Breaking News

Mustaqillik Qirg’izistonga nima berdi? Sinovlar va saboqlar


Bishkek
Bishkek

Qirg’iziston mustaqillikning 25 yilligini nishonlashga hozirlik ko’rmoqda. 31-avgust mamlakatda umumxalq bayrami.

Mutaxassislar “shakllanish davri” deb atayotgan ushbu yillar ichida o’lka nafaqat xalq kutgan islohotlar, balki qayg’uli, to’fonli voqealarni boshdan kechirdi.

Qirg'iziston: Mustaqillikning chorak asri tahlili - 1-qism
Iltimos, kuting...

No media source currently available

0:00 0:08:42 0:00
Qirg'iziston: Mustaqillikning chorak asri tahlili - 2-qism
Iltimos, kuting...

No media source currently available

0:00 0:08:37 0:00
Qirg'iziston: Mustaqillikning chorak asri tahlili - 3-qism
Iltimos, kuting...

No media source currently available

0:00 0:10:27 0:00

“Amerika Ovozi” O’sh viloyatida istiqomat qilayotgan yozuvchi va dramaturg, taniqli jamoat arbobi Habibullo Idrisovga murojaat qilib, Qirg’iziistonda istiqlol yillari erishilgan eng katta yutuqlar, ushalgan hamda ushalmagan orzular, afsusli, saboqqa loyiq ko’rinishlarga nazar tashlashni so’radi.

“Mustaqillikka ham alohida tayyorgarlik kerak ekan. Dastlabki yillar og’ir kechdi. An’anaviy xo’jalik aloqalarining darz ketishi, iqtisodiy, moliyaviy tanazzul, ishsizlik ortidan oziq-ovqat taqchilligi alomatlari paydo bo’ldi. Hayriyat, hamdo’stlik o’lkalari ichida birinchilardan bo’lib milliy valyuta (so’m) ning kiritilishi, davlat mulki, ayniqsa, qishloqlarda yer maydonlarining xususiylashtirilishi inqirozdan chiqib, kelajakka dadil qadam qo’yish imkonini berdi. Shunday bo’lsada, iqtisodiy mustaqillikka erishish tez va yengil jarayon emasligini hamma tushundi”, - deydi suhbatdosh.

Jahon ommasi istiqlol yillarida Qirg’izistonda o’tkazilgan yoki amalga oshirilayotgan siyosiy islohotlarni ham olqishlamoqda. O’lkada ko’p partiyali siyosiy hayot taraqqiy etmoqda. Mustaqillik yillarining real yutuqlari qatori so’z va vijdon erkinligining nisbatan chuqur tatbiq etilgani aytiladi.

So’ngi yillarda mamlakat parlament boshqaruviga o’ta boshladi. Mahalliy mutaxassislar ushbu tizim yakkahon boshqaruv usulining qusurlaridan holiligini ta’kidlaydi.

“Amalda parlament boshqaruviga o’tish uchun Oliy Kengash vakolatlarini kengaytirish lozim. Eng muhimi - bizga yuqori malakali, professional parlament kerak. Buning uchun siyosiy partiyalar hozirgi amaliyotlari, ya'ni saylovlar paytida nomzodlarni hamyoniga qarab tanlash odatidan voz kechishlari talab qilinadi. Hozirgi parlamentni havaskor idora, deyish mumkin. Ko’pchilik deputatlar moddiy tomondan boy bo’lgani bilan iqtidori, saviyasi yuqori, deb bo’lmaydi”, - deydi Habibullo Idrisov.

U jamiyatda hamma narsa pul bilan o’lchanayotganidan afsusda. Bu aynan yangi davrning achinarli ko’rinishlaridan biri ekani hammaga ma’lum.

“Poraxo’rlik, korrupsiyaga duchor bo’lmagan soha-yu-idoraning o’zi yo’q - qay birida bu illat ko’proq, qay birida ozroq bo’lishi mumkin, holos”, - deydi yozuvchi.

Ayni paytda keyingi bir necha yil ichida katta-katta ishtahasi karnay amaldorlar javobgarlikka tortilgani odamlarda korrupsiyaga qarshi kurash mahsul berishiga umid uyg’otmoqda.

Idrisovning fikricha, boshqaruv tizimini sog’lomlashtirish, unga iqtidorli, toza insonlarni jalb qilish uchun horij tajribasini - test-sinovlar, so’rovlar va hokazo usullarni - qo’llash o’rinli bo’lar edi.

Qirg’izistonda matbuot erkinligi, vijdon erkinligi ildiz etaotganini mamnuniyat bilan qayd etar ekan, suhbatdosh ushbu ne’matlargan to’g’ri foydalanish zarurligini ta’kidlaydi.

“Qalamkash do’stlarimizning tarafkashlikka zo’r berishlari, bir tomonlama talqin qilishlari menga yoqmaydi. Yozing, ayting, ko’rsating, faqat haqiqat bosh mezon bo’lsin. Buyurtmachilarning yugurdagiga aylangan jurnalistlar keyingi paytlarda halq nazaridan qolayapti”, - deydi Habibullo Idrisov.

Nisbatan samarali islohotlar, ijobiy siljishlar bilan birga mustaqillik yillari Qirg’iziiston fojiali ko’rinishlarni ham boshdan kechirdi. 2002-yilgi Ahsi voqealari (o’shanda namoyishga chiqqan tinch aholi vakillari o’qqa tutilgan edi), 2010-yil yuz bergan millatlararo qonli nizo, ikki inqilob…

Mamlakat hamda jamiyat o’tgan davrning ijobiy va salbiy ko’rinishlaridan, yutuq va afsuslardan yetarli saboq oldimi, kerakli hulosa chiqardimi?

“Albatta, saboq olish lozim. Xulosa chiqarilayapti, deyish mumkin. Ammo g’alamislar, gij-gijlovchilar ham yo’q emas. Shahsan men, aytaylik, millatchilik ko’rinishlari uchun eng og’ir jazo berish tarafdoriman”, - deydi Idrisov.

U hamyurtlarni Qirg’izistonda tobora rivoj topayotgan demokratik qadriyatlar, erkinliklar, farovon hayotni qadrlash va e’zozlashga da'vat etadi.

Shu mavzuda

XS
SM
MD
LG