AQShning diniy erkinlik bo'yicha maxsus elchisi Sem Braunbek yaqinda Toshkentda bo'lib, Prezident Shavkat Mirziyoyev, yuqori lavozimli rasmiylar va faollar bilan muloqot qildi. Xo'sh, nima eshitdi va Vashingtonga qanday ma'lumot bilan qaytdi? Braunbek respublikani islohotlarni jadallashtirishga, oldinga qadam tashlashdan qo'rqmaslikka undamoqda. "Amerika Ovozi" bilan suhbatda deydiki, erkinlik bobida progressdan mamlakat har tomonlama manfaatdor. O'zbekiston boshqalarga namuna bo'la oladi, deydi diplomat. Intervyu bilan tanishing.
Your browser doesn’t support HTML5
AQSh Davlat departamenti, 2-oktabr, 2018
Navbahor Imamova, "Amerika Ovozi": O'zbekistonga safaringiz samarali kechgani haqida bilamiz. Prezident Mirziyoyev bilan uchrashuvdan xursandsiz, buniyam bilamiz. O'zbekiston rahbari sizga nima dedi?
Maxsus elchi Braunbek: O'zbekiston o'zgarmoqda, dedi. Mamlakat ochilyapti. Inson huquqlari bobida oldinga intilayotganini aytdi. Ularga xorijdan sarmoya kerak. Respublika mintaqada yetakchi davlat bo'lmoqchi. Buning uchun vaqt kerak. O'ylaymanki, diniy erkinlik O'zbekistonda ta'minlanadi. Mintaqa bo'ylab ham shuni ko'ramiz degan umiddaman.
Navbahor Imamova, "Amerika Ovozi": Uzoq payt mobaynida Toshkent va Vashington diniy erkinlik deganda boshqa-boshqa narsalarni tushungan. Bu borada tafovut bo'lgan. Hozir ular bu masala va tushuncha yuzasidan hamfikr, deya olasizmi? Qanday qilib?
O'zbekiston o'zgarmoqda... Mamlakat ochilyapti. Inson huquqlari bobida oldinga intilayotganini aytdi. Ularga xorijdan sarmoya kerak. Respublika mintaqada yetakchi davlat bo'lmoqchi.
Maxsus elchi Braunbek: Nazarimda, hozir bu borada bir nuqtaga yaqinlasha boshlaganmiz. Vaziyatni yaxshilash uchun nima qilmoq zarurligi xususida firklarimiz yaqin. Ijobiy jarayonlar boshlanganidan mamnunmiz va tushunamiz. Jarayonni davom ettirish kerak.
Ahvol a'lo, demayapmiz. Lekin oldinga qadamlar tashlandi. Ko'plab odamlar ozod etildi. Ibodatxonalar ro'yxatdan o'tdi. Masjidlardagi cheklovlar yumshadi. Haliyam bor, anchagina cheklovlar, lekin hukumat bizga aytayaptiki, ular orqaga qaytmaydi, faqat oldinga ketadi. Biz ham shuni istaymiz. O'zbekiston bilan ishlayapmiz. BMTning diniy erkinlik bo'yicha maxsus elchisi bu xususda o'z takliflarini bergan. Hukumat ularni qabul qilgan va amalga oshirishga bel bog'lagan.
Navbahor Imamova, "Amerika Ovozi": Siz O'zbekistonda islohotlarni amalga oshirish uchun mas'ul rasmiylar bilan ham uchrashdingiz. Ular bu maqsad yuzasidan Prezident Mirziyoyev bilan bir qarashda, deb o'ylaysizmi? Diniy erkinlik talabi haqida ular ham shunday fikrdami?
Maxsus elchi Braunbek: Bir fikrda. To'g'ri, bu fikrga qo'shilmaydiganlar ham bor.
Navbahor Imamova, "Amerika Ovozi": Demak, ularni bilasiz.
Maxsus elchi Braunbek: Ha, bilamiz. Har bir tizimda bunday kelishmovchiliklar bo'ladi. Kimdir o'zgarish qilaylik, deydi, kimdir esa yo'q. Kimdir tizginni bir tomonga tortsa, boshqasi ikkinchi tomonga tortadi. Lekin prezident qaror qiladi va qanday maromda harakat qilishni belgilaydi. Prezident Mirziyoyevning qarori qat'iy. Qayta-qayta o'ylab, tahlil qilib, keyin qaror qilaman, dedi menga. Biz esa bu harakatlar samara bersin, deymiz va uni quvvatlaymiz. Yutuqlarni boy bermaslik kerak. Tizim buni tushunadi. Nozik jarayonlar, bu aniq. O'zbekistonda rahbariyat mamlakat iqtisodiyotini, hayotini yaxshilashni istaydi. Jamiyat erkinlashsin, deydi. Biz bu maqsadlarni yoqlaymiz.
Prezident Mirziyoyevning qarori qat'iy. Qayta-qayta o'ylab, tahlil qilib, keyin qaror qilaman, dedi menga.
