AQSh Senatining Davlat xarajatlari bo’yicha qo’mitasi O’zbekistonga yordam berish xususida muhim bir qarorni ma’qulladi. Masala yaqin kunlarda butun palatada ovozga qo’yiladi. Loyiha Kongress tasdig’idian o’tishi kerak.
Gap bu yerda O’zbekistonga harbiy ko’mak berish haqida ketmoqda. Obama ma’muriyati Afg’oniston bo’yicha hamkor bu davlat iltimosini qondirmoqchi. Aynan qanday iltimos degan savolga Amerika rasmiylari qisqa qilib, chegara xavfsizligi va zobitlar malakasini oshirish bobida ko'mak deya javob beradi.
Qo’shma Shtatlar qonunchilik organi uzoq yillardan beri O’zbekiston bilan aloqalarni, ayniqsa harbiy hamkorlikni cheklab keladi. Buning asosiy sababi - O’zbekistonda inson huquqlari bilan bog’liq ahvol og’ir ekani va Amerika bergan yordam repressiv tuzum tomonidan fuqarolarga qarshi ishlatilishi mumkinligida.
Lekin bugungi kelib, Amerika Afg’onistondagi qo’shinlarga zarur ashyolar yetkazishda Markaziy Osiyo, xususan O’zbekiston hududidan keng foydalanmoqda. Respublika Shimoliy Ta’minot Tizimining muhim qismiga aylangan.
Mana shu hamkorlik evaziga Obama ma’muriyati Senatdan mavjud cheklovlarga istisno sifatida Karimov rahbariyati bilan hamkorlikni oshirish uchun ruxsat so’ragan.
Senatning Davlat xarajatlari bo’yicha qo’mitasi, yuqorida ta’kidlaganimizdek, bu iltimosni qondirishga qaror qilgan. Janubiy Karolina shtatidan saylangan senator Lindzi Grexem bu taklifni olg'a surmoqda. U yaqinda Toshkentga safar qilgan edi.
Aytish joiz, prezident Barak Obama O'zbekiston rahbari Islom Karimov bilan hali biror marta ko'rishmagan. AQSh Davlat kotibasi Xillari Klinton 2010-yilning dekabrida Toshkentga safar qilib, Karimov bilan muloqotda bo'lganida huquq va erkinlik masalasini ko'targan.
Inson huquqlari tashkilotlari O’zbekistonda vaziyat yaxshilanmay turib nima uchun hamkorlik oshirilmoqda va yordam taklif qilinayapti, deya Obama ma’muriyati va Senatni tanqid ostiga olmoqda. Norozilik shu qadar kuchliki, faollar Amerika axborot vositalariga chiqib, ommani ogohlikka undamoqda.
Nafaqat Amerikada asoslangan tashkilotlar, balki Yevropadan turib ahvolni kuzatayotgan huquq himoyachilari ham xavotirda.
"Amerika o’zining pragmatik siyosatini davomli tarzda isbotlab kelmoqda",- deydi Umid Niyozova, huquq himoyachisi, O’zbekiston-Germaniya Forumi rahbari.
"Afg’onistonga yuk yetkazish O’zbekistondagi inson huquqlari bilan bog’liq vaziyatdan ustun turadi. Ramziy sanksiyalar yoki bunday sanksiyalarning bekor qilinishi O’zbekistondagi inson huquqlari bilan bog’liq vaziyatga biror ta’sir ko’rsatadi deb o’ylamayman. Amerika yordam ko’rsatadimi-yo’qmi, O’zbekiston tanqidlarni eshitishga va ularga mutlaqo e’tibor bermaslikka o’rganib qoldi", - deydi u.
Hozirgacha O’zbekistonga qo’yilgan cheklovlar biror natija bermadi, deydi u.
2005 yilda Andijonda yuz bergan qonli voqealar ketidan Yevropa Ittifoqi Karimov ma’muriyatiga nisbatan sanksiyalar joriy etgan edi.
Biroq blok keyinchalik ularni bekor qildi. O’zbekiston bilan hamkorlik va muloqot orqali inson huquqlari va demokratiyani targ’ib qilamiz degan qarorga kelindi. Bu tashabbus boshida Germaniya turdi.
"Germaniya inson huquqlari bilan bog’liq vaziyatni sanksiyalar yoki tanqid bilan emas, muzokaralar orqali yaxshilash kerak deb keladi. Lekin hozirgacha buning samarasini ko’rmadik", - deydi Umida Niyozova.