Qo’shma Shtatlar oxirgi to’rt yilda amal qilgan “Amerika birinchi” degan siyosatdan voz kechib, an’anaviy ittifoqchilik rishtalalarini va dunyo bilan hamkorlikni tiklaydi, diplomatiyani markaziy o’ringa qo’yadi. Prezident Jo Bayden bu haqda Davlat departamentiga tashrifi chog’ida bayon qildi.
“So’nggi ikki hafta ichida eng yaqin do’stlarimiz – Kanada, Meksika, Britaniya, Germaniya, Fransiya, NATO, Janubiy Koreya va Avstraliya rahbarlari bilan gaplashdim. Hamkorlik odatlariga qaytish, oxirgi to’rt yilda beparvolik va suiiste’mol natijasida kuchsizlangan demokratik ittifoqchilik mushaklarini tiklashni muhokama qildik”, - dedi prezident.
Pandemiyadan tortib, iqlim o’zgarishi va yadro qurollari tarqalishigacha – bu global muammolarni faqat bir yoqadan bosh chiqarib hal qilish mumkin, deydi u.
“Bu esa diplomatiyadan boshlanadi. Uning asosida erkinlik himoyasi, imkoniyatlar ochib berish, inson huquqlari va qonun ustuvorligiga hurmat, har bir insonni qadrlash yotadi”.
Ushbu bayonotlar Tramp ma’muriyatining “Amerika birinchi” doktrinasidan tubdan farq qiladi. Baydenning aytishicha, oldingi siyosat AQShning global maydondagi nufuzini pasaytirgan.
Nuqtidan oldin Bayden va Vitse-prezident Kamala Harris Davlat kotibi Entoni Blinken va departament xodimlari bilan alohida uchrashdi.
“Bizning ma’muriyatda sizga ishonch bilan qaraymiz, faoliyatingizni qo’llab-quvvatlaymiz, siyosiylashtirmaymiz. Turli xil fikr-qarashlar va bahslarga ochiqmiz. Shu asosda puxta siyosiy qarorlar qabul qilinadi. AQSh nafaqat kuchi bilan, balki boshqalarga namuna bo’lib yetakchilik qiladi”, - dedi prezident diplomatlarga qarata.
Prezident Jo Baydenning Davlat departamentida qilgan nutqi (ingliz tilida):
Ayni paytda AQSh Mudofaa vazirligi global harbiy strategiya va qo’shinlar joylashuvini qayta ko’rib chiqmoqda. Buning doirasida Saudiya Arabistoni boshchiligida Yamanda kechayotgan harbiy amaliyotlarni qo’llab-quvvatlash va qurol sotish to’xtatiladi. Germaniyadagi qo’shinlar sonini kamaytirish bo’yicha Tramp davrida qabul qilingan qaror ijrosi ham to’xtatilgan.
AQSh bundan buyon yiliga 125 000 qochqinni qabul qilishi e’lon qilindi. Tramp davrida bu raqam 15 000 ming edi.
Rossiya
Prezident Baydenning ta’kidlashicha, Rossiyaning saylovlarga aralashuvi, kiber hujumlarni amalga oshirishi, o’z fuqarolarini zaharlashi kabi agressiv harakatlariga ko’z yumish davri o’tdi.
“Rossiyaga nisbatan jazo choralarini qo’llashda, manfaatlarimizni himoya qilishda ikkilanmaymiz. Sheriklarimiz bilan maslahat qilib, koalitsiya bo’lib harakat qilsak, bu choralar yanada samarali bo’ladi”, - deydi Bayden.
U ikki yildan oshiq qamoq jazosiga hukm qilingan Rossiya muxolifat lideri Aleksey Navalniyni ozod etishga chaqirdi. O’tgan yili kimyoviy modda bilan zaharlangan Navalniy Germaniyada davolanib, yanvarda vataniga qaytishi bilan hibsga olingan. U zaharlanishi ortida Kreml turganini da’vo qiladi.
Navalniyning hibsga olinishi Rossiya bo’ylab yirik norozilik namoyishlariga turtki bergan, minglab odam hibsda. Ayni paytda Rossiya bilan bog’liq qator masalalar, jumladan Navalniy ishi yuzasidan Moskvaga sanksiya qo’yish, Oq uyda ko’rib chiqilmoqda.
Xitoy
Tashqi siyosatga doir nutqida Bayden Xitoyni “eng jiddiy raqib” deb atab, Pekin bilan turli mavzular bo’yicha orani ochiq qilish kerakligini ta’kidladi.
“Xitoy sodir etayotgan iqtisodiy huquqbuzarlikka qarshi turamiz. Tajovuzkor harakatlar, inson huquqlari ahvoli, intellektual mulk himoyasi va global boshqaruv kabi mavzularni ko’taramiz”, - deydi AQSh rahbari.
Shu bilan birga, dedi Bayden iqlim o’zgarishi bo’yicha hamkorlikka ishora qilib, manfaatlar mushtarak bo’lgan hollarda AQSh Xitoy bilan ishlashga tayyor.
Xitoy bilan o’tgan yili to’xtab qolgan savdo muzokaralari davom etishi to’g’risida hozircha ma’lumot yo’q.
Facebook Forum