AQSh Afg'onistondagi harbiy harakatlarini muddatidan erta tugatishi mumkin

  • Amerika Ovozi

AQSh Afg'onistondagi harbiy harakatlarini muddatidan erta tugatishi mumkin

Qo'shma Shtatlar qo'shinlarini Afg'onistondan, oldin kelishilganidek 2014-yilda emas, Fransiya kabi bir yil oldin, 2013-yilda chiqarishi mumkin.

AQSh Mudofaa vaziri Leon Panettaning kecha bildirishicha, Qo'shma Shtatlar kelasi yil o'rtalariga borib Afg'onistonda jangovar operatsiyalarni tugatishga umid qilmoqda. "Shundan so'ng afg'on xavfsizlik kuchlariga faqat harbiy tayyorgarlik va maslahat bilan yordam berishga o'tamiz", dedi Panetta.

NATO Bosh kotibi Anders Fog Rasmussenning Bryusselda o'tgan mudofaa vazirlari majlisida aytishicha, AQSh rejasining o'zgarganiga qaramay alyans asl sanadan qaytmaydi.

AQShda ba'zi sobiq rasmiylar qo'shinlarni Afg'onistonda erta chiqarish qarorini tanqid qilmoqda. Ularning aytishicha, Afg'oniston armiyasi va politsiyasi xavfsizlikni ta'minlashga qodir emas. Ba'zilar qo'shni Pokistonni Tolibonga yordam berayotganlikda ayblab, xalqaro qo'shinlar tark etishi bilan toliblar Afg'onistonda hokimiyatni yana o'z qo'liga oladi, deya tashvishlanmoqda.

Kecha Kobulda prezident Hamid Karzay bilan uchrashgan Pokiston Tashqi ishlar vazirasi Hina Rabboniy Xar bu kabi qarashlarni inkor etdi. Uning aytishicha, agar afg'on hukumati iltimos qilsa, rasmiy Islomobod Tolibonni Karzay ma'muriyati bilan murosa qilishga undab ko'radi.

"Afg'onlar nima desa, shu" dedi vazira muxbirlar bilan uchrashuv chog'ida. Afg'onistonda yashirin manfaatlarimiz yo'q, urushga chek qo'yish tarafdorimiz, biroq bu ishga afg'onlarning o'zi bosh-qosh bo'lishi lozim, deydi Pokiston tashqi ishlar vazirasi.