildirmoqda.

Rossiyaning Ukrainaga hujumini qoralagan Turkiya Prezidenti Rajab Toyib Erdog’anning aytishicha, NATO va G’arb mamlakatlari rus bosqiniga qarshi yetarlicha qat’iyat ko’rsatmayapti.

Ukrainadagi urushga qarshi dunyo bo’ylab norozilik namoyishlari bo’lib o’tmoqda.

Avstraliyaning Sidney shahrida namoyishchilar ukrain milliy kiyimini kiyib chiqdi. Rimdagi Kolizey tarixiy amfiteatri Ukraina bayrog’i ranglarida yoqildi. Nyu-Yorkning Taym-Skver xiyobonida sariq-ko’k mato. Rossiyaning Vashingtondagi elchixonasi yonida “qotil” degan so’z yozildi.

Dunyoning turli chekkalarida yashovchi ukrainlar va Ukrainaga xayrixoh odamlar Amerikaning Xyuston, Chikago, Denver, Los-Anjeles shaharlarida ham namoyishga chiqdi.

“Ukrainada bo’layotgan voqealarni tasavvur qilish qiyin. Rossiya yovuzlik tarafida. Rossiya yovuz, Putin yovuz”, - deydi ukrain muhojirlaridan biri.

Kanadaning Toronto shahrida aksiya ishtirokchilari urushga qarshi shiorlar bilan chiqib, ukrain madhiyasini kuyladi.

Parijning Respublika maydonida ham bir necha ming odam namoyish qildi, vatandagi oila a’zolari va do’stlari taqdiridan xavotir bildirishdi.

Istanbulda yashovchi ukrainaliklar Rossiya konsullik binosi yonida namoyish qilmoqda.

Rossiya aholisi ham namoyishlardan chetda qolib ketmadi. Bir necha shaharda urushga qarshi mitinglar kuzatildi. Ayrim xabarlarga ko’ra, politsiya 1800 dan ortiq odamni qo’lga olgan.

Rossiyaning taniqli insonlari ham o’z ijtimoiy sahifalarida urushga qarshi izohlar qoldirdi.

Gollivud aktyori va rejissori Shon Pen Rossiyaning Ukrainaga qarshi urushi haqida hujjatli film olish uchun Kiyevga borgan.

Yevropa futbol uyushmasi qaroriga ko’ra, Chempionlar ligasining may oyida Sankt-Peterburgda o’tishi rejalangan final o’yini Parijga ko’chirildi. UEFA, shuningdek, xalqaro turnirlarda qatnashayotgan rossiyalik va ukrainalik klublar bundan keyin betaraf maydonda to’p surishini bildirdi.

Rossiya sport mutasaddilari tashkilot qaroridan afsusda ekanini aytib, siyosatni sportga aralashtirmaslikka chaqirdi.

Yevropalik qonunchilar UEFAdan Rossiyaning “Gazprom” kompaniyasi bilan homiylik bo’yicha hamkorlikni tugatishni talab qildi.