Suriyada bugun ham namoyishchilar o’qqa tutilib, 13 kishi halok bo’lgan.
Prezident Bashar al-Assad iste’fosini talab qilayotgan omma “xo’rlikdan o’lim afzal”, degan yangi chaqiriqlar bilan chiqmoqda.
Suriyaning Hama viloyati bosh prokurori Adnan Bakurning uyi atrofida odamlar jam. U namoyishchilar o’qqa tutilganini qoralab, o’z xohishi bilan ishdan ketgan edi. Hukumatning bildirishicha, prokurorni garovga olib, shunday qilishga majburlashgan.
Juma kunlari, namozdan keyingi norozilik chiqishlari Suriyada odat tusiga kirgan. Bugun barcha masjidlar qattiq nazorat ostida.
Bu orada, xalqaro hamjamiyat Assad ma’muriyatiga qarshi bosimni oshirayapti. Yevropa Ittifoqi Suriyadan neft importini taqiqladi. Fransiya muxolif guruhlar bilan yaqinroq aloqa o’rnatish harakatida.
AQSh va Britaniya esa yanada kuchliroq sanksiyalar taklifi bilan chiqdi.
AQSh Davlat kotibasi Xillari Klintonning ta’kidlashicha, tanqiddan konkret choralar ko’rishga o’tish davri keldi.
“Yangi sanksiyalar Suriyaning neft va gaz sektorini nishonga olishi, hukumatni moliyaviy manbalardan ayirishga qaratilishi zarur”, - deydi Klinton.
“Bashar al-Assad zo’ravonlikni darhol bas qilsin” degan talab qo’yilmoqda.
Yevropa rasmiylarining aytishicha, Suriyaga qarshi jazo choralari shu hafta Polshada o’tishi rejalangan majlisda muhokama etiladi. Ittifoqqa a’zo 27 davlat Suriya neftidan voz kechishi ko’zlangan.