Vatandoshlar, vatan va “El-yurt umidi” jamgʻarmasi

25-sentabr kuni O'zbekiston rahbari Shavkat Mirziyoyev hukumat tizimida yangi jamg'arma yaratishni buyurdi. Maqsad - xorijda yashayotgan o'zbekistonlik mutaxassislar bilan yaqin hamkorlikni yoʻlga qoʻyish, shuningdek, mamlakat yoshlari dunyoning yetakchi ilm dargohlarida o'qishi va kadrlari xorijda malaka oshirishi uchun sharoit yaratish.

Farmonga binoan Tashqi ishlar vazirligi qoshidagi Mutaxassislarni xorijda tayyorlash va vatandoshlar bilan muloqot qilish markazi endi Vazirlar Mahkamasi huzurida Mutaxassislarni xorijda tayyorlash va vatandoshlar bilan muloqot qilish boʻyicha “El-yurt umidi” jamgʻarmasi sifatida shakllanadi. Unga har yili davlat byudjetidan 45 milliard so'm ajratiladi va boshqa manbalardan ham moliya kelishi rejalanadi.

Yaqingacha prezident huzurida ishlab kelgan “Isteʼdod” jamgʻarmasi o'rnini endi shu yangi fond egallaydi.

Prezident Mirziyoyevning buyrug'iga ko'ra, "El-Yurt umidi" jamgʻarmasining asosiy faoliyati quyidagilardan iborat bo'ladi:

- xorijdagi nufuzli ilmiy-tadqiqot, tibbiyot, iqtisodiyot va innovatsion texnologiyalar sohalarida ishlayotgan, ilmiy va amaliy tajribaga ega vatandoshlar bilan aloqa oʻrnatish.

- vatandosh mutaxassislarning elektron reyestri, ya'ni maʼlumotlar bazasini yaratish va yuritish;

- chet eldagi olimlar, oʻqituvchilar, muhandislar va boshqa mutaxassislarni O'zbekistondagi turli tarmoqlarga jalb etish va ular uchun qulay sharoit yaratish;

- bu kadrlarning salohiyatidan samarali foydalanishni taʼminlash;

- taʼlim, sogʻliqni saqlash va iqtisodiyot sohalarida ishlayotgan vatandoshlar orasida Oʻzbekistonning ijobiy qiyofasini shakllantirish;

- vatandosh mutaxassislarning gʻoya va fikrlarini toʻplab, tegishli tashkilotlarga yetkazish;

- rivojlangan mamlakatlarning nufuzli taʼlim va ilmiy markazlari bilan aloqalarni yoʻlga qoʻyish va hamkorlikni rivojlantirishda vatandoshlar salohiyatidan faol foydalanish;

- rivojlangan mamlakatlarning yetakchi taʼlim va ilmiy muassasalarida magistratura va doktorantura dasturlari boʻyicha tanlov oʻtkazib, yoshlarni o'qitish hamda pedagoglar va ilmiy kadrlar uchun malaka oshirishni tashkil etish. Bu imkoniyatdan foydalanganlar vatanga qaytib, olgan stipendiyasiga qarab, 3-7 yil orasida davlat tashkilotida ishlash mas'uliyatini o'z bo'yniga olishi kerak.

- xorijiy ekspertlarning, shu jumladan, vatandoshlarning Oʻzbekistondagi islohotlarga doir tahliliy materiallari chop etiladigan jurnallar va ilmiy toʻplamlar tayyorlash va tarqatish;

- taʼlim, sogʻliqni saqlash, iqtisodiyot va davlat boshqaruvi sohalarida xalqaro tashkilotlar, xorijiy mamlakatlarning davlat tuzilmalari va nodavlat tashkilotlari bilan aloqani yoʻlga qoʻyish va ular bilan ishlash.

Deputat Akmal Burhanov, "Taraqqiyot strategiyasi" markazi rahbari, "Amerika Ovozi" muxbiri Navbahor Imamova bilan suhbatda, 6-sentabr, 2018, Toshkent

Your browser doesn’t support HTML5

Akmal Burhanov: Vatandoshlar qo'rqmasligi kerak


"Amerika Ovozi" yaqinda Toshkentda "Taraqqiyot strategiyasi" markazi rahbari, deputat Akmal Burhanov bilan aynan shu masalada gaplashdi. Islohotlarni targ'ib va tahlil qilib kelayotgan markaz bu yili ochilgan "Buyuk kelajak" degan tashkilot asoschilaridan biri.

Burhanovning aytishicha, O'zbekiston hukumatida vatandoshlarni vatandagi jarayonlarga jalb etish bo'yicha qattiq harakat ketmoqda.

Hamma ham qaytib kelmasligi mumkin, deya tan oladi qonunchi, lekin tizim qaytmoqchi bo'lganlarga sharoit yaratishni istaydi.

Ko'plab vatandoshlar hukumatdan xavfsiraydi va sistemaga ishonchi past. G'arbda, xususan Amerikada yashab ishlab yurgan o'zbekistonliklar orasida vatanga qaytish qizg'in muhokamada lekin amaliy qadamlar sust.

Burhanov bu masala bilan bog'liq qator savollarga javob berdi. Tomosha qiling.