Qo’shma Shtatlar Bagram aviabazasini afg’onlarga topshirib, so’nggi askarlarini Afg’onistondan olib chiqar ekan, o’tgan 20 yilda mashaqqatli yo’l bosib o’tildi. Ammo amerikaliklar AQSh tarixidagi ushbu eng uzoq urushni tezda unutsa ajab emas.
2001-yildan buyon urushda 2448 nafar amerikalik halok bo’ldi. Braun universiteti hisob-kitobiga ko’ra, bu davr mobaynida Pokiston va Afg’onistondagi mojaro zonalarida 241 000 kishi o’lgan, jumladan 71 000 tinch aholi vakillari.
Mamlakatni G’arb demokratiyasi timsolida qayta qurish uchun AQSh taxminan 2 trillion dollar sarfladi. Biroq ommaviy so’rovlar shuni ko’rsatmoqdaki, Amerika aholisining katta qismi Prezident Jo Baydenning Afg’onistonni tark etish qarorini yoqlaydi. Amerikaliklarning uchdan biri deydiki, bu urushda g’alaba qilish imkonsiz.
“Amerika ommasi ko’pdan buyon bu urushga e’tibor bermay qo’ygan, - deydi siyosatshunos Maykl Oxanlon. – 2001-yil oxirlarida Tolibon ag’darilganidan buyon bu urushga deyarli hech kim ahamiyat bermay qo’ygan. 2008-yilgi prezidentlik saylovlarida masala o’rtaga chiqdi, lekin kelishmovchilik nuqtasi bo’lmagan”.
Muvaffaqiyatga umid
2001-yilning 8-oktabrida amerikaliklar “AQSh javob qaytardi” qabilidagi gazeta sarlavlahari, Tolibon boshqaruvidagi Afg’onistonda tunda havo hujumlari uyushtirilgani haqidagi xabarlar bilan uyg’ongan. O’shandan bir oy oldin, 11-sentabrda al-Qoida terrorchilari samolyotlarni AQShdagi yirik obyektlarga urib, 2996 kishini o’ldirgan edi.
Bir necha hafta ichida al-Qoida va uning rahbari Osama bin Ladenga boshpana bergan Tolibon rejimi havo zarbalari va qabilaviy jangchilarning bosimi ostida qulagan.
Noyabrga borib toliblar Morozi Sharif, Hirot, Kobul va Jaloloboddan haydab chiqarilgan. 5-dekabrda AQSh ko’magi bilan Hamid Karzay boshchiligidagi muvaqqat afg’on hukumati tuzilgan. Yana bir necha kun o’tib, Tolibonning Qandahordagi so’nggi yirik qarorgohi ham bosib olingan, harakat rahbari Mulla Umar qochib yashiringan.
AQSh matbuotida esa Afg’oniston shimolida ot mingan Amerika maxsus kuchlari mo’ljallarni tanlab, havo kuchlariga xabar bergani haqidagi romantik maqolalar chop etilgan.
O’sha paytda AQShning Afg’onistondagi harbiy amaliyotlari shafqatsiz Tolibon rejimi o’rniga G’arbga do’stona demokratik tuzum olib kelishini, bu tuzum ekstremizmga muqobil sistema sifatida namuna bo’lishini tasavvur qilish mumkin edi.
AQSh tarixining qora sahifasi
Afg’oniston bosib olinishidan keyingi 20 yil o’zgacha voqelikni aks ettirdi.
Mamlakatda mustahkam, demokratik yo’l bilan saylangan hukumatni shakllantirish sa’y-harakatlari davom etgani sari AQSh qo’shinlari soni bir ko’payib, bir kamaydi. Ayni paytda xudkushlik va Tolibon hujumlari, AQShga ittifoqchi bo’lib ko’ringan guruhlar o’rtasida nizolar davom etdi.
Vaqt o’tishi bilan Tolibon oyoqqa turib, AQSh strategiyasi jangarilarga qarshi uzoq muddatli kurash tusini oldi. Shu bilan birga, AQSh o’z siyosatining xunuk qirralari bilan hisoblashishga ham majbur edi.
