AQShda prezidentlik saylovlari 2012-yil noyabrida bo’lib o’tadi. Ungacha respublikachilar hozirgi rahbar Barak Obama bilan kim bellashishini aniqlab olishi kerak. Saylov yaqinlashar ekan, nomzodlar haqida turli ma’lumotlar ham oshkor etilmoqda.
Nomzodlar jilmayadi, hazillashadi, bir-birining yelkasiga qoqadi, ishonch bilan gapirishga harakat qiladi. Lekin 3-yanvar kuni Ayovada bo’lib o’tadigan debat ularning asabini buzsa, ajab emas. Axir, bu to’qqiz nozmod uchun jiddiy sinov.
Tahlilchi Metyu Daud fikricha, to’qqiz nafardan aslida uch nomzod e’tiborga sazovor:
”Fikrimcha, hozirda raqobat uch nomzod – Ron Pol, Mitt Romni va Nyut Gingrich o’rtasida ketyapti. Ularning har biri o’tmishda prezident bo’laman degan odam uchun nomaqbul ishlarni qilgan. Respublikachilar shundan tashvishda”.
Gingrich o’z shtati – Virjiniyada nomzodlar ro’yxatiga kirolmadi, chunki yetarli ovozlarni to’play olmagan. “Virjiniya esa katta ahamiyatga ega shtat”, - deydi siyosatshunos Jeyms Karvill.
Yana bir nomzod Ron Polning ham “aybi” bor: 1980- va 1990-yillarda gazeta chiqarganida uning qora tanlilar, yahudiylar va jinsiy ozchiliklarga qarshi materiallar chop etgani ma’lum bo’ldi.
Bu “qilmishlari” uchun nomzodni raqiblari nishonga oldi:
”Bu nihoyatda xunuk ish-ku axir!. U nima, bu haqida bilmagan ekanmi? Bilmagan bo’lsa, prezident bo’lishga tayyormikan!” – deya tanqid qildi Ron Polni Gingrich.
Ron Pol bu ma’lumotlarni inkor etdi. Lekin internet orqali tarqatilgan video lavhalar ayblovlar asosli ekanidan dalolat bermoqda.
Eng kuchli respublikachi nomzodlardan yana biri – Massachusetts shtati sobiq gubernatori Mitt Romni. U televizion reklamada o’zining iqtisodiy sohadagi tajribasiga urg’u bermoqda:
“Byudjetni samarali boshqarishdagi tajriba Vashingtonda juda kerak va men bunday tajribaga egaman”.
3-yanvar kuni Ayova ahli uch nomzoddan birini tanlaydi.