AQSh Mudofaa vaziri Leon Panetta fikricha, mustaqil va suveren Iroq haqidagi orzular bugun haqiqatga aylandi.
Vazir bugun Bag’dodda Amerika askarlari mamlakatdan chiqishi munosabati bilan tashkil etilgan marosimda so’zladi.
“Ham Iroq, ham AQSh xalqi uchun bu tarixiy kun bu”, - deydi u.
Xorij qo’shini uchun oxirgi sana 31-dekabr. Bugun Iroqda amerikalik 4000 askar bor. Urush o’rtalarida bu raqam 170 000 edi.
“Bu zobitlar Iroq xalqiga yordami tekkanini bilgan holda vatanga qaytmoqda. Zulm, diktaturadan xoli, farovon va osuda davlat poydevori qurildi”, - deydi Leon Panetta.
Mudofaa vaziri AQSh va Iroq xalqi tortgan azob, to’kilgan qonni afsus bilan tilga oldi.
“Biroq bu talofatlar zoye ketmadi. Mustaqil, ozod va suveren Iroq uchun yo’l ochildi, qon bilan yo’g’rilgan yillar yangi hayotga yetakladi. Qo’shma Shtatlar bu xalqni olqishlab, endi aloqalar manfaat va o’zaro hurmat asosida davom etishini istaydi”, - deydi Leon Panetta.
2003-yilda boshlangan urush shu paytgacha amerikalik 4500 askar, o’n minglab iroqlikni hayotdan olib ketdi.
Panetta izohicha, Iroq endi o’zi uchun mas’ul, lekin Qo’shma Shtatlar muhim hamkor bo’lib qoladi, jumladan, Iroqda yirik diplomatik missiya ishini davom ettirad.
“Iroq xavfsiz va taraqqiy etgan davlat barpo etishi mumkin. Amerika esa ishonchli hamkor. Urushda qurbon bo’lgan farzandlar haqqi oyoqqa turishimiz shart”, - dedi Leon Panetta.
Amerika shu yil avgustda Iroqdagi missiyani rasman tugatib, shundan beri mahalliy armiya va politsiyaga maslahat, treyning bilan yordam berib kelayotgan bo’lgan.
Prezident Jorj Bush Iroqda ommaviy qirg’in quroli bor, deya 2003-yilda mamlakatga qo’shin tortgan edi. Biroq atom quroli shu-shu topilmagan.
Amaldagi rahbar Barak Obama askar yigit-qizlar va ularning oilalari bilan uchrashdi.
“Iroqda amerikalik 1,5 million zobit kurashdi. 30 mingdan ziyodi yaralandi. 4 yarim ming harbiydan ayrildik”.
U Shimoliy Karolina shtatidagi Fort-Bragg bazasida so’zladi. Bu bazadan chiqqan maxsus kuchlar 2003-yilda Iroqqa birinchilardan bo’lib kirgan edi.
Obama ma’muriyati 3000 askarini Iroqda qoldirishni rejalagan edi. Ammo rasmiy Bag’dod xorij qo’shini mahalliy qonunlarga bo’ysunishi kerak deya talab qilgach, masala yopdi-yopdi bo’lib ketdi.
Natijada NATO ham dekabr oxirigacha Iroqdagi bazalarini butunlay yopib chiqmoqda.