Uyg’ur mahbuslar bir qatorda cho’kkalab o’tiribdi, har birining raqami bor. Ularning ko’zi televizorda, Xitoy Kommunistik partiyasi tarixi haqida hikoya qilinayotgan hujjatli filmda.
Bu Urumchi yaqinida, Dabanchen shaharchasida joylashgan 3-sonli qamoqxonadagi taxminan 240 kameradan biridir. “AP” axborot agentligi jurnalistlariga Xitoyning Shinjon mintaqasiga uyushtirilgan safar davomida bu yerga kirishga ruxsat berildi. Hibsxona Xitoydagi eng kattasi bo’lib, 220 gektar maydonda joylashgan.
Rasmiylar mahbuslar soni haqidagi savolga, “o’zgarib turadi” deya javob beradi. Ammo sun’iy yo’ldosh orqali olingan tasvirlar, kamera va o’rindiqlar soniga qarab 10 ming kishiga joy borligini taxmin qilsa bo’ladi. “BBC” va “Reyter” ilgari bu markaz tashqarisidan reportajlar qilishgan, ammo “AP” ichkariga kitirilgan ilk G’arb ommaviy axborot vositasidir.
Ushbu joy Xitoy hanuz katta sonda uyg’urlar va boshqa musulmonlarni saqlayotgani va saqlashda davom etishiga ishoradir. Dabanchen qamoqxonasiga 2019-yilda 1,5 kilometrga cho’zilgan yangi binolar qo’shilgan.
Shinjonda oz sonli ekstremist uyg’urlar tomonidan bir necha bor pichoqlash va portlashlar sodir etilganidan so’ng, Xitoy so’nggi to’rt yilda milliondan ziyod ozchilik vakillarini qamab qo’yganini “terrorga qarshi urush” deya izohlaydi. Uning eng ziddiyatli jihatlaridan biri “kasb-hunar markazlari” deb atalmish joylardir. Sobiq mahbuslarga ko’ra, bu markazlar tikanli sim bilan o’ralgan va qurollangan soqchilar tomonidan qo’riqlanadi.
Avvaliga bu markazlar mavjudligini inkor etgan Xitoy hukumati kuchli xalqaro tanqidlar ketidan 2019-yilda ularda saqlangan odamlarning barchasi “bitirganini” e’lon qilgan. “AP” muxbirlarining Dabanchen shahriga tashrifi, sun’iy yo’ldosh orqali olingan suratlar, ekspertlar va sobiq mahbuslar bilan o’tkazilgan suhbatlar shuni ko’rsatmoqdaki, ko’plab “kasb-hunar markazlari” haqiqatda yopilgan bo’lsa-da, ayrimlari qamoqxonaga yoki tergov izolyatoriga aylantirilgan.
Ko’pgina yangi inshootlar ham qurilgan, jumladan 3-sonli qamoqxona yaqinidagi 85 gektarlik maydonda.
Bu o’zgarishlar vaqtinchalik “o’quv markazlaridan” voz kechilib, qonun bilan asoslab bo’ladigan doimiy hibsxonalar va izolyatorlar tizimiga o’tish deya baholanmoqda. Ayrim uyg’urlar ozod etilgan bo’lsa, boshqalari shunchaki yangi inshootlarga ko’chirilgan.
Tadqiqotchilar begunoh odamlar chet elga chiqqani yoki diniy marosimga borgani uchun qamoqqa olingan hollarni qayd etadi. AQShning Kolorado universitetida antropolog Darren Baylerning aytishicha, ko’pgina mahbuslar “hech qanday me’yorlar bo’yicha haqiqiy jinoyat sodir etmagan”.
“Kuch ishlatar tizimlar orqali kuchli nazoratdan ommaviy qamoqqa olish tizimiga o’tish degani bu. Yuz minglab odam g’oyib bo’lgan. Oddiy xatti-harakatlarni jinoyatga tenglashtirishgan”, - deydi u.
Dabanchendagi 3-sonli qamoqxonaga jurnalistlar tashrifi chog’ida bu joy “trening markazi” emasligi qayta-qayta uqtirilgan.
“Hibsxonamiz va trening markazlari orasida hech qanday bog’liqlik yo’q”, - deydi Urumchi Jamoat xavfsizligi byurosi direktori Jao Chonvey.
