Breaking News

YXHT Azimjon Asqarovning o’limidan taassufda


Yevropada xavfsizlik va hamkorlik tashkilotining Demokratik institutlar va inson huquqlari idorasi inson huquqlari himoyachisi Azimjon Asqarovning Qirg’iziston qamoqxonasida jon berganidan afsusda.

Azimjon Asqarov Qirg'iziston qamoqxonasida jon berdi
Iltimos, kuting...

No media source currently available

0:00 0:05:01 0:00

“Bugun biz Azimjonning oilasi va uni tanigan barcha insonlar bilan azadamiz”, deyiladi tashkilot bayonotida.

Unga ko’ra, Asqarov 2010-yilda hibsga olingunga qadar Demokratik institutlar va inson huquqlari idorasi (DIIHI) bilan uzoq hamkorlik qilgan, Qirg’iziston janubida huquq-tartibot organlari safida mansabni suiiste’mol qilish holatlari va politsiya zulmi haqida ma’lumot to’plagan.

DIIHI va ko’plab boshqa tashkilotlar so’nggi 10 yil davomida Qirg’iziston hukumatidan Asqarovni ozod etishni talab qildi.

Huquq faoli ustidan 2010- va 2011-yillarda kechgan sud mahkamalarini kuzatgan DIIHI ekspertlari adolatli sud mezonlari jiddiy poymol etilganini, hukumat advokat chaqirtirgan guvohlar va oqlovchilarning o’zini do’q-po’pisalardan himoya qilmaganini, sud ayblanuvchining tanasidagi qiynoq izlariga e’tibor bermaganini qayd etgan.

Shu yil may oyida Qirg’iziston Oliy sudining umrbod qamoq jazosiga mahkum etilgan Asqarov ustidan hukmni o’z kuchida qoldirish qarori ketidan DIIHI bayonot chiqarib norozilik bildirgan.

“Qirg’iziston adolatni tiklash uchun mavjud imkoniyatdan foydalanmaganidan afsusdamiz”, deyiladi ushbu bayonotda.

DIIHI direktori Ingibyorg Solrun Gisladottir Qirg’iziston hukumatini BMTning Inson huquqlari qo’mitasi qarori va mamlakatning inson huquqlarini himoya qilishga doir xalqaro majburiyatlariga rioya qilib, Asqarovni ozod etishga chaqirgan.

Qirg’iziston Jazoni ijro etish davlat xizmatiga ko'ra, Azimjon Asqarov zotiljamdan o’lgan. Muassasa tarqatgan maʼlumotda qayd etilishicha, mahbus davolanishdan bosh tortgan.

Faol 2010-yilda Qirg’iziston janubidagi etnik xunrezliklar paytida ommaviy tartibsizliklarni uyushtirish va militsionerni oʻldirishda aybdor deb topilgan. Oʻsha yilning 15-sentabrida umrbod qamoq jazosiga mahkum etilgan.

O’zbek millatiga mansub Azimjon Asqarov Qirgʻizistonning Jalolobod viloyatida “Vozdux” huquqni himoya qilish tashkilotini boshqargan. Qamalgunga qadar u militsiya tarafidan amalga oshirilgan qiynoqlar boʻyicha surishtiruvlar o'tkazib tanilgan, fuqaro huquqlarini himoya qilib, xalqaro matbuotga maqolalar yozib turgan.

2015-yilda AQSh Davlat departamenti Asqarovni inson huquqlari himoyachilariga atalgan nufuzli mukofot bilan taqdirladi.

U qamoqxonada “Men baxtliman” deb nomlangan kitob yozib, unda oʻz fikr va kechinmalarini aks ettirgan.

2016-yilda BMTning Inson huquqlari boʻyicha qoʻmitasi Asqarov qamoqxonada qiynoqqa solingan, sud tergovlari adolatsiz oʻtgan deya xulosa qilib, Qirgʻiziston hukumatidan Asqarovni darhol ozod etishni talab qilgan edi.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG