Birlashgan Millatlar Tashkiloti Bosh kotibi Pan Gi Mun deydiki, Suriya hukumati qo’zg’olonchilarga qarshi harbiy amaliyotlar kechayotgan shaharlarga insonparvarlik tashkilotlarini kiritishi shart.
“Suriyadan kelayotgan video tasvirlar qatliomdan darak beradi. Bunga toqat qilmaymiz. Inson sifatida bunga bardosh qilish mumkin emas. Manzarani ko’rib, dahshatga tushasiz. Men, shaxsan, chuqur qayg’udaman. Suriya hukumati, hech qanday shartsiz, darvozani keng ochib, chet eldan yordam kelishi uchun sharoit yaratishi shart. BMT gumanitar yordami boshlig’i nega Suriyaga kiritilmayapti? BMT Suriyaga kirishi shart”, - deydi Pan Gi Mun.
Human Rights Watch inson huquqlari tashkiloti hisobicha, o'tgan bir oy ichida Himsda 700 kishi halok bo'lgan.
Shahardan olingan videolarda ko’chalarda jasadlar yotgani, qonli manzara tasvirlanadi. Aholi yerto’lalarda jon saqlamoqda, lekin hozir u yerlar ham xavfli, deydi bu videolarni olib dunyo ahliga uzatayotgan suriyaliklar.
Himsda suv ta’minoti ishdan chiqqan. Oziq-ovqat va dori-darmon yetishmayapti, elektr toki ta’minoti ham uzilib qolgan.
Suriyada Bashar al-Assad va uning hukumatiga qarshi qozg’olon boshlanganiga bir yil bo’layapti. Unga qarshi ko’rilgan harbiy choralar natijasida shu kungacha 8000 dan oshiq fuqaro halok bo’lgan.