23-iyunda Qirgʻiziston sudi mamlakatning sobiq prezidenti Almazbek Atambayevga nisbatan 11 yilu ikki oy muddatga ozodlikdan mahrum etish hukmini chiqardi. Unga koʻra, Atambayevning oʻziga va oilasiga tegishli mol-mulk musodara qilinadi. Shu bilan birga sobiq prezidentga berilgan barcha davlat mukofotlari va vakolatlari bekor qilinadi.
Atambayev 2013-yilda jinoiy toʻda yetakchisi Aziz Batukayevni ozod etib, mamlakatdan chiqarib yuborganlikda aybdor deb topilgan.
Sud jarayoni yopiq tartibda oʻtgan. Atambayevning advokati Sergey Slesaryovning OAVlariga bildirishicha mijozi - 63 yoshli sobiq prezident butun sud jarayonida ayblovni inkor etgan va soʻnggi soʻz berilganda gapirishdan bosh tortib, hech qanday koʻrsatma bermagan.
Advokatning bildirishicha, tergov hamda davlat prokurorlari Atambayevning aybdor ekanini isbotlay olmagan.
Atambayevning tarafdor siyosatchilardan biri, parlamentdagi Qirgʻiziston sotsial demokratlar partiyasining oʻzbek millatidagi deputati Anvar Ortiqov “Ozodlik”ning qirgʻiz xizmatiga bergan intervyusida sobiq prezidentga chiqarilgan hukmni adolatli ekaniga ishonmasligini aytgan.
“Bir tomondan qaraganda, agar iqtidordagi prezident Sooronbay Jeenbekov bilan Atambayev urishib qolmaganda bu narsa amalga oshmagan boʻlardi. Hech kim hech narsaga javob bermay, yopiq qozon yopiqligicha qolgan boʻlar edi".
"Bizning bilishimizcha Almazbek Sharshenovichga biror bir kishi toʻgʻridan-toʻgʻri qarshi koʻrsatma bermadi. Bu siyosiy qarorga oʻxshab qoldi. Sud adolatli boʻlganiga ishonmayman. Avvalgi prezidentlar qilgan aybini bilib mamlakatdan qochib ketishdi. Bunga xalq ham, ikki revolyutsiya ham bahosini berdi. Xorijga ketib qolishga bu kishida [Atambayevda] ham imkoniyat boʻlgan. Ammo “men chiqib ketsam, aybni tan olgan boʻlaman” deb Qirgʻizistonda qoldi. Moskvaga samolyot bilan ketganda ham “shu yerda qol” degan soʻzlar boʻlgan deyishmoqda. Almazbek Sharshenovich “qamalsam ham mamlakatda boʻlaman” deb aytgan ekan".
Siyosiy tahlilchi Aydanbek Aqmatov ham “Amerika Ovozi” bilan suhbatda Atambayevning qamalishini “siyosiy qaror” deb hisoblaydi.
“Bir tomondan qaraganda, agar iqtidordagi prezident Sooronbay Jeenbekov bilan Atambayev urishib qolmaganda bu narsa amalga oshmagan boʻlardi. Hech kim hech narsaga javob bermay, yopiq qozon yopiqligicha qolgan boʻlar edi. Eski ikki doʻst janjallashib qolishi oqibatida Atambayev hozir jazolanmoqda. Shu sababdan bu siyosiy qaror degan boʻlardim. Lekin boshqa tomondan, bu bizning qirgʻiz adliyasini tepkilab, “kriminal avtoritet”ni qizil gilam bilan kuzatib qoʻyishdek sharmandali ish uchun jazosini oldi deb aytish ham mumkin”, - deydi siyosiy tahlilchi.
