Donald Trampni ko’plab o’zbeklar salbiy baholasa-da, AQSh-O`zbekiston aloqalarida yangi imkoniyatlar davri kelgandek. O'zbekistondagi yangi hokimiyatning islohotlarga moyilligi, Afg'onistonda vaziyat hamon beqaror ekani, mintaqada geosiyosiy kurash avjga chiqayotgani, deydi ekspertlar, strategik hamkorlikda yangi sahifa ochishi kerak.
Your browser doesn’t support HTML5
Tramp muhojirlar haqidagi noxush bayonotlari uchun odamlarga yoqmaydi, deydi “Amerika Ovozi” bilan gaplashgan vatandoshlar.
Tramp prezidentlikka kelgach immigratsiya bo`yicha cheklovlar qo’ydi. Lekin ular o’zbekistonliklarga tegishli emas.
Tramp va O’zbekiston rahbari Shavkat Mirziyoyev bahorda Saudiya Arabistonida o’tgan sammit doirasida qisqa fursat gaplashgan. Yaqinda Amerika prezidenti O'zbekiston xalqini musulmonlarning muborak ayyomi hayit bilan tabrikladi.
O'zbekistonda AQShga, jumladan prezident Tramp siyosatiga nisbatan jamoatchlik va rasmiy qarashlar o`rtasida jiddiy farq bor.
Siyosatshunos Kamoliddin Rabbimov tahlilicha Tramp jamoatchilikda asosan aksil-islomiy chiqishlari bilan tanilgan siyosatchi sifatida qabul qilinsa, rasmiy Toshkent uchun AQSh geosiyosiy munosabatlardagi muhum sherik maqomida qolmoqda.
“Tramp siyosati yuzasidan xavotirlar, jumladan nisbatan mustaqil geosiyosat yuritayotgan O'zbekistonda ham mavjud edi. Bu Trampning Putin bilan kelishgan holda Markaziy Osiyoni Rossiyaga topshirib qo'yishi mumkinligi haqidagi xavotirlar edi. Ekspertlarda agar Tramp Putin bilan yuzma yuz muzokara o'tkazadigan bo'lsa, ayyor, razvedkachi Putin AQShni tashqi siyosatdagi ustuvor pozitsiylaridan voz kechishga majbur etadi, degan tasavurlar bor edi. Ammo amaliyot bu jarayonni ancha murakkam kechayotganini ko'rsatayapti, janob Tramp tashqi siyosat bilan tizimli shug'ullanmagani uchun bu borada o'z ma'muriyatidagi malakali mutaxasslarning fikrini qabul qilmoqda. Bu Tramning pozitsiyasi xalqaro siyosatda jiddiy o'zgarayotganida ham ko'rinadi. Masalan, saylovdan avval arab davlatlarini keskin tanqid qilgan bo'lsa, hokimiyatga kelgach birinchi safarini Saudiya Arabistonidan boshladi, bunaqasi AQSh tarixida bo'lmagan”, - deydi Rabbimov.
Preziden Tramp hokimiyatga kelgach AQShning Markaziy Osiyoga nisbatan siyosatida keskin o`zgarish kuzatilmadi, lekin mintaqaga moddiy ko`mak miqdori qisqardi. Bu qisqarish O`zbekistonni chetlab o`tgan, hatto avvaldan yirik bo`lmagan ko`mak miqdori biroz ko`paytirildi ham.
O`zbekiston, inson huquqlariga oid vaziyat yomonligi uchun Amerika tomonidan uzoq yillar davomida alohida tashvishga molik davlat sifatida ko`rib kelingan. Lekin bugun aloqa sal yumshagandek.
“Sababi, 2005-yildan keyin strategik zarba olgan Karimov hokimiyati tugadi. Yangi hokimiyat nufuzini yaxshilash uchun jiddiy islohotlar ustida ishlayapti, ayrimlari amalga oshdi. Xalqaro huquq tashkilotlari mamlakatga qaytayapti. Hokimiyatning imidji jiddiy o`zgarish bo`sag`asida turibdi. Bu aloqalarni qayta ko`rib chiqishga imkoniyat. O`zbek hukumati G`arb bilan munosabatlarda bundan foydalanadi. O`z navbatida Rossiya, Xitoy va boshqa qudratlarni tiyib turishdan manfaatdor Vashington ham O`zbekistonga nisbatan ijobiy siyosatini shakilantirishda davom etadi”, - deydi Rabbimov.
“Trampning siyosiy inqirozlari hali oldinda, O`zbekiston jamoatchiligida ham unga nisbatan hurmatdan ko`ra, ishonchsizlik ancha yuqori. Ayniqsa, buni Obama yoki Klinton davridagi munosabatga qiyoslaganda. Nazarimda 1,5 millardlik musulmon dunyosida o`zining ksenofobik, aksilislomiy chqishlari bilan tanilgan Tramp AQSh tarixidagi eng salbiy prezident, shaxs sifatida qabul qilinmoqda. Trampning bu qarashlari o`zgarmagan, mana musulmon davlatlaridan bo`lgan muhojirlarga ta’qiq qo`yish siyosati yana qayta kuchga kirmoqda. Bu nafaqat musulmonlarga, balki G`arb dunyosi, erkinlikning timsoli sifatida ko`rib kelingan AQSh qadriyatlariga nisbatan ham berilayotgan zarba”, - deydi Rabbimov.
AQSh va O`zbekiston o`rtasida diplomatik aloqalar o’rnatilganiga 25 yil to’ldi. Shu munosabat bilan Tramp va Mirziyoyev o`zaro tabrik almashishib, hamkorlikni rivojlantirish istagini bildirishgan.