Jahon banki: O’zbekiston pandemiyadan zarba yedi, lekin iqtisodi o’smoqda

Jahon banki O’zbekistonni pandemiya inqirozida ham iqtisodiyoti o’sayotgan dunyodagi kam sonli davlatlar ro’yxatiga kiritdi. Mamlakatdagi nodavlat tashkilotlar o’tkazgan tadqiqotlar esa aholi yanada qashshoqlashayotganidan darak beradi.

“Global iqtisodiy tanazzulga qaramasdan, O'zbekiston 2020-yilda iqtisodiy o'sishni namoyish etadigan Yevropa va Markaziy Osiyo mintaqasidagi ikkita davlatdan biri bo’lishi prognoz qilinmoqda”, - deyiladi Jahon bankining Toshkentdagi vakolatxonasi tomonidan 7-oktabr kuni tarqatilgan xabarda.

2021-yilga doir prognoz yanada umidli ko’rinadi: “Mamlakat bo'ylab karantin qayta kiritilmasa, 2021-yilda O'zbekiston yalpi ichki mahsulot (YaIM) o'sishi 4,8 foizdan 5,0 foizgacha bo’lishi” kutilmoqda.

Shu bilan bir qatorda Jahon bankining ta’kidlashicha, koronavirus O’zbekiston uchun mustaqillik davomidagi eng yirik iqtisodiy zarba bo’lgan, aholi farovonligi, daromadi pasaygan.

Buni ham ko'ring AQSh: O'zgarishlarga qaramay O'zbekistondagi sarmoya muhiti salbiy

Yuzaga kelgan bu tanglik oltin ishlab chiqarish ko’paygani, qishloq xo’jaligidagi ishlab chiqarish hisobiga bir qadar yumshatilgan.

“Mavjud sinovlar va qiyinchiliklarga qaramay, iqtisodiy o'sishning yuqori sur'atlariga erishish va fuqarolarning turmush farovonligini oshirish maqsadida mamlakat rahbariyati iqtisodiyotning muhim tarmoqlarida islohotlarni davom ettirishni qat'iy niyat qilganligini tasdiqladi. Pandemiya tugagandan so'ng iqtisodiy tiklanishni ta'minlash va uni yanada barqaror va inklyuziv qilish juda muhimdir”, - deydi bankning O'zbekistondagi vakolatxonasi rahbari Marko Mantovanelli.

Jahon bankining pandemiya inqirozi sharoitida ham O’zbekiston iqtisodiyoti o’sayotganiga doir prognozi mamlakatda karantin bekor qilinishi, qishloq xo'jaligida ishlab chiqarish barqarorligi, shuningdek, pul o'tkazmalarining qisman tiklanishiga asoslanadi.

Bu ko’rsatkichlar “2020-yilning ikkinchi yarmida birinchi yarim yilga nisbatan kuchliroq iqtisodiy faollikka olib keladi”, deya xulosa qiladi bank.

Xalqaro moliyaviy tashkilotning o’zbekistonliklarning kundalik turmushi, xarid qobiliyatiga bevosita ta’sir o’tkazuvchi inflatsiyaga doir qarashlari quyidagicha:

“O'rta muddatli istiqbolda inflyatsiya sekinlashadi, ammo narxlarni yanada isloh qilish natijasida yuqori darajada saqlanib qoladi”.

“Amerika Ovozi”ga kelayotgan murojaatlarda pandemiya O’zbekiston aholisi, ayniqsa kam ta’minlangan oilalar sharoitini jiddiy og’irlashtirgani, oziq-ovqat mahsulotlari bahosi keskin ko’tarilayotgani qayd etiladi.

“Najot” inson huquqlari tashkiloti yaqinda Xorazmdagi ijtimoiy holatni, viloyat bozorlaridagi narx-navoni, aholi turmushiga doir vaziyatni o’rgangan.

Buni ham ko'ring Markaziy Osiyo-Kavkaz instituti: O'zbekistonda islohotlar qanday ketmoqda?

Tashkilot rahbari Hayitboy Yoqubovga ko’ra, iyul-sentabr oylaridagi vaziyatni qamrab oluvchi tadqiqot natijasi viloyatda asosiy oziq-ovqat mahsulotlari bahosi keskin ko’tarilgani, bu esa shundoq ham pandemiya bois ishsiz, pulsiz qolgan aholida jiddiy e’tirozlar uyg’otayotganidan darak bermoqda.

Uning qayd etishicha, bozorlar to’kin-sochin, qishloq xo’jaligi mahsulotlari bilan to’la, ammo aholida naqd pul kam, mehnat muhojirlari yuborayotgan mablag’ hajmi qisqargan, xorijdan qaytayotgan mehnat muhojirlari hisobiga ishsizlar soni yanada ko’paymoqda.

Inson huquqlari tashkiloti oziq-ovqat mahsulotlariga doir narx-navo tahlili kam ta’minlangan, ijtimoiy nochor oilalarda kundalik ehtiyoj uchun lozim boshqa mahsulotlar olishga imkon qolmayotganini ko’rsatayotganiga diqqat qaratadi.

Jahon bankining O’zbekiston iqtisodiga doir tadqiqotida ta’kidlanishicha, hukumat pandemiya inqiroziga qarshi katta mablag’ sarflagan:

“Davlat byudjetiga tushumlarning kam yig'ilishi va inqirozga qarshi katta xarajatlar 2020-yil birinchi yarmida byudjet kamomadi YaIpi ichki mahsulotning 5 foizgacha o'sishiga olib keldi. Yalpi ichki mahsulotning 2,5 foizi sog'liqni saqlash sohasiga qo'shimcha xarajatlar, kam ta'minlanganlar uchun pul o’tkazmalarining ko'paytirilishi, jamoat ishlarining kengayishi va korxonalarni qo'llab-quvvatlash uchun yo'naltirildi”.

O’zbekiston hukumatining inqirozga qarshi kurashi, xususan pandemiya inqiroziga qarshi kurash uchun tuzilgan jamg’arma doirasida amalga oshirilgan chora-tadbirlarning qanchalik samarali bo’lgani mutaxassislar tomonidan ancha bahsli baholanadi.

Xalqaro moliyaviy tashkilotlar, jumladan Jahon banki va xorij davlatlaridan olingan qarz hisobiga tashkil qilingan bu jamg’armada to’plangan 1,5 milliard dollarga yaqin mablag’ning pandemiya bois inqirozga tushgan davlat tashkilotlari, monopol korxonalarni qo’llab-quvvatlashga sarflangani, ijtimoiy muhofaza uchun ajratilgan bir martalik yordam pullarining talon-taroj qilinishiga doir holatlar jiddiy tanqidiga uchragan edi.

Hukumatning inqirozga qarshi kurash choralari haqida “Amerika Ovozi” bilan suhbatlashgan ekspertlar qarzga olingan mablag’larning bu qadar samarasiz sarflanishini o’ta achinarli baholashgan.

Jahon banki o’z hisobotida mamlakat tashqi qarzi bilan bog’liq holatga ham to’xtab o’tgan. O’zbekistonning holati nisbatan mo’tadil baholanadi.