"Amerika Ovozi" jamoatchi muxbiriga nisbatan hukm o'z kuchida qoldi

  • Amerika Ovozi

"Amerika Ovozi" jamoatchi muxbiriga nisbatan hukm o'z kuchida qoldi

Bugun Toshkent shahar jinoiy ishlar sudi “Amerika Ovozi” jamoatchi muxbiri Abdumalik Bobayev ishini apellyatsiya tartibida ko’rib chiqqan va Mirzo Ulug’bek tuman sudi shu yilning 15 oktabrida chiqargan hukmini o’z kuchida qoldirgan.

Malik Mansur taxallusi bilan O’zbeksitondagi siyosiy, iqtisodiy va ijtimoiy hayotni yoritgan jurnalist o’z materiallarida tuhmat va haqorat qilganlik hamda jamoat xavfsizligiga tahdid soluvchi maqolalar tayyorlab, ularni tarqatganlikda aybdor deb topilgan edi.

Jurnalistga jazo sifatida O’zbekistonda eng kam ish haqining 400 barobarida jarima belgilangan - 15 million 72 ming so’m.

Abdumalik Bobayev o’zini aybsiz deb biladi va muxbir sifatida professional faoliyat yuritganini qayd etib keladi.

“Amerika Ovozi” rahbariyati jurnalistga nisbatan ochilgan bu jinoiy ishni adolatsiz deb atab, ayblovlarni bekor qilishga chaqirgan edi. Tashkilot nazarida Abdumalik Bobayev o’z ishini sidqidildan bajargani, ya’ni haqiqatni yoritgani uchun jazolanmoqda.

Muxbirimiz bugungi jarayonni shunday tasvirlab beradi:

Apellyatsiya sudi bugun soat 12 larda boshlandi. Avvalo menga so’z berildi. Men birinchidan ayblovni mutlaqo inkor qilishimni ta’kidladim”.

Toshkent shahar prokuraturasining ayblov xulosasida jurnalistning bir necha maqolalari asossiz va uydirma deya baholanadi. Masalan global iqtisodiy inqirozning O’zbekistonga ta’siri, banklar oldidagi to’siqlar, sarmoya va moliya sohasidagi muammolar, sog’liqni saqlash tizimidagi korrupsiya, respublikada oq oltindan kim ko’proq foyda ko’rishi haqidagi reportajlar.

“Har bir masalani iloji boricha xolisona va asosli ravishda yoritganman. Bu materiallarimning barchasi hamon “Amerika Ovozi” saytida turibdi va qiziqqanlar ularni o’zlari o’qib xulosa chiqarishlari mumkin”,- deydi Abdumalik Bobayev.

“Men jurnalist sifatida mamlakatdagi turli muammolarni ko’targanman, lekin ularda hech kimni haqoratlamaganman, hech kimga tuhmat qilmaganman. Bu maqolalarimning hech biri jamoat xavfsizligiga tahdid solmaydi. Buni sudga qayta-qayta aytdim”.

“Men o’z so’zimda aytdimki, jurnalistika – xalqni qiynayotgan muammolarni yoritish demakdir. Men o’z kasbimni shunday deb tushunaman. Yechimini kutayotgan muammolarni yoritish - jamiyat taraqqiyoti uchun xizmat qiladi. Buni alohida ta’kidladim. Menga qo’yilgan ayblovlar biror asosga ega emas”, - deydi Abdumalik Bobayev.

“Advokatim Sergey Mayorov asosan tergov-surishtiruv jarayonida yo’l qo’yilgan qo’pol xatolarga to’xtaldi. Haqoratlangan yoki tuhmat qilingan shaxsning o’zi yo’q deb aytdi. Ekspert xulosasida mening maqolalarim faqatgina xavf solish ehtimoliga ega deb qayd etilganini eslatdi. Advokatim oqlov hukmi chiqarilishini so’radi”.

“Afsuski, sud bu safar ham bizning dalil-isbotlarimizni inobatga olmadi va avvalgi hukmni o’z kuchida qoldirdi”,- deydi jurnalist.

AQShning O’zbekistondagi elchixonasi bu ishni yaqindan kuzatib borayotganini aytib, hukm o’zgartirilmaganidan xavotirda ekanini bildirmoqda. Erkin faoliyat yuritgan jurnalistlarni jazolash uchun jinoiy sudlov tizimidan foydalanish O’zbekiston konstitutsiyasi, xalqaro qonun va majburiyatlarga qarshi harakatdir, deyiladi elchixona chiqargan bayonotda. Bu mamlakatdagi barcha ommaviy axborot vositalari xodimlari ishiga salbiy ta’sir ko’rsatadi, deyiladi unda.

Amerika hukumati O'zbekiston rahbariyatini jurnalistlarga nisbatan bosimni bas qilib, so'z va matbuot erkinligi uchun sharoit yaratishga chaqirib keladi.

Yaqinda AQSh Davlat kotibi muovini Robert Bleyk Toshkentda bo'lganida bu borada rasmiylarga eslatgan edi. Janob Bleyk Abdumalik Bobayevning o'z bilan shaxsan uchrashib, unga "O'zbekistonda inson huquqlari va erkinliklariga befarq emasmiz" degan. Rasmiy "Amerika Ovozi" ga bergan intervyularida ham buni qayd etib keladi.