AQShda biz talabchanmiz. Huquq va xususan e'tiqod erkinligi biz uchun juda muhim qadriyat va talab. Qayerda yashashingizdan qat'i nazar, diniy erkinligingiz ta'minlanishi kerak. Shundan kelib chiqib, O'zbekistonga o'z pozitsiyamizni bildirib kelayapmiz.
Navbahor Imamova, "Amerika Ovozi": Prezident Mirziyoyev sizdan yoki Davlat departamentidan bu borada yordam so'radimi?
Maxsus elchi Braunbek: Uning rejalarini muhokama qildik. BMT maxsus vakili bergan tavsiyalar bo'yicha ishlashmoqchi. Biz bu borada yordamlashamiz.
AQShda biz talabchanmiz. Huquq va xususan e'tiqod erkinligi biz uchun juda muhim qadriyat va talab.
Hukumat bosqichma-bosqich, samarali qadam tashlamoqchi. Shu xususda qanday yordam bera olishimizni gaplashdik. Biz albatta tezroq harakat qiling, deymiz, lekin bu ishlar samara berishi uchun vaqt kerak, ter to'kish kerak.
Navbahor Imamova, "Amerika Ovozi": Diniy erkinlik O'zbekiston va AQSh orasidagi eng nozik, ziddiyatli masala bo'lib kelgan. Umuman, inson huquqlari haqida gap ketganda, tomonlar turlicha pozitsiyalarda bo'lgan. Lekin mana siz hozir til topishayapmiz, deyapsiz. Siz Toshkentda nafaqat hukumat, balki nohukumat tomonlar, huquq faollari va taqvodorlar bilan ham uchrashdingiz. Rahbariyat va bugungi vaziyatdan norozi tomonlar til topisha olarmikan?
Biz tezroq harakat qiling, deymiz.
Maxsus elchi Braunbek: Topisha olishi mumkin chunki niyat ezgu, faqat bu maqsad yo'lida qanday harakat qilish kerakligi bobida qarashlar boshqacha. O'zgarish bo'ladimi yoki shuginami, deb so'rayotganlar bor. E'tiqod erkinligi ta'minlanishini xohlaymiz, deyishadi. Kimdir ozod etilyapti, kimdir hibsga olinyapti, deyishadi. Muammolar talay. AQShda biz O'zbekiston bilan uzoq muddatni ko'zlab harakat qilishni xohlaymiz. Bu masalada jarayon ancha payt olishini bilamiz. Iqtisodiy vaziyat yaxshilanishi zarur, ko'p narsa shunga bog'liq. Buning uchun esa sarmoya kerak.
Navbahor Imamova, "Amerika Ovozi": Xususan AQShdan.
Maxsus elchi Braunbek: Xususan AQShdan. Xitoy bu borada oldinda va mintaqaviy strategiyasiga ega. Lekin bizning kompaniyalar kirishi huquq bilan bog'liq vaziyatga borib taqaladi. Inson huquqlari biz uchun ustuvor masala. Hukumat keling, deyishi mumkin, lekin muhit talabga javob berishi kerak. Xitoy va uning bizneslariga bu muhim emas. Bizning nazarimizda, xavfsizlik va iqtisodiy taraqqiyotda diniy erkinlikni chetga surolmaymiz. Inson uchun e'tiqod dolzarb masala. Erkinliksiz progress bo'lmaydi.
Bizning nazarimizda, xavfsizlik va iqtisodiy taraqqiyotda diniy erkinlikni chetga surolmaymiz. Inson uchun e'tiqod dolzarb masala. Erkinliksiz progress bo'lmaydi.
Navbahor Imamova, "Amerika Ovozi": O'zbekiston shu paytgacha ekstremizmga qarshi kurashda qattiqqo'l siyosat qo'llab keldi. Diniy organlar ustidan mutlaq nazorat. Taqvodorlik ustidan nazorat. Vashington esa yumshoqroq yondashuvni targ'ib qildi. Diniy erkinlik ekstremizm va radikalizmga qarshi kurashning samarali yo'li, deya undadingiz.
Maxsus elchi Braunbek: To'g'ri.
Navbahor Imamova, "Amerika Ovozi": Hozirga kelib, mana shu yondashuvlar qanchalik o'zgardi? Bu tomonda va u tomonda?
Maxsus elchi Braunbek: O'zgarmoqda. O'zbekiston hozir bizning usullarimizdan o'rganmoqchi ekanini yashirmayapti. Chunki izlanishlarga qarab, AQSh metodi to'g'ri ekanini ko'rasiz. Terrorizmga qarshi kurashmoqchimisiz, erkinlikka yo'l oching. Kimdir o'zini yoki binolarni portlatmoqchi bo'lsa, uni ushlang, sudlang, javobgarlikka tuting. Lekin butun diniy faoliyatni cheklab qo'ymaslik kerak. Gap shaxsda, diniy faoliyatda emas. Har bir jamiyatda yovuz odamlar bo'ladi. Ularni aniqlash kerak, jazosini berish kerak, qonunga binoan. Lekin hamma musulmonlar shunday qilishi mumkin deb masjidlarni cheklash noto'g'ri.
