Rossiyaning Ukrainadagi urushi. 106-kun. Mojaroda ruslarning qo'li baland kelyaptimi?

  • Amerika Ovozi

Russia Ukraine War

Rossiya Mudofaa vazirligi Ukraina armiyasi Donbassda katta talafotlar ko’rayotganini, Kiyev xorijdan jangarilarni yollashga zo’r berayotganini bildirmoqda.

Your browser doesn’t support HTML5

Xalqaro hayot - 9-iyun, 2022-yil


Vazirlik so’zlovchisi Igor Konashenkovning aytishicha, yolg’iz Donetsk viloyatining Svyatogorsk shahrida uch kunlik janglarda 300 dan ziyod ukrainalik harbiy halok bo’lgan, jumladan Niderlandiya, Germaniya, Gruziya, Avstraliya, Fransiya va Britaniya fuqarolari.

Ukraina Mudofaa vaziri Oleksiy Reznikov bu raqamlarni tasdiqladi. Unga ko’ra, frontda kuniga o’rtacha 100 nafar ukrainalik nobud bo’lmoqda.

Rossiya Mudofaa vazirligi o’tgan bir sutkada 300 dan oshiq dushman yo’q qilinganini, Ukrainaga qarashli harbiy samolyot urib tushirilganini, Jitomir oblastida xorijiy jangarilar tayyorgarlik lageri nishonga olinganini ma’lum qildi.

G’arb matbuoti ham Ukraina talafotlari haqida bong urmoqda. Ularga ko’ra, Ukraina armiyasi rus artilleriyasiga dosh bermayapti, kuchlar nisbati ruslar foydasiga, G’arb Ukrainaga uzatayotgan qurollar va harbiy texnika tez ishdan chiqmoqda, uni ta’mirlash uchun mutaxassislar yetishmayapti, natijada buzuq texnikani qo’shni Polshaga ta’mir uchun yuborishga to’g’ri kelyapti.

Matbuotda shuningdek aytilishicha, AQShda qurol zaxiralari 30 foizga kamaygan, qurol ishlab chiqaruvchi kompaniyalar esa koronavirus pandemiyasi paytida zarar ko’rgan ta’minot zanjiri sabab ishlab chiqarishni to’liq maromda amalga oshira olmayapti.

Yana bir xabarga ko’ra, Ukrainaga nisbatan zamonaviy qurol berayotgan mamlakatlar maxfiy harbiy texnologiyaning ruslar qo’liga tushishidan, qurol sirining fosh etilishi dushman tarafga unga qarshi himoya vositalarini aniqlashga imkon berishidan xavotirda.

Donbassda qo’lga kiritilgan hududlar vayronalardan tozalanmoqda. Rossiyaning Moskva, Sankt-Peterburg va boshqa shaharlari mintaqadagi infratuzilmani qayta qurish ishlarida yordam berishini bildirdi. Tiklanish ishlarida rossiyalik ko’ngillilar ishtirok etishi aytilmoqda.

Bu o’rtada Ukraina sharqidagi bo’lginchi Donetsk xalq respublikasida Ukraina qurolli kuchlari safida jang qilib qo’lga tushgan ikki britaniyalik va bir marokashlik ustidan sud yakunlandi. Ular o’lim jazosiga mahkum etildi.