Jahon moliya markazi hisoblanmish Nyu-Yorkda qimmatbaho qog'ozlar bozori joylashgan ko'cha Uoll Strit (Wall Street) da mana deyarli uch haftadirki, namoyishlar tinmaydi.
Ommaviy norozilik kayfiyati iqtisodiy tanazzul oqibatlari bilan yuzlashayotgan Amerika bo'ylab tarqalmoqda.
Tashkilotchilar federal hukumatni yirik korporatsiyalar ta'siriga tushib, iqtisodiy muammolarni hal qila olmayotganlikda ayblaydi.
Uoll Stritda tunayotgan namoyishchilar badavlat amerikaliklardan ko'proq soliq undirishni talab qilmoqda.
Nyu-Yorkda boshlangan namoyishlar Boston, Sent-Luis, Kanzas, Los-Anjeles shaharlarida ham ko'chgan.
Dushanba kuni 700 ga yaqin ishtirokchi tartibni buzganlikda ayblanib hibsga olingan edi.
Namoyishchilar politsiyani fuqarolarga qarshi kuch ishlatganlikda qoralamoqda.
Kuzatuvchilar nazarida bu chiqishlarning tashkilotchilari birlashib, yoshlarni o'z safiga olib, yanada yirik namoyishlar uyushtirish harakatida.
Prezident Barak Obama boy amerikaliklardan ko'proq soliq olish kerak deydi va bu borada Kongressga o'z takliflarini yuborgan.
Vakillar Palatasida hukmron respublikachilar, muxolif partiya vakillari, fikricha hozir soliqni oshiradigan payt emas.
Mamlakatda ishsizlik 9,1 foizni tashkil etmoqda. Demokratlar unga qarshi kurashning eng ma'qul yo'li yangi dasturlar boshlash desa, respublikachilar mehnat o'rinlarini bizneslar yaratadi, ularni rag'batlantirish kerak deb turib olgan.