O’zbekiston hukumatini qishloq xo’jaligi, xususan paxta sohasida tub islohotlar boshlashga undab kelayotgan va “Cotton Campaign” – “Paxta kampaniyasi” nomi bilan tanilgan xalqaro guruh AQSh poytaxtida yig’ilib, maslahatlashib oldi. Koalitsiya o’nlab tashkilotlar va bizneslardan ibodat. Ekspertlar, huquq faollari, xususiy va nohukumat sektor vakillarini o'z ichiga olgan ittifoq. Maqsad - masalaga nafaqat O’zbekiston balki G’arb siyosiy doiralari hamda yirik xalqaro organlarning e’tiborini qaratish. Aprel boshida guruh AQSh Davlat kotibi Jon Kerriga xat yozib, uni Karimov ma'muriyatiga nisbatan bosimni oshirishga undagan. Paxta, shubhasiz, O’zbekistonning asosiy boyligi va mahsuloti. Bu sanoatni isloh qilish jamiyatda ulkan o’zgarishlarga yetaklashi muqarrar, deydi mutaxassislar.
Avvalo o’zbek paxtakorining dardiga quloq tutsak. Jizzaxdan Abdulqosim Mamarasulov, shu kunlarda Vashingtonga takif qilinib, maslahat kengashlarida qatnashgan fermer:
Avvalo o’zbek paxtakorining dardiga quloq tutsak. Jizzaxdan Abdulqosim Mamarasulov, shu kunlarda Vashingtonga takif qilinib, maslahat kengashlarida qatnashgan fermer:
“Paxta yetishtirayotgan odamning, paxtada ishlayotgan odamning iqtisodiy muammosi hal bo’lishi kerak. Muammoning ildizi shunda… Paxtani mashinada teraylik deyapmiz, lekin buning uchun avvalo paxtani mashina teradigan darajada yetishtirish kerak. Paxtaning agrotexnikasi bor. Yerni haydaydigan kuchli traktorlar kerak”.
“Muammo – O’zbekistonniki. Uni hal etish ham o’zimizga bog’liq. Xorijiy davlatlar va tashkilotlar yordamni va muloqotni to’xtatmasligi kerak”, – deydi Mamarasulov.
G’arb paxta muammosini hal etishda yordam berishga harakat qilayotgan bo'lsa, bu masala qanchalik murakkab ekanini ham tushunib olishi kerak, deydi fermer.
Your browser doesn’t support HTML5
Your browser doesn’t support HTML5
Germaniyaning Bonn universitetidan tadqiqotchi Anastasiya Shtaltovna hamkasbi Anna-Katarina Xornij (Anna-Katharina Hornidge) bilan qiyosiy izlanish olib bordi.
Qozog’iston va O’zbekistonning paxta sohasini solishtirishdi. Qo’shni davlatlar bir-birining tajribasidan o’rganishi mumkinmi deya dehqonlarga murojaat qilishdi. So’rov o’tkazildi. Xorazm, Jizzax va Toshkent viloyatlarida fermer xo’jaliklari va tegishli idora va korxonalarda bo’lib, ularning faoliyati bilan tanishishdi. O’zbekiston va Qozog’iston paxtakorlarini bir joyga to’plab, suhbat qurishdi. Shuningdek, har ikki respublikaning paxta siyosatini tahlil qilishdi, mutasaddilar bilan gaplashishdi. Mustaqillik yillarida qishloq xo’jaligi qanchalik isloh qilinganiga diqqat qaratishdi.
Natija va xulosalar:
- Paxta O’zbekiston uchun strategik mahsulot, ya’ni milliy daromadining asosiy qismi oq oltindan. Qozog’iston uchun esa neft bunday ahamiyatga ega. 2013-yilda O’zbekistonda 3 million 350 ming tonna paxta yetishtirilgan, Qozog’istonda deyarli 10 baravar kam.
- Paxta ekiladigan yer O’zbekistonda davlatniki va 50 yilga ijaraga beriladi. Qozog’istonda yerni 49 yillik ijaraga olasiz, shuningdek, xususiy maydonlar ham bor. O’zbekistonda bir paxtakorga o'rtacha 50 gektar yer to’g’ri kelsa, Qozog’istonda 15 gektar.
- O’zbekistonda paxtakorga bevosita imtiyoz yo’q, Qozog’istonda har gektariga 89 dollar, shuningdek, yonilg’i, o’g’it va boshqa zarur vositalar uchuh xarajatning 50 foizini davlat qoplaydi.
- Paxtakorga O’zbekistonda 3 foizli kredit berilsa, Qozog’istonda 4 foiz. O’zbekistonda pulni nimaga ishlatishni davlat belgilaydi, Qozog’istonda paxtakor bu borada erkin.