U kabi mutasaddilarning ta’kidlashicha, Dabanchen qamoqxonasi Xitoy reabilitatsiya va qonun ustuvorligini ta’minlashga bel bog’laganini ko’rsatadi. Mahbuslarga issiq ovqat beriladi, ular jismoniy mashq qilishi, huquqiy maslahat olishi va qilgan jinoyatlari haqida virtual leksiyalarga quloq tutishi mumkin. Huquqlar himoyalangan, deydi rasmiylar, faqatgina huquqbuzarlar saqlanadi bu yerda.
“BBC” o’z maqolasida bu joyni qayta tarbiyalash lageri deb atabdi. Unday emas. Bu hibsxona”, - deydi Tashqi ishlar vazirligi vakili Lyu Chang.
Biroq rasmiylarning da’vosiga qaramasdan, 3-sonli qamoqxona ilgari qayta tarbiyalash lageri bo’lganligi to’g’risida dalillar bor. 2018-yilning sentabrida olingan “Reyter” suratida bino “Urumchi kasb-hunar o’rganish va o’qitish markazi” deb nomlangan. Kanadadagi huquqshunos talaba Shon Chan to’plagan hujjatlar ham ayni joyda 2017-yilda shu nomdagi markaz qurilganini tasdiqlaydi.
Bundan tashqari, Xitoyning “Hengfeng” kompaniyasi “Urumchi trening markazini” jihozlash uchun 11 million dollarlik shartnomani qo’lga kiritgani ma’lum. Kompaniya vakili “Hengfeng” qurilishda ishtirok etganini tasdiqladi, ammo qo’shimcha izoh berishdan bosh tortdi.
2018-yilda Dabanchen inshootida bo’lgan pudratchining “AP” agentligiga aytishicha, “Urumchi kasb-hunar o’rganish va o’qitish markazi” bo’lgan bino 2019-yilda qamoqxonaga aylantirilib, ustidagi yozuvlar o’zgartirilgan. “AP” xavfsizlik nuqtai nazaridan uning ismini oshkor etmaydi.
“Ichkaridagi barcha talabalar asirga aylandi”, - deydi u.
Majmuani 7,5 metr balandlikdagi moviy rangga bo’yalgan beton devorlar va kuzatuv minoralari o’rab turadi. Rasmiylar “AP” muxbirlarini asosiy eshikdan olib kirgan, kamuflyaj kiyimdagi va miltiq ko’tarib turgan soqchilar oldidan olib o’tgan.
Binoning bir burchagida niqob kiyib olgan mahbuslar qator bo’lib turibdi. Ko’rinishidan aksariyati uyg’urlar.
Buni ham ko'ring 40 dan ortiq davlat Xitoyni BMT rasmiysini Shinjonga kiritishni so'ramoqda
“Umuman sindirib bo’lmaydi”, - deydi markaz direktori Chu Xonbin, kamera derazasiga ishora qilib.
Boshqaruv xonasi devorida har bir kamera ichini ko’rsatib turgan o’nlab ekranlar. Yana bir ekranda Xitoy davlat televideniyesi “CCTV” dasturlari namoyish etilmoqda.
“Ular nimani tomosha qilishini nazorat qilamiz. Birov qoidalarni buzayotgan yoki o’zini o’ldirishga harakat qilayotgan bo’lsa, ko’ra olamiz”, - deydi Xonbin.
Mahbuslar uchun, shuningdek, ular qilgan jinoyatlar to’g’risida video darslar o’tiladi.
“Ularga odam o’ldirish, o’g’irlash nima uchun yomon ekanini o’rgatish kerak”, - deydi Xonbin.
Stul va kompyuterlar qo’yilgan 22 ta xonada mahbuslar, o’rindiqqa mahkamlangan holda, advokat, qarindoshlari va politsiya bilan muloqot qila oladi. Koridor oxirida Urumchi prokuraturasining bo’limi joylashgan.
Medpunkt xonasida kolyaska, kislorod balloni va dori-darmon joylashtirilgan shkaf. Devorda xodimlar uchun bemor bilan qanday muomala qilish to’g’risidagi ko’rsatmalar. Ular ochlik e’lon qilganda burni orqali majburan ovqatlantirish usuli ham ko’rsatilgan.
Urumchi Jamoat xavfsizligi byurosi direktori Jao Chonveyning aytishicha, mahbuslar bu yerda sud qilingunga qadar 15 kundan bir yilgacha saqlanishi mumkin. Sud jarayoni butun Xitoy bo’ylab bir xil. Markaz xavfsizlik nuqtai nazaridan shahardan uzoqda qurilgan, deydi u.