Urush boshida AQSh Kubada Guantanamo qamoqxonasini yaratib, Afg’onistonda qo’lga olingan “dushman jangchilarni” joylashtirgan. Ular huquqiy himoyadan mahrum edi.
Maxfiy qamoqxonalar
Keyingi bir necha yilda Amerika ommasi Afg’onistonda va boshqa davlatlarda mahbuslarni saqlash va so’roq qilishning o’zgacha usullari haqida xabar topdi.
Terrorda gumon qilinganlar qiynoq odatiy hol bo’lgan mamlakatlarga ko’chirilib so’roq qilingan. Ba’zida Kobul yaqinidagi Bagram aerodromida saqlangan.
AQSh Adliya vazirligining mahbuslardan ma’lumot olish uchun ularni suvga bo’ktirishga ruxsat berish, bu kabi qiynoq usullarini qo’llaganlarni oqlash haqidagi maxfiy hujjatlari ham oshkor bo’ldi.
O’z qadriyatlaringizga xiyonat qilayapsiz degan ayblovlarni rad etib, AQSh yana bir urush boshladi. Maqsad ittifoqchilarni birlashtirib, Iroqda borligi da’vo qilingan ommaviy qirg’in qurollarini yo’q qilish edi.
Iroqda urush avj olishi ketidan AQSh jamoatchiligining Afg’onistonga e’tibori pasaydi.
“2001-yil kuzida Tolibonni qattiq jazolash xohishi kuchli edi. Bu nimani anglatishini bilmasak-da”, - deydi siyosatshunos Maykl Oxanlon.
Natijada AQSh Afg’onistonga bostirib kirishi kerak edimi degan munozaralar deyarli kuzatilmagan. AQSh mamlakatda barqarorlikni ta’minlash uchun mas’ul degan qarash hukmron edi.
Amerikaning o’zida esa Guantanamo qamoqxonasi va qiynoqlar dasturi yuzasidan muhokamalar yillab davom etdi. Keyinchalik Obama ma’muriyati mahbuslarga nisbatan qo’llanilgan usullarni qiynoq deya tan oldi. Bugun Guantanamoda 40 asir qolgan.
Murakkab qarorlar
AQShning to’rt prezidenti, Jorj Bush, Barak Obama, Donald Tramp va Jo Bayden demokratik yo’l bilan saylangan afg’on hukumatini isyonni bostirish uchun zarur bo’lgan vositalar bilan ta’minlashga urindi.
2009-yilda Bush prezidentlikdan ketgach, Obama Afg’onistonda qo’shin sonini keskin oshirishga qaror qildi. Askarlar soni 100 minggacha oshib, keyingi yillarda 10 minggacha kamaytirildi.
Tramp Oq uyga harakat qilayotganida “cheksiz urushlarni” tugataman, harbiylarni uyga qaytaraman deb va’da bergan. Ammo u prezidentlikka kirishganidan ko’p o’tmay reja o’zgardi. Bunga Afg’onistondagi “bo’shliq” terror guruhlarini mamlakatga jalb qilishi haqidagi xavotirlar sabab bo’lgan.
Uyga qaytish
Joriy yilning aprelida demokrat Prezident Jo Bayden Afg’onistondagi barcha qo’shinlar urushning 20 yilligida, 11-sentabr sanasigacha vatanga qaytishini e’lon qildi.
Uning urush tugashi haqidagi nutqi g’alaba ohangidan yiroq edi.
“Chiqish uchun ideal sharoit yaratamiz deb va boshqacha natija kutib, Afg’onistondagi harbiy missiyamizni uzaytirish va kengaytirish siklini davom ettira olmaymiz, - deydi Bayden. – Men bu urush borasida qaror qilayotgan to’rtinchi prezidentman. Ikki respublikachi, ikki demokrat. Javobgarlikni beshinchi prezidentga qoldirmayman”.
Facebook Forum