- Agrotexnika ijarasi uchun paxtakor O’zbekistonda tijoriy banklarga 16-18 foiz to’laydi, davlat orqali bo’lsa 6-7 foiz. Qozog’istonda tijoriy banklar 8-10 foiz so’raydi va uni davlat paxtakor uchun to’lab beradi.
- O’g’it va dori O’zbekistonda asosan davlat muassasalaridan keladi. Ta’minot tizimi murakkab va dehqon aksariyat hollarda zarur vositani vaqtida ololmaydi. Qozog’istonda ta’minotchi ko’proq va bozordan to’g’ridan-to’g’ri olish mumkin. Har ikki davlatda xizmat va mahsulot uchun haq oldindan talab qilinadi.
- Paxta tolasini ajratish sanoati O’zbekistonda mutlaq davlat qo’lida, Qozog’istonda esa 22 xususiy va davlat zavodlari bor.
- Har ikki davlatda korrupsiya chuqur ildiz otgan.
- O’zbekistonda paxta asosan qo’lda teriladi, yillik “hashar” tashkil etiladi. Qozog’istonda ham qo’lda teriladi lekin terimchilarning aksariyati O’zbekistondan va Tojikistondan. O’zbekistonda kilosiga o’rtacha 10 sent to’lansa, Qozog’istonda 25 sent.
- O’zbekistonda bir gektar maydondan 3 tonna paxta olinsa, Qozog’istonda 2,5 tonna. Xom mahsulotning har bir tonnasi O’zbekistonda qariyb 429 dollar, Qozog’istonda 554 dollar. O’zbekistonda har gektaridan o'rtacha 1286 dollar tushsa, Qozog’istonda 1385 dollar. O’zbekistonda paxtakorning xarajati Qozog’istondagi fermernikidan deyarli ikki baravar ko’p. Yil oxirida O’zbekistonda paxtakor gektariga 584 dollar zarar ko’radi. Qozog’istonda esa sof daromad o’rtacha 1500 dollar.
Tadqiqotchilar deydiki, har ikki davlatda dehqonlar uch turli sistemadan birini orzu qiladi: 1) paxta bahosini jahon bozoridagi talab belgilasin va paxtakor o’z mahsulotiga xo’jayinlik qilsin. 2) Mayli, mahsulotlarni davlat sotib olsin, lekin hozirgi narxni ko’tarsin, dehqon xarajatini qoplay olsin. 3) Kooperativlar joriy etilib, fermerlar o’z boshqaruv kengashlariga ega bo’lsin. Kooperativ a’zolari o’z yerlari uchun javob bersin. Mahsulotni kimga va qanchaga sotishni kooperativning o’zi hal etsin.
Tavsiyalar
Har ikki davlatda dehqon va davlat orasidagi aloqa tizimini takomillashtirish kerak. Qishloq xo’jaligi bo’yicha ta’lim va malaka oshirishni kuchaytirib, innovatsiyaga kengroq yo’l ochilsin. Dehqonlar birlasha olsin, o’z muammolarini ko’tara bilsin va siyosatchilarga bemalol bu borada murojaat qilishga jur’at etsin. Paxtakorlarga boshqa ekinlar ekish uchun ham ruxsat berilsin, ekkanlar jazolanmasin. Paxtani joyida qayta ishlab chiqarishni ta’minlash kerak.
Oq oltin haqiqatdan ham xalqni boqayotgan mahsulot bo’lsa, deydi ekspertlar, davlat dehqonga ko’proq erkinlik berishi lozim, qog’ozda emas, amalda. Paxta sanoatida oshkoralik yetishmaydi. Naqd pul va foyda o’zbek paxtakorlari uchun eng og’riqli masala. Soliq tizimini soddalashtirish kerak. Hozir dehqonlar bu borada hatto gaplashgisi kelmaydi.
Fermerlarni har tomonlama quvvatlab, ularga jamiyatning eng quyi tabaqasi emas, strategik mahsulot ishlab chiqaruvchilar sifatida qarash kerak, deydi mutaxassislar.
Paxtakor tadbirkorlik sirlari, bozordagi raqobat va talabdan qanchalik yaxshi xabardor bo’lsa, davlat ham shuncha foyda ko’radi, deyiladi tadqiqot ishi yakunida.
O’zbekistonda dehqonlar juda ezilgan xalq, deydi “Amerika Ovozi” bilan gaplashgan paxtakorlar, plan bajariladi lekin yetishtiruvchining kosasi oqarmaydi.
Kasodga uchragan, kuygan fermerlar ko’p, deydi Abdulqosim Mamarasulov. Muammo paxtada emas, dehqonni quvvatlovchi mexanizmlar chatoq ekanida, deydi u.