Vashington va Islomobod o’rtasidagi munosabatlar hozirda tarang. Shunga qaramay AQSh Pokistonga yordam ajratishda davom etmoqda. Buning natijasida esa o’z mahsulotini sotib, xususiy biznes boshlash imkoniga ega bo’lgan minglab ayollar daromad ola boshladi. USAID, AQSh Xalqaro Taraqqiyot Agentligi, bu loyihalarni yuritadi.
Jamila yetti farzandi va turmush o’rtog’i bilan Karachining kambag’al dahasida yashaydi. Kashta tikishda Jamilaga teng keladigani yo’q. U oz bo’lsa-da pul topishga, ro’zg’or tebratishga harakat qilmoqda. AQSh yordami bilan o’z biznesiga asos soldi, kashtachi xotin-qizlarni ishga yollab, savdo qila boshladi.
“Hayotim tubdan o’zgardi. Ayol ham pul topib, farzandlari va o’zini deb sermahsul hayot kechira olishini isbotladim men”.
“Treningda biznesni muvaffaqiyatli boshqarish sirlarini o’rgatishdi. Marketingni o’rgandik, malakamizni oshirdik. Biznes o’sishi uchun mijozlardan buyurtma olib, vaqtida bajarish ahamiyatini tushundik”,- deydi u.
Jamilaga o’xshagan tadbirkorlarga yordam berish - qashshoqlikka qarshi kurashning muhim qismi, deydi USAID rahbari Rajiv Shoh.
“Taraqqiyot masalalariga ayollar jalb etilsa, samara beradi. Jamiyat taraqqiy etadi. Bolalar bilim oladi, uyda to’yib ovqatlanadi”,- deydi Shoh.
Bunday yondashuv AQSh qonunchilariga ma’qul. Demokrat senator Ben Kardin USAID faoliyatini nazorat qiladigan qo’mita a’zosi.
“Xotin-qizlarga yordamni oshirish qashshoqlik va adolatsizlikka qarshi kurashning asosiy jihatlaridan”,- deydi u.
Respublikachi senator Richard Lugar:
“AQSh qarzi 15 trillion dollardan oshgan. Bunday vaziyatda hukumat uchun moliyaviy majburiyatlarni bajarish oson emas, butun iqtisod tahdid ostida. Bunday sharoitda global taraqqiyot uchun ajratilayotgan mablag’ kamayishi muqarrar. Yaxshilab ko’rib chiqish kerak”.
Pokistonda Jamila kabi onalar ko’makdan rozi. Uning biznesi boshqalarni ish bilan ta’minlamoqda.
"Oyiga 2000 rupiya, ya’ni 22 dollar topayapman. Ilgari 450 rupiya, ya’ni 5 dollar topardim. Qo’limda 40 ayol ishlaydi. Mening hayotim o’zgarganini ko’rib, boshqalar ham qo’shiladi, degan umiddaman".