Ukraina Prezidenti Vladimir Zelenskiy Rossiya qo’shinlarini poytaxt Kiyev tevaragidagi Bucha shahrida aholini qirganlikda ayblamoqda.
Rus askarlari Buchani 30-mart kuni tark etishi ketidan shaharga Ukraina qo’shinlari kirgan. 3-aprel kuni Bucha ko’chalarida yotgan jasadlar tasvirlangan kadrlar dunyoni larzaga soldi. Zelenskiy dushman qo’shini shahardan quvib chiqarilganini aytib, Rossiyani qatliomda aybladi. G’arb mamlakatlari Rossiyani yangi sanksiyalar bilan jazolashga va’da beryapti.
Your browser doesn’t support HTML5
“Biz Ukraina fuqarolarimiz. Mamlakatda 100 dan ortiq millat vakillari yashaydi. Ularning barchasi qirilmoqda. Biz Rossiya Federatsiyasi siyosatiga bo’yin egishni istamaymiz. Shu sabab bizni vayron qilishyapti”, - dedi Zelenskiy.
Bucha merining aytishicha, chekinayotgan rus qo’shinlari fuqarolar qo’lini bog’lab, boshidan otgan. AQSh Davlat kotibi Entoni Blinken Rossiyani urush jinoyatlarida aybladi.
“Bunga jim qarab turolmaymiz. Bunga ko’z yumib bo’lmaydi. Rossiyaning Ukrainaga nisbatan vahshiyligi davom etarkan, har kuni mana shunday manzaraga guvoh bo’lamiz. Bunga chek qo’yish kerak”, - dedi u.
Blinken shu hafta Bryusselda bo’lib, NATO majlisida qatnashadi.
Rossiyalik rasmiylar Buchada tinch aholining qatliom bo’lgani haqidagi da’volarni postanovka va Ukrainaning navbatdagi provokatsiyasi deb atadi. Ularga ko’ra, rus qo’shinlari shahardan 30-martda chiqqan, qatliom haqidagi da’volar esa 3-aprel kuni tarqala boshladi. Bundan tashqari, ba’zi jasadlarning qo’llarida oq rangli lentani ko’rsa bo’ladi, ya’ni ular rus qo’shinlariga xayrixoh odamlar. Rossiya tomoni ular ukrainalik qo’shinlar tomonidan o’ldirilganiga ishora qilyapti.
“31-mart kuni Bucha meri hammasi joyida ekanini aytdi, ammo ikki kun o’tib hamma narsa sahnalashtirildi”, - deydi Rossiya Tashqi ishlar vaziri Sergey Lavrov.
Ijtimoiy tarmoqlarda rus qo’shinlarining shaharni tark etganini ta’kidlagan mer Anatoliy Fedoruk 3-aprelgacha qatliom haqida lom-mim demagan.
Ukraina tashqi ishlar vaziri Xalqaro jinoiy sud tergovchilarini kelib dalillarni to’plashga chaqirdi. Jami 50 ga yaqin odamning qatl etilgani aytilmoqda.
Kiyev markazidan 37 kilometr narida joylashgan Bucha urush boshlanishi bilan rus qo’shinlari nazoratiga o’tgan edi.
Kreml so’zlovchisi Dmitriy Peskov davlat rahbarlarini xulosa qilishga shoshmaslikka, qarshi taraf dalillari va manbalarini ham o’rganishga chaqirdi.
Rossiya ushbu masalaga oydinlik kiritish maqsadida BMT Xavfsizlik Kengashi majlisini chaqirdi.
Yevropa Ittifoqi Rossiyaga yangi sanksiya qo’yish ustida o’ylanarkan, Ukraina rahbari yolg’iz sanksiya yetarli emasligini aytib, hamkor davlatlardan hujumkor qurollar so’ramoqda.