Saudiya Arabistoni "arab bahori" dan ancha yiroq

  • Amerika Ovozi

Saudiya Arabistoni - erkaklar saltanati

Saudiya Arabistoni - absolyut teokratik monarxiya. Din va siyosatni bu jamiyatda bir-biridan ajratish qiyin. Dunyoning eng yopiq mamlakatlaridan biri.

Xotin-qizlar yaqin-yaqingacha Saudiya Arabistonida yolg’iz safarga chiqa olmas, erkak ruxsatisiz ishlay olmas edi.

Bugunga kelib, qirollikda ijtimoiy manzara bir oz erkinlashgan. Ayollar avtomobil haydashdan tortib, ko’chaga erkin chiqa olish huquqini talab qilmoqda.

Erkaklar hukmron Saudiya Arabistonida oldinga siljish bor, lekin “arab bahori” hali bu jamiyatga yetib kelganicha yo’q.

Riyod

Bu yili Saudiya Arabistonida olamshumul yangilik shuki, endi do’konlarda ayol xizmatchilarni ko’rasiz.

Hozircha ularga faqat xotin-qizlar kiyim-kechagi sotiladigan joylarda ruxsat berilgan. Qirollik ayollari qachongacha ichkiyimni erkaklardan xarid qilamiz deya nolib kelar edi. Bu qaror qabul qilingunicha ham yillar o’tdi.

“Xotin-qizlar endi bemalol bozor qiladigan bo’ldi. Ayol ayolni tushunadi axir”, - deydi Riyodda savdo qilayotgan juvonlardan biri.

Bu o’zgarish boshdan oyoq o’ranib yuradigan ayollarga umid bag’ishlagan. Gap shundaki, ko’pchilik xotin-qizlar ishlamaydi. Bunday huquqqa ega emas ular. Erkak xo’jayini - eri, otasi yoki akasi “roziman” degan xat bersagina, ular biror joyda mehnat qila oladi. Bunday ruxsat nafaqat ish uchun, balki shifokor ko’rigidan o’tish uchun ham talab qilinadi.

Ayollar Saudiya Arabistonida yolg'iz yura olmaydi

Arab olimasi Madaviy al-Rashid tuzum tabiatini shunday tushuntiradi:

“Saudiya Arabistoni diniy natsionalizmga asoslangan, ya’ni qirollik o’zini bu dunyoda islom nomidan gapiruvchi va ish tutuvchi tuzum deb biladi. Mana shu yondashuv ularning ayollarga nisbatan munosabatini belgilaydi”.

Al-Rashidning qayd etishicha, bu tuzum nazarida qiz bola, birinchi navbatda, bo’lajak ona. Ayol erga tegib, bola tug’ib, nasl davom etishi uchun xizmat qiladi. Ona kelajak avlodni yetkazib beradi, parvarishlaydi. Uning asosiy o’rni shu bois oilada degan tushuncha bu jamiyatda ayniqsa chuqur ildiz otgan.

Saudiya Arabistoni ayollari ijtimoiy talablarga bosh egib o’rgangan, lekin ularni zamonaviy qulaylik va imkoniyatlardan, jumladan mashina haydashdan saqlash qiyin.

Ayollar mashina hayday boshlagan. Politsiya ko'p hollarda indamaydi.

Riyod ko’chalarida ayol kishi avtomobilni boshqarayotganini ko’rgan politsiya bugun ko’p hollarda uni to’xtatmaydi. Qoidalar buzilayotgan bo’lsa-da, jamiyat bunga o’rganmoqda.

Lekin professor Madaviy al-Rashid fikricha, bu manzarani inqilob deyish qiyin. Tuzum atigi indamayapti, chunki bu uning nufuzi uchun xizmat qilmoqda.

“Ayol haydovchilarni qirollik mana jamiyatimiz rivojlangan, erkinlik bor degan ma’noda qo’llayapti. Aslida xotin-qizlar erkinligi bu jamiyatda bag’oyat qaltis masala”, - deydi u.

O'qimishli, kasb-hunarli ayollar ko'p, lekin ishlash huquqi hamon cheklangan

O’tgan yili qirol Abdulla xotin-qizlar mahalliy saylovlarda ovoz berishi mumkin deya farmon chiqardi. Bu bilan, deydi al-Rashid, Saudiya Arabistoni o’zini tashqi dunyoga erkinlashayotgan davlat sifatida ko’rsatmoqchi.

“Aslida Saudiya Arabistonida jinsiy tenglik tomon deyarli qadam qo’yilayotgani yo’q”, - deya xulosa qiladi olima.

Bugun bu davlat qizlari uchun oliy o’quv yurtlari ochilgan. Professional ayollar ko’p. Ular mamlakat taraqqiyotiga hissa qo’shmoqda. Lekin ularning faoliyati cheklangan. Tuzum ularning taqdiri va izni erkaklar qo’lida deydi.