Saylovlar arafasida Shavkat Mirziyoyev siyosiy partiyalarni faollikka chaqirmoqda. O’zbekiston Senati prezidentlik saylovlarini shu yilning dekabr oyidan oktabrga ko’chirishni ma’qullagan.
Senat 5-fevral kuni o’tgan majlisida Markaziy saylov komissiyasi tarkibini ham yangiladi. Senat raisi o’rinbosari lavozimida faoliyat yuritib kelgan Zayniddin Nizomxo’jayev komissiya raisligiga, Adliya vaziri o‘rinbosari Bahrom Qo’chqorov rais o’rinbosari lavozimiga saylangan.
Markaziy saylov komissiyasining uzoq yillik rahbari, vakolat muddatini tugatgan Mirzo-Ulug’bek Abdusalomov Konstitutsiyaviy sud raisligiga saylangan. Senat majlisida O’zbekiston Ombudsmani ham yangilangan, bu lavozimga Feruza Eshmatova saylangan.
Senatda ma’qullangan qonun loyihasi prezidentlik saylovlarini shu yilning dekabrida emas, oktabr oyida o’tkazishni nazarda tutadi, ya’ni to’qqiz oydan so’ng O’zbekistonda prezidentlik saylovlari bo’lib o’tishi kerak.
Nima sababdan saylov ko’chirilayotganiga doir qarashlar turlicha. Rasmiy izohga ko’ra, saylovning dekabrda o’tishi hukumatni shakllantirish ishlariga to’siqlar yaratadi.
“Saylovlarning dekabr oyida oʻtkazilishi saylovlardan keyingi siyosiy tadbirlar - parlament birinchi majlisini oʻtkazish, hukumatni shakllantirish, davlat rahbarining Oliy Majlisga murojaatnomasi kabi muhim siyosiy jarayonlar yangi yilning birinchi choragiga toʻgʻri kelmoqda. Bu davlat dasturini qabul qilish va boshqa islohotlar kechiktirilishiga sabab boʻlayotgani va boshqa omillarni hisobga olgan holda, Oʻzbekistonda prezident saylovining oktabr oyda oʻtkazilishi maqsadga muvofiqdir”, - deb izohlaydi saylov qonunchiligiga kiritilgan o’zgarishlarni Qonunchilik palatasi deputati Abdulla Ro’zmetov.
Saylovi ko’chirilishiga doir boshqa norasmiy izohlar ham mavjud. Bulardan eng asosiysi mamlakatda qish boshlanishi bilan kuzatilgan energetik inqirozga borib taqaladi.
Buni ham ko'ring Tanzila Narbaeva: Prezident saylovi qanday o'tishi kerak?Aholining davlat rahbari va’dalariga, hukumatga nisbatan ishonch keskin tushib ketganini ko’rsatgan bu inqiroz prezidentlik saylovi kabi siyosiy tadbirlarni nisbatan iliqroq mavsumga ko’chirish lozimligiga ishora bergani ta’kidlanmoqda.
Prezident Mirziyoyevning saylovda o’z nomzodini qo’yishi hozircha rasman aniq emas, ammo bu maqsad haqiqatga juda yaqin.
Prezident bir necha kun oldin mamlakatdagi siyosiy partiyalar yetakchilari bilan uchrashuv o’tkazgan edi. Zamon talablaridan kelib chiqqan holda partiyalar faoliyatini jonlantirish, takomillashtirish muhokama qilingan bu uchrashuvda Mirziyoyev partiyalar faoliyatiga tanqidiy baho bergan.
“Adolat” sotsial-demokratik partiyasi (SDP) siyosiy kengashi raisi o’rinbosari Umidjon Sulaymonov Prezident Mirziyoyev bilan o’tgan uchrashuv ortidan quyidagi mulohazalarni bildirgan:
“Sh. Mirziyoevning partiyalar faoliyatini qoniqarsiz, xalq manfaatlariga va bugungi kundagi mamlakatimizda olib borilayotgan islohotlarga toʼliq muvofiq kelmayotganligi boʼyicha bergan bahosi, oʼylaymanki, adolatli. Siyosiy partiyalarga, jumladan, “Аdolat” sotsial-demokratik partiyasiga berilgan bunday xolis bahoni toʼla tan olgan holda, eng katta xulosa sifatida, oʼz faoliyatimizni qayta koʼrib chiqib, kamchilik va xatolarga barham berib, yangi Oʼzbekiston nuqtai-nazaridan fikrlash, soʼz va ish birligiga erishish, tom maʼnoda, xalqni rozi qilish yoʼlida yorugʼ yuzli siyosiy kuchga aylanish qanchalar muhim va zarur ekanligini taʼkidlamoqchiman”.
“Adolat” SDP O’zbekistonda rasmiy ro’yxatdan o’tib, mamlakatda hozirgacha kuzatilgan prezidentlik saylovlarida o’z “muqobil” nomzodi bilan qatnashib kelayotgan besh partiyaning biri.
Buni ham ko'ring Yangi O’zbekistonda yangicha, adolatli saylovlarni kutish mumkinmi?2016-yildagi saylovda “Adolat” partiyasi Narimon Umarov nomzodini prezidentlikka ko’rsatgan, bu saylovda ishtirok etgan boshqa rasmiy partiyalar kabi hokimiyatga asosiy da’vogar bo’lgan Mirziyoyev nomzodiga nisbatan o’z pozitsiyasini ochiqlay olmagan edi.
Prezidentlik saylovlariga 9 oy vaqt qolar ekan, siyosiy maydondagi manzara asosan Markaziy saylov komissiyasining uzoq yillik rahbari Mirzo-Ulug’bek Abdusalomov o’zgarishi bilan ko’zga tashlanmoqda.
Mavjud qonunchilik nomzodlar faqat rasman ro’yxatdan o’tkazilgan siyosiy partiyalar tomonidan surilishini nazarda tutadi. Mustaqil tarzda va yoki tashabbus guruhlari tomonidan prezidentlikka nomzodlar ko’rsatilishi taqiqlangan.
O’zbekistonda rasman ro’yxatdan o’tkazilgan siyosiy partiyalar esa beshta. Amaldagi Prezident Shavkat Mirziyoyev mansub O’zbekiston liberal demokratlari, “Milliy tiklanish”, “Adolat”, Xalq demokratik partiyasi va O’zbekiston ekologik partiyasidir.
Bu partiya rahbarlari 2-fevral kuni prezident bilan o’tgan uchrashuvda qatnashishgan, davlat rahbari tomonidan siyosiy partiyalar faoliyatini jonlantirish, ularning ijtimoiy-siyosiy hayotdagi o’rni va rolini oshirishga doir topshiriqlar olishgan.
Prezidentning siyosiy faollikni oshirishga qaratilgan tavsiyalari partiyalar tomonidan qanchalik amalga oshirilishini esa yaqinlashayotgan saylovlar ko’rsatadi.