Ukraina Prezidenti Vladimir Zelenskiy Rossiya shu hafta Ukraina sharqida hujumlarini kuchaytirishi haqida ogohlantirdi.
Your browser doesn’t support HTML5
"Bu hafta Rossiya dushmanona harakatlarini jadallashtirishi kutilmoqda. Nafaqat Ukrainaga qarshi, balki Yevropaning boshqa mamlakatlariga ham. Biz tayyormiz”, - dedi Zelenskiy.
Xususan Severodonetskda “Azot” kimyo zavodida jon saqlayotgan ukrainalik askarlar bilan to’qnashuvlar davom etmoqda. Qo’shni Lisichansk qamalga olinmoqda.
Ayrim xabarlarga ko’ra, zavod va uning atrofidagi yerto’lalarda mingga yaqin aholi jon saqlamoqda.
"Akam va uning oilasi hali ham “Azot” zavodida. Ularning chiqishini kutyapman”, - deydi bir ayol.
Rus matbuoti Severodonetsk atrofida bir necha ukrainalik harbiy taslim bo’lgani haqida xabar berdi.
Ukraina Qurolli kuchlari Bosh shtabi vakili Oleksandr Shtupunning aytishicha, ruslarning Lugansk viloyatidagi bir necha hujumlari qaytarilgan, Rossiya armiyasi qisqa muddatli shartnoma bilan zaxiradagi ofitserlarni harbiy xizmatga yollashga kirishgan.
Hafta boshidan beri Rossiya armiyasi Dnepropetrovsk, Xarkov va Odessa viloyatlaridagi o’q-dori omborlari, gaz va neft zavodlari, harbiy inshootlar, xorijiy qurollar joylashuvini raketalar bilan urgan.
Bunga javoban Ukraina armiyasi Donetsk shahrini bir necha kundan beri tinimsiz o’qqa tutmoqda, Qora dengizda Rossiyaga qarashli neft platformalarining nishonga olinishi natijasida 100 dan ortiq ishchidan 7 nafari bedarak ketgan.
Dushanba kuni Zelenskiy Afrika Ittifoqi rahbarlariga virtual murojaat qilib, Rossiya boshlagan urush natijasida bu qit’a oziq-ovqat tanqisligi va ocharchilikka yuz tutishini bildirdi.
Afrika mamlakatlarida bug’doy, o’simlik yog’i, yoqilg’i va o’g’itga narx oshgan. Rossiya qimmatchilikka unga qo’yilgan sanksiyalar sababchi ekanini bildirmoqda.
Dunyoda yetishtiriladigan don mahsulotlarining salkam uchdan biri Rossiya va Ukraina hissasiga to’g’ri keladi.
Zelenskiyning aytishicha, Rossiya o’z harakatlari bilan Afrikani garovga oldi.
Iyun boshida Senegal prezidenti va ayni paytda Afrika Ittifoqida raislik qilayotgan Maki Sall Rossiya rahbari bilan Moskvada uchrashgan. Vladimir Putin Ukraina bug’doyini eksport uchun Afrikaga o’tkazishga sharoit yaratishda yordam va’da qildi.
Bu o’rtada 2021-yilda Tinchlik uchun Nobel mukofotiga sazovor bo’lgan rossiyalik mustaqil jurnalist, “Novaya gazeta” nashri asoschisi va egasi Dmitriy Muratov Nobel medalini AQShdagi kimoshdi savdosida rekord miqdorda - 103,5 million dollarga sotishga muvaffaq bo’ldi.
Rossiyaning Ukrainadagi maxsus amaliyotini qoralagan va mart oyida gazetasi faoliyatini to’xtatgan Muratov auksiondan tushgan pulni YUNISEF tashkilotiga xayriya qilishga va u orqali urush oqibatida yordamga muhtoj ukrainalik bolalarga yordam berishga va’da berdi.
Medalni kim sotib olgani oshkor etilmayapti.
Bungacha Nobel medali uchun kimoshdi savdosida eng ko’p berilgan pul salkam 5 million dollar edi. Unga 1962-yilda sazovor bo’lgan olim Jeyms Vatson sovrinni 2014-yilda sotuvga qo’ygan edi. Medal tarkibida 175 gramm miqdorida 23 karatlik oltin bor.
“Novaya gazeta”ga 1991-yilda asos solingan bo’lib, u hamisha Kreml siyosatini tanqid qilib kelgan.
Rossiya hukumati Litvadan Kaliningrad tomon temir yo’l orqali yuk qatnovini jonlantirishni talab qilishda davom etmoqda. Litvaning Moskvadagi elchixonasi va Yevropa Ittifoqi vakolatxonasi vakillari Rossiya Tashqi ishlar vazirligiga chaqirtirilib, bu qadam 2002-yilda Yevropa Ittifoqi va Rossiya o’rtasida imzolangan shartnomaga zid ekani aytilgan.
Kreml Litva qarorini qamal deb atamoqda va yaqin kunlarda javob choralari qo’llanishini ma’lum qildi.
“Javob choralarimiz Litva aholisiga o’ta salbiy ta’sir qiladi”, - dedi Rossiya Xavfsizlik kengashi kotibi Nikolay Patrushev.
Litva Yevropa Ittifoqi sanksiyalari sabab temir yo’l tranzitini to’sishga majbur bo’lganini ma’lum qildi. Asosan ko’mir, metal, qurilish mollari va ilg’or texnologiya tranziti man qilingan.
Kaliningrad eksklav bo’lib, Rossiyadan unga safar qilish uchun Belarus va Litva hududlarini bosib o’tish lozim.