Musulmon AQSh prezidenti bo'la oladimi?

  • Amerika Ovozi

Respublikachi da'vogar Ben Karson va milliarder Donald Tramp debat chog'ida. 16-sentabr 2015-yil.

Oliy lavozimiga da’vo qilayotgan respublikachi Ben Karson musulmon odam AQShda prezident bo’lmasligi kerak, bu Amerika qadriyatlariga zid, deb aytdi.

“Millatni boshqarish uchun musulmon tanlaylik deb aytmayman. Men bunga hech qachon rozi bo’lmayman”, - dedi nasroniy Karson.

Prezident e’tiqodi saylovchilar uchun muhim, deydi u, islom AQSh Konstitutsiyasiga ziddir. Lekin bosh qomus din tanlamaydi, ya'ni istalgan e'tiqoddagi odam Oq uyga harakat qilishi va saylanishi mumkin.

Kampaniyadagi gaplar

Karson bunday bayonot berishidan sal avval prezidentlikka yana bir da’vogar Donald Tramp Nyu-Gempshirda saylovchilar bilan uchrashuv chog’ida bir kishi Barak Obamani musulmon, deb, musulmonlar mamlakatimiz uchun muammo, deganiga qarshi chiqmadi.

Tramp va uning raqibi, Ogayo gubernatori Jon Keysik intervyu mobaynida Oq uyni musulmon egallashi muammomi, degan savolga javob berishga majbur bo’ldi.

“Javobim shundan iboratki, har bir da’vogar ming xil chigirikdan o’tishga majbur. Ammo men uchun prezident bo’lishda eng muhimi a’lo yetakchi bo’lish, o’z ishini yaxshi bilish va mamlakatdagi muammolarni hal qilib, millatimizni qayta oyoqqa turg’iza olish. Men uchun aynan shular muhim,” – deb javob berdi Keysik.

Tramp esa "musulmon odam prezident etib saylana oladimi?", degan savolga "ayrimlar hozirgi prezidentni musulmon deb hisoblaydi", deb javob qaytardi.

Karson esa Obamani nasroniy ekaniga shubha qilmasligini aytdi.

Yakshanba kuni bir necha intervyuda Tramp Amerikada yashaydigan musulmonlar hamda ekstremist musulmonlar orasida farq borligiga urg’u berishga urindi.

"Mening musulmon do’stlarim bor. Hammasi zo’r odamlar, - dedi u. – Ekstremist musulmonlar esa alohida toifaga kiradi. Ular mamlakatimiz uchun ham, butun dunyo uchun ham muammo. Radikal musulmonlar – muammo”, - dedi Tramp.

Tramp Obama AQSh hududida tug’ilmagan va nasroniy emas deb o'tmishda ko'p ta’kidlagan. Obama aslida nasroniy, AQShga qarashli Gavayi orolida tug'ilgan.

"Vashington Post" gazetasi Karson va Tramp prezidentlikka noloyiq deya katta maqola chop etdi. Konstitutsiyadagi asosiy kafolatlarni pisand qilmaydigan va haqiqatga ko'z yumishga tayyor odamlar davlat rahbari bo'lmasligi kerak, deyiladi unda.

So’rovlar

Yakshanba kungi so’rovlarga kor’a, Karson reytingi pasaygan va da’vogar ikkinchi o’rinni boy bergan. Hozirda so’ralganlarning 14 foiz Karson demoqda.

Birinchi o’rinda hamon Tramp – 24 foiz. Bu o’tgan so’rovdan (32 foiz) past. Ammo “Hewlett-Packard” kompaniyasining sobiq rahbari Karli Fiorina ikkinchi o’ringa ko’tarilgan (15 foiz).