AQSh Shimoliy Koreyaning raketa sinovlarini qoralamoqda

  • Amerika Ovozi

AQShning BMTdagi elchisi Linda Tomas-Grinfild Xavfsizlik kengashini Pxenyanni jazolashga chaqirmoqda

19-noyabr kuni yana ballistik raketasini sinagan Shimoliy Koreya jazolanishi lozim, deydi AQShning BMTdagi elchisi Linda Tomas-Grinfild Xavfsizlik kengashiga murojaat qilar ekan.

"Pxenyan haddidan oshib ketdi", - deydi diplomat.

“Shimoliy Koreya o'ta xavfli yo'lda va dunyo tinchligiga raxna solmoqda”.

15 a'zolik kengash nima chora ko'radi, noma'lum. Rasman qoralash uchun barcha a'zolardan rozilik kerak.

Pxenyan bu yili ballistik raketalarini sakkiz marta uchirgan va 63 marta sinagan. O'tgan yili 25 marta test qilgan edi.

Tomas-Grinfild deydiki, Shimoliy Koreya xalqaro tartibni tinimsiz buzmoqda.

Buni ham ko'ring ASEAN yig’inida Myanma inqirozi, Shimoliy Koreya tahdidi muhokama qilindi

So'nggi sinovda ballistik raketa taxminan 1000 kilometr masofaga yetib, Yaponiyaning shimoliy qismini larzaga keltirgan.

Yaponiya xavotir va qarshilik bildirib, bu vositalar 15 ming kilometrgacha yetishi mumkin, deya ogohlantirmoqda.

“Butun Osiyo, Yevropa, Shimoliy Amerika, Afrika va hatto Janubiy Osiyo tahlika ostida", -deydi Tokioning BMTdagi elchisi Ishikane Kimihiro, Xavfsizlik kengashida so'zlar ekan.

"Pxenyan harakatlariga aslo toqat qilmasligimiz kerak".

BMT Bosh kotibi Antoniu Guterrish ham Shimoliy Koreya testlarini qoralab keladi.

Biroq bu davlatning Tashqi ishlar vaziri Chu Son Hyuga ko'ra, Pxenyan o'z huquqlaridan foydalanmoqda. Uning fikricha, BMT - AQShning o'qyinchog'i.

Shimoliy Koreya AQSh va Janubiy Koreyaning harbiy mashqlarini la'natlab, testlar ularga javob ekanini bildirgan.

Shimoliy Koreya interkontinental ballistik raketa testi, 19-noyabr, 2022

Janubiy Koreya nazarida, Pxenyan - "aqlsiz go'dak".

"Shimoliy Koreya BMT Xavfsizlik kengashining passivligidan foydalanmoqda va atom arsenalini kuchaytirish bilan band", - deydi Seul elchisi Junkuk Hvong.

Xitoy va Rossiya, kengashning doimiy a'zolari, Pxenyanni jazolashga qarshi.

Pekin elchisi Jang Jun deydiki, keskin choralar tinchlikka yetaklamaydi.

“Xavfsizlik kengashi konstruktiv rol o'ynashi kerak, toki ziddiyat yumshasin, diplomatik yechim topilsin. Bosim va qoralov hech kimga naf keltirmaydi", - deydi u.

Rossiya ham shunday yondashuvni targ'ib qilmoqda, ammo G'arb diplomatlari Pekin va Moskvani safsatabozlik qilib, Pxenyanni quvvatlayotganlikda ayblaydi.