2008-yilda AQSh tashqi siyosatida "Af-Pak" (Afg'on-Pokiston) degan termin paydo bo'lganida Pokiston ahli norozilik bildirgan. Bu siyosat boshida turgan Richard Xolbruk AQShning Afg'oniston va Pokiston bilan aloqalariga mas'ul edi. Uzoqqa cho'zilmadi. Xolbruk yurak xurujidan vafot etdi. U yaratgan idora esa yaqinda yopildi, qariyb 10 yillik faoliyatdan keyin.
Vashingtonning maqsadi Afg'onistondagi chigal vaziyatni Pokiston bilan kelishgan holda hal etish edi. AQSh bunga erisholmadi. Siyosatdonlar deydiki, milliardlab dollar behuda ketdi.
Islomobod va Vashington orasida bugun ishonch deyarli nol, deydi Moyid Yusuf, AQSh Tinchlik instituti tahlilchisi.
"Ular bir-biriga kerak. Orada manfaatlar talay. Lekin har ikki davlatda hozir juda qaysar odamlar hokimiyatda", - deydi Yusuf.
Amerika Pokistonni Tolibon ortidagi kuch deb biladi. Hamisha shunday taxmin bo'lgan va uni quvvatlashni to'xtatishni ko'p narsa talab qilgan. To'xtatiladi, degan va'dalar ham berilgan. Albatta, pinhona tarzda.
Biroq so'nggi ikki yilda jangarilar qilgan qonli xurujlar ortida yana Pokiston quvvatlovi turgani aniqlangach, deydi ekspertlar, Vashingtonda g'azab darajasi oshdi.
Pokiston esa buni aslo tan olmaydi. Islomobodga ko'ra, uning hududida toliblar kamaygan. Jangarilarning aksariyati hozir Afg'onistonda. Kobulga ko'ra esa Tolibon hamon Pokistondan yordam olmoqda.
Afg'onlar nazarda Pokiston azaldan uning tinchligini ko'ra olmagan. Qo'shnilari beqarorligidan foydalanib, G'arbdan moliya undirib kelgan, o'zini ta'minlagan.
Pokiston Mudofaa vaziri Xurram Dastgir Xon:
“Aslida Tolibon hozir ziaflashgan. Biror yerda muqim joyi yo'q. Doimiy quvg'inda. Mamlakatimizda ularga joy yo'q".
Uning qayd etishicha, Amerika Pokiston dardini tushunmaydi, ya'ni u ham tinchlikda yashashni istashini, uning qo'shnilari tinch bo'lishidan bu xalq manfaatdor ekanini.
Tomas Linch, AQSh Mudofaa universiteti olimi:
"Pokiston AQSh tanqididan to'ygan. O'zini oqlashga urinib charchagan. Manfaatlarini tushuntirishdan toliqqan. Vashington ham uni ayblayverib, nima qilishini bilmay qoldi".
Prezident Donald Tramp nazarida Pokiston Tolibonni o'z yo'lida sola olish qudratiga ega. Islomobodga bosimni oshirib, uni jangarilarni murosa qilishga ko'ndirishga majbur qilmoqchi.
Richard Olsen, AQShning Pokistondagi sobiq elchisi, bunga ishonmaydi. Afg'oniston va Pokiston bilan aloqalarni yuritgan bu arbob fikricha, Vashington bosim bilan hech narsaga erisha olmaydi.
Islomobod biror qo'shnisiga suyana olmaydigan, ulardan doimiy shubhalanib yashaydigan davlat, deydi Olsen.
Bu qarashga boshqa ekspertlar ham qo'shiladi.
Stiven Xadli, bir paytlar Oq uyda davlat xavfsizligi bo'yicha maslahatchi bo'lgan arbob, Hindistonda gap ko'p, deydi.
Dehli Kobul bilan qanchalik apoq-chapoq bo'lsa, Islomobod shunchalik xavotirda. Pokiston Hindiston nufuzi oshishini istamaydi. Hindiston Afg'oniston bilan hamkorlikni oshirishi uchun esa tinchlik-barqarorlik kerak.
Xitoy Pokiston bilan ishlamoqchi. Uning G'arb tomon yangi savdo yo'llari ochishida bu davlatning o'rni katta. Shunday ekan, mintaqada yangi siyosiy o'yinlar avj olishi tayin, deydi ayrim siyosatdonlar.
Afg'oniston notinch ekan, Pokiston Amerika diqqatini ushlab turadi, harbiy hamkorlik uchun mablag' kelishini ta'minlaydi, shuningdek, qudratli qo'shnisi Hindistonning Afg'oniston va bu mintaqada roli oshishiga yo'l qo'ymaydi.
Shu kunlarda Islomobod Dehlini Afg'onistonda yangi razvedka ishlari boshlaganlikda ayblab chiqqan. Pokiston pozitsiyasi shuki, Hindiston unga yaqin hududlarda yashirin operatsiyalar olib bormoqda. Qanday operatsiyalar? Javob yo'q.
AQSh va NATOning Afg'onistondagi kuchlariga zarur yukning aksariyati Pokiston orqali kirib keladi. Ayrim yo'llar hozir yopilgan. Lekin Pokiston hammasini yopa olmaydi, chunki daromaddan ayriladi. AQSh sanksiyalaridan qo'rqadi.
Pokistonning eng yirik mintaqaviy hamkori Xitoy hozir tomonlarni kelishib olishga undamoqda. Pekin diplomatlari Vashington va Islomobod til topishmasa, hamma zarar ko'radi, deb qayd etmoqda.