Urumchida mahbuslar vaqtincha saqlanadigan bunday inshootlardan kamida yana uchta bor. Bundan tashqari, yana 10 tacha qamoqxona.
Jurnalistlar uchun ekskursiya paytida 3-sonli qamoqxona gavjum bo’lmagan. Har bir kamerada 6-10 nafar mahbus. Ammo 2019-yilgi rasmiy statistik ma’lumotlarga ko’ra, o’sha yilda Shinjonda hibslar 2017-yil bilan taqqoslaganda ikki barobar ko’p bo’lgan. Yuzlab ming odam 5 yil yoki undan ortiq muddatga qamoq jazosiga mahkum etilgan.
Buni ham ko'ring Xitoy: Shinjonda hech narsani yashirayotganimiz yo’qShinjon hukumati so’zlovchisi Syu Guysyan mahkumlar ko’pligini “terrorga qarshi urushda” ko’rilayotgan “qattiq choralar” bilan izohlaydi.
“Albatta, ushbu jarayonda qonunda belgilangan tartibda jazoga tortilganlar soni oshadi. Bu ishimiz samaradorligining yaqqol ko’rsatkichidir. Ushbu choralar orqali terrorchilar qilmishi uchun javob beradi”, - deydi u.
Qamoqqa tashlanganlarning qarindoshlari esa ularga soxta ayblovlar qo’yilganini ta’kidlaydi. Shinjonda adliya tizimi shaffof emas, deydi ekspertlar. Xitoyning boshqa hududlarida huquqiy hujjatlarni oson qo’lga kiritish mumkin, Shinjonda esa jinoiy ishlarning qariyb 90 foizi ommaga ko’rsatilmaydi.
Oshkor bo’lgan oz sonli hujjatlardan ayrimlar odatda jinoyat deb ko’rilmaydigan xatti-harakatlar uchun terrorizm va separatizmda ayblanganini ko’rish mumkin.
Tadqiqotchi Jin Buninning so’zlariga ko’ra, uyg’urlar “terroristik harakatlar” uchun iqrornomalarni imzolashga majburlangan. Ba’zilar keyinchalik ozod qilingan, jumladan Dabanchen qamoqxonasidan.
“Intercept” axborot agentligi qo’lga kiritgan politsiya hisobotlarida 2017-yilda Urumchining bir mahallasida 8 uyg’ur hibsga olingani va Dabanchen inshootida saqlangani batafsil bayon qilingan. Ularning aybi – diniy matnlarni o’qish, fayl tarqatuvchi ilovalarni o’rnatish yoki shunchaki “ishonchsiz odam” ekanligidir.
Hujjatlarga ko’ra, 2018-yil oxirida ular prokuratura tomonidan chaqirtirilgan va ikki yildan besh yilgacha “tahsil” olishga hukm qilingan.
“AP” jurnalistlari majmuada qiynoq yoki kaltaklanish alomatlarini ko’rmagan, mahbuslar bilan to’g’ridan-to’g’ri gaplasha olmagan. Ammo Shinjondan qochgan uyg’ur Zumrad Dovutning aytishicha, Dabanchenda ishlagan do’sti shafqatsiz muomalaga guvoh bo’lib, hushidan ketib qolgan. U Misrda tahsil olgan ikki o’spirin kaltanlangani, terrorizmga aloqadorlik to’g’risida ulardan iqrornoma yozdirib olinganini ko’rgan, deydi Dovut.
Boshqa manbalarga ko’ra, Dabanchenda o’qituvchilik qilgan bir shaxs ham dars paytida elektr tayoqlar bilan qiynoqqa solingan odamlarning ovozini eshitganini hikoya qilgan.
Shinjonning boshqa hibsxonalaridagi sharoit to’g’risida turli ma’lumotlar mavjud. Ba’zilarida cheklovlar kuchli, ammo zo’ravonlik sodir etilmasligi, boshqalarida qiynoqlar sodir etilishi aytiladi. Bu ma’lumotlarni mustaqil ravishda tekshirish qiyin. Shinjon rasmiylari tahqirlash to’g’risidagi da’volarni rad etadi.
Xitoy rasmiylari uyg’urlar soxta ayblovlar bilan ushlab turilganini ham inkor etadi. 3-sonli hibsxonadan sal narida baland devorlar bilan o’ralgan boshqa bir inshoot bor.
U qanday bino deb so’ralganda, rasmiylar “nima ekanini bilmaymiz”, deb javob berishgan.