Zaif boshqaruv – Afg’onistondagi beqarorlikning asosiy omili

Kobul ko'chalarida

Afg’oniston qariyb 40 yildan beri notinch. Urushdan tinkasi qurigan xalq hanuz sulh orzusida. Muxolifat bilan muzokara va murosa uchun qanchalik harakat qilinmasin, samarasiz. 4-iyunda Kobulda yig’ilgan ikki mingga yaqin ulamolar Afg’onistondagi janglarni “Noravo” va xudkush hujumlarini “Harom” deya e’lon qilgan.

Hukumat ulamolarning bu qarorini qutlamoqda, toliblar nazarida esa bu anjuman AQSh buyurtmasi bilan uyushtirilgan.

“Ushbu buyuk yig’ilishni nishonga olgan xuruj, payg’ambar vorislari, diniy qadriyatlar, din targ’ibotchilarini nishonga olgan hujum edi”,- deydi prezident Muhammad Ashraf G’ani.

Tolibon nazarida Kobuldagi yig’ilish Amerikaning buyrug’i bilan uyushtirilgan, unda dinshunoslar va olimlar emas, oddiy kishilar qatnashgan.

Harakat chiqargan bayonotda ulamolar toliblar bilan hamkorlik qilishi kerak, deyiladi.

Kobuldan tahlilchi Asadulla Nadim nazarida Afg’onistondagi muxolif guruhlar urushi siyosiy sabablarga borib taqaladi.

“Afg’onistonda davom etayotgan jangning din bilan aloqasi yo’q. Sobiq jihodiylar jangi ham diniy masala uchun emas ekan. O’zini jihodiylar deb iddo qilayotganlar g’arbning odamlari edi. Ular sharqiy kuchlarga qarshi jang qilar edi. Jang diniy-mazhabiy bo’lmagani uchun ulamolar chiqarayotgan qarorlar ham ularga ta’sir qilmaydi”,- deydi Asadulla Nadim.

30-may kuni Kobulda qonli xuruj sodir etildi

Suhbatdosh fikricha toliblar uyushtirayotgan hujumlaridan natija olmoqda. Ular kun o’tishi bilan o’zlarini kuchliroq his qiladi. Shuning uchun bu yili hujumlarini oshirgan.

“Afg’oniston hukumati zaiflashib bormoqda. Boshqaruvni tushunmagan odamlar hokim va politsiya boshliqlari etib tayinlangan. Shu fursatdan foydalangan toliblar o’z hujumlarini kuchaytirmoqda”, - deydi Nadim.

Rasmiy ma’lumotlarga ko’ra, joriy yilda afg’on harbiylari orasida o’lganlar soni ancha oshgan. Armiyada ham noloyiq odamlar qo’mondon, degan qarash kuchli.

Kobuldagi yangi turar joylar

Afg’oniston qo’shni davlarning raqobat va jang maydoniga aylangandek.

“Faroh va Qandahor viloyatidagi so’nggi voqealarda Eronning qo’li bor. Suv va TAPI iqtisodiy loyihsi bilan bog’liq masalalar bor. Pokiston Hindistonning Afg’oniston masalasida faollashgani bois ichki masalalarga arashaladi. Yoki Rossiya AQSh na NATOning bu yerdagi faoliyati sababi ba’zi bir harakatlarni boshalaydi. Nomini jihod qo’yganlar, lekin qudratlar jangi bu”,- deydi tahlilchi Asadulla Nadim.

Yaqinda afg’on hukumati delegatsiyasi Pokistonga safar qildi. Safardan maqsad ikki davlat hamkorligini oshirish, muammolarlar yechim izlash deya ta’kidlandi. Lekin Islomobod AQSh va boshqalarning bosimini kamaytirish uchun Afg’oniston hukumati bilan aloqalarni yaxshilashga harakat qilayotganini ko’rsatmoqchi, deydi Nadim.