“Kriminal avtoritet” Batukayev ishi
Qirgʻiziston hukumati Batukayevning noqonuniy boʻshatilishi boʻyicha ishni 2019-yilning bahor oylarida qayta tekshira boshlagan. Batukayev “bedavo dardga yoʻliqqani va bir oylik umri qolgan” degan shifokorlar tashxisi asosida qamoqdan ozod qilingan. U oʻsha kuniyoq samolyotda Qirgʻizistondan Chechenistonga ketib qolgan. Shundan keyin tibbiy hujjat soxta ekani maʼlum boʻlgan.
Batukayevning ishini tekshirish Atambayevni sobiq prezidentlik maqomidan, daxlsizlikdan va boshqa vakolatlaridan ayirmoqda.
Aziz Batukayevning qamoqdan noqonuniy boʻshatilishiga bogʻliq jinoyat ishida jami 19 kishiga ayb qoʻyilgan.
Ichki ishlar vazirligi o'tgan yili Batukayevning ozod qilinishi boʻyicha Almazbek Atambayevni uch marta soʻroqqa chaqirgan, ammo sobiq prezident tergovchi bilan uchrashuvga uch safar ham kelmay qoʻygan.
Buning ortidan Atambayevning Bishkek yaqinidagi Qoʻytosh qishlogʻidagi uyini shturmga olish qaror qilingan. Ikki kunga choʻzilgan shturmdan keyin sobiq prezident qoʻlga olingan. Shturm davomida bir maxsus boʻlinma zobiti halok boʻlib, 100 nafarga yaqin odam jabrlangan.
Guvoh qatori soʻroqqa olinishi kerak boʻlgan Atambayevning maqomi gumondorga oʻzgargan.
Atambayev Markaziy Osiyoda qamoqqa hukm qilingan ilk (sobiq) davlat rahbari
Sobiq prezident mamlakat ichida qoʻlga olinib, ozodlikdan mahrum qilinishi Qirgʻizistondagina emas, Markaziy Osiyo hududida birinchi voqea qatori koʻrilmoqda.
Qirgʻizistonning avvalgi sobiq prezidenti Qurmanbek Bakiyev bir qator iqtisodiy jinoyatlari va odam oʻldirish, sogʻliqqa zarar yetkazish faktlari boʻyicha sirtdan sudlanib, qidiruvga berilgan. 2010-yildagi revolyutsiyadan keyin oilasi bilan mamlakatdan qochib ketgan Bakiyev Belorussiyadan siyosiy boshpana olgan.
"Bosh vazir boʻlgan ikki kishi hozirda qamoqda oʻtiribdi, uchinchi odam ustidan ish ochildi. Sobiq prezidentga esa kecha hukm oʻqildi. Bu birinchi marotaba boʻlyapti. Bu kelajakka “koʻzingni och” degan bir signal”.
Unga qadar davlatni boshqargan Asqar Akayev 2005-yili prezidentlikdan qulatilgan. Akayev hozirda Rossiyada yashaydi. Uning turmush oʻrtogʻi Mayram Akayevga bir necha jinoyat ishi ochilgan. Bundan tashqari Akayevning yaqinlariga ham ish qoʻzgʻalgan, ammo sobiq prezidentning oʻziga qarshi jinoyat ishi ochilib-ochilmagani boʻyicha maʼlumot yoʻq.
Atambayev esa 2010-yildagi revolyutsiyadan keyin prezidentlikka saylanib, 2017-yili muddati tugagandan keyin xizmatidan ketgan. Atambayev Qirgʻizistonda muddatini tugatib, tinch yoʻl bilan ketgan ilk prezident hisoblanadi. Undan olgingi rahbar Roza Otunbayeva muvaqqat prezident edi va u ham muddat bitcha, hokimiyatni topshirgan.
Davlat rahbarligiga iqtidordagi prezident Sooronbay Jeenbekov kelgach Atambayevga yaqin deb hisoblangan bosh vazir Sapar Isakov, Jantoʻroʻ Satibaldiyev kabi bir qator yuqori lavozimdagi amaldorlar qoʻlga olingan.
