Navro’z Amerikada ham katta bayram. Muhojirlar makoni bo’lmish bu yurtda bahor ayyomini qadimdan nishonlab kelgan elatlarning vakillari yashaydi. Jumladan, o’zbeklar va boshqa markaziy osiyoliklar. Navro’z sayllaridan biri Chikagoda, Buyuk ko’llar bo’yida joylashgan azim shaharda bo’lib o’tdi.
“Amerikaliklarga madaniyatimizni ko’rsatish, xususan yosh bolalar uchun juda foydali. Bir-biri bilan uchrashib, tilimizni eshitib, urf-odatlarimizni o’rganishida Navro’zning roli katta. O’zbekiston bilan qiziqayotgan amerikaliklar o’zlari telefon qilishib, borsak maylimi deb kelishadi”,- deydi suhbatdosh.
“Milliy kiyimlarimiz, hunarmandchilik namunalarini namoyishga qo’ydik",- deydi Olimjon Sharipov.
"Navro’z taomlari tanlovini o’tkazdik. Undan keyin “Tilimizni bilamizmi?” mavzusida o’yin o’tkazdik”.
Olimjon Sharipovning asl kasbi quruvchi-muhandis. Amerikaga to’qqiz yil burun kelgan. Bugungi kunda soliq bo’yicha hisobchi. Bu yerda o’qidi, yangicha tizimga o’rgandi.
“Biz o’zbeklar 300 millionlik Amerikada daryodan tomchidek ko’rinamiz... Lekin o’zligimizni, urf-odat, til va qadriyatlarimini saqlab qolish uchun harakat qilayapmiz", deydi suhbatdosh.
"Buning uchun imkoniyat bor. Shu maqsadda mana shu uyushmani tuzganmiz”.
Tashkilot Chikago tomonlarga borgan yangi muhojirlarga yordam ko’rsatadi.
“Biz ularni aeroportda kutib olamiz. Keyin bir joyda joylashtiramiz. Yo’l-yo’riq ko’rsatamiz. Ish topishi uchun yordam beramiz. Haydovchilik guvohnomasi olish juda muhim, bu borada ham ko’maklashamiz”,- deydi Olimjon Sharipov.
Amerika sehrli diyor, orzular ushaladigan o’lka deb bu mamlakatga kelish dardida yurganlar juda ko'p.
Muhojirlar orasida keng tarqalgan naql shuki, mehnat qilsang, yo'lingni topib ketasan. Hamma narsa o'zingga bog'liq. Qo'shma Shtatlar jannat deb o'ylasangiz adashasiz.
“Yoshlar uchun Amerika judayam yaxshi, menimcha. Tez ko’nikib ketishadi, o’rganishadi... Yevropa davlatlarida muhojirlar uchun sharoit uncha yaxshi emas deb eshitganman. Nazarimda, Amerikada osonroq. Demokratiya bu yerda kengroq. Biz irqchilikni ko’z his qilmaymiz. Eng muhimi sog’liq. Sog’liq bo’lsa, bu yerda hayot yaxshi, normal yashasa bo’ladi, imkonini topsa bo’ladi”.
Chikagodagi O’zbek-Amerika Uyushmasi faoliyati bilan mana bu link orqali bafurja tanishish mumkin: http://www.uzbekchicago.org/new/