“Shu paytgacha bosh vazir maqomida boʻlgan odamlar javobgarlikka tortilmagan edi. Hozirda bosh vazir boʻlgan ikki kishi qamoqda oʻtiribdi, uchinchi odam ustidan ish ochildi. Sobiq prezidentga esa kecha hukm oʻqildi. Bu birinchi marotaba boʻlyapti. Bu kelajakka “koʻzingni och” degan bir signal”, - deydi jurnalist Mahmudjon Qozoqboyev.
Yangi parlament saylovi
Joriy yilning kuzida Qirgʻiziston parlamenti uchun deputatlar saylovi oʻtishi moʻljallanmoqda. Ammo siyosiy tahlilchilarning aytishicha hozirda parlamentda liderlik qiluvchi kuchli partiya qolmagan.
Atambayev va Prezident Jeenbekov oʻrtasidagi kelishmovchiliklar sabab bir vaqtlar bosh partiya deb hisoblangan QSDP partiyasi oʻz kuchini yoʻqotgan va hatto sud tekshiruvlari sabab saylovda qatnasha olmasligi ham mumkin.
"Respublika — Ata-Jurt" partiyasi ham lideri - 2017-yilda oʻtgan prezidentlik saylovida Jeenbekovga asosiy raqib boʻlgan Oʻmurbek Babanov siyosatdan ketgandan soʻng siyosiy inqirozni boshdan kechirmoqda.
Shu sababdan hozirgi deputatlar aʼzo boʻla boshlagan yangi partiyalar paydo boʻla boshladi.
“Hukumat hech narsaga qaramay hozirgi vaqtda oʻzining uch partiyasini parlamentga oʻtkazish tayyorgarligini koʻrmoqda."
“Hukumat hech narsaga qaramay hozirgi vaqtda oʻzining uch partiyasini parlamentga oʻtkazish tayyorgarligini koʻrmoqda. Bu partiyalardan biri prezident bosh boʻlgan "Birimdik" partiyasi. Amaldorlar, boylar, biznesmenlar, mahalliy nufuzga ega odamlar, avvalgi eski hukumat partiyalarida yurgan odamlar qaytadan "Birimdik" atrofida toʻplanib, bu partiyani asosiy partiya qatori olib chiqishmoqchi. Yana bir “Qirgʻiziston” partiyasi bilan alkomagnat Sharshen Abdikerimov kelmoqda. Uchinchi tomonga qarasangiz esa taniqli Rayim million "Mekenim Qirgʻiziston" degan partiyasi bilan saylovga otlanyapti. Mana shu oligarx guruhlar, toʻplar va hozirgi hukumat parlamentni qoʻlga olish niyatida bormoqda”, - deydi siyosiy tahlilchi Aydanbek Aqmatov.
Bulardan tashqari parlament saylovi oldidan "Chon Qazat" (“Katta gʻazot”) harakati tanila boshladi. Harakatning aʼzolari boy siyosatchilarning yuzini ochish va “oʻgʻirlaganlarini qaytarishni” talab qilib kelishmoqda.
“Bu harakat aʼzolariga yangi sotsialistlar deya baho berila boshladi. "Chon Qazat" chilar Qirgʻizistonning Xitoyga boʻlgan qarzini xalq toʻlaydimi? Yoki xalq hisobidan, davlat hisobidan boyib olganlar toʻlasin degan shiorni oʻrtaga tashlab chiqishdi. Bu boʻyicha ozgina ish ham qilishdi chogʻi. Hozirgi paytda esa ular siyosiy partiyalar boʻyicha jamoatchilik fikrini qaysidir bir tomonga yoʻnaltirish bilan shugʻullanmoqda. Aslida ularga ham parlament kerak, ular ham parlamentga kirish harakatida. Lekin bu harakatdan ham foydali natija kutish qiyin”, - deydi Mahmudjon Qozoqboyev.
Facebook Forum