Odamlar erkin e'tiqod qila olsin.
Musulmonlar tinchliksevar va bundaylar ko'p. Odamlar erkin e'tiqod qila olsin. Ularga qarshi yoppasiga chora ko'rib, begunohlarni ezsangiz, radikalizm uchun zamin yaratasiz.
Navbahor Imamova, "Amerika Ovozi": Lekin O'zbekiston rasmiylari sizga aytishi mumkin: "Bizning yondashuv effektivroq, chunki terror xurujlarining oldini oldik. Siz esa ololmadingiz", deb. Amerikada o'zbekistonlik muhojirlar terrorizmda ayblanib hibsda, kimdir allaqachon sudlanib, jazosini o'tamoqda, kimdir esa sud ishini kutmoqda. Bir yil oldin Nyu-Yorkda bir o'zbek terror xurujini amalga oshirdi. Muzokaralarda bu borada ham fikr almashdingizmi? Qanchalik ochiq gaplashdingiz bu haqda? Real masalalar bular.
Maxsus elchi Braunbek: Ha, juda real. Shunday odamlar bor lekin bu holatlar bugun musulmon ahli shunday ekanini anglatmaydi. Odamlar radikkallashmasligi uchun nima qilish kerak, deb o'ylab, qaror qilasiz. Hammaga bir cheklov qo'yamiz, desangiz, adashasiz. Bu aksil natija beradi. Siz e'tiborni radikkalashgan yoki radikallashayotgan guruhga qarating, hammaning erkinligini bo'gmang.
Yoshlaringiz sizga kerak. Ular hech qayoqqa ketmay vatanda ishlay olishi, kelajagini shu yerda ko'ra olishi lozim.
O'zbekiston iqtisodiyoti kuchayishini istaydi. Yoshlaringiz sizga kerak. Ular hech qayoqqa ketmay vatanda ishlay olishi, kelajagini shu yerda ko'ra olishi lozim. Shundoq ham qanchasi ketib bo'lgan. Hukumatga shu kerakmi? Jamiyat erkinlashsa, odamlar shu yerda yashagisi keladi, qattiqroq harakat qiladi, tizimga ishonadi. Masalan, mana bizda iqtisodiyotimiz jadal va tinimsiz o'sishda. Chunki erkinlik bor. Erkinlik foyda keltiradi.
Navbahor Imamova, "Amerika Ovozi": O'zbekiston hukumati islohotlar borasida qat'iy deb hisoblasak, ular natijasini ko'rish uchun qancha vaqt kerak, sizningcha? Masalan, diniy erkinlik bobida?
Maxsus elchi Braunbek: Odamlar ozodlikka chiqdi, ibodatxona va masjidlar faoliyatida siljishlarni kuzatayapmiz. Lekin oldinda ish ko'p. Biz qattiqroq harakat qiling, deyapmiz. Ko'proq o'zgarish ko'rishni xohlaymiz. Nafaqat O'zbekiston, butun Markaziy Osiyoda shu muammoni ko'rasiz.
Navbahor Imamova, "Amerika Ovozi": Diniy ekrinlik bilan bog'liqmi?
O'zbekistonning ochilishi, erkinlashishi boshqalarga namuna bo'la oladi.
Maxsus elchi Braunbek: Ha, e'tiqodga nisbatan qattiqqo'llik. Nazorat, nazorat va nazorat. Bu sizni o'stirmaydi, orqaga tortadi. Men ularga shuni aytayapman. O'zbekistonning ochilishi, erkinlashishi boshqalarga namuna bo'la oladi. Shu bois ham biz bu davlat erkinlashishini istaymiz.
Yomon odamlar har yerda topiladi lekin ularning xatti-harakati sabab butun jamiyatni jazolay olmaysiz. Bu adolatsizlik. Oshkoralik, erkinlik insonlarni uzoq muddatda to'g'ri yo'lga yetaklaydi, bunga qayta-qayta guvoh bo'lganmiz.
Navbahor Imamova, "Amerika Ovozi": AQSh O'zbekistondagi o'zgarishlardan mamnun ekani haqida tez-tez eshitamiz. O'zbekistonni ijobiy qadamlar uchun rag'batlantirish haqida gap ketadi. Bu qanchalik zarur, nazaringizda?
Maxsus elchi Braunbek: Yutuqlar tan olinishi muhim. Biz bu mamlakat huquq va erkinlik bobida to'g'ri yo'ldan ketsin deymiz, va ta'sir qila olsak, xursand bo'lamiz, chunki O'zbekiston taraqqiyotidan manfaatdormiz. Biz huquqqa ishonamiz.
Biz bir paytning o'zida ham rag'batlantiramiz, ham oldinga undaymiz, ildamroq harakat qiling, deymiz. Yutuqni maqtab, kamchilikni ham ko'rsatamiz.
Lekin bu borada tajribasi oz davlat bilan ishlayotganda uni ham tushunish kerak bo'ladi. O'zgarish uchun vaqt kerak, mehnat qilish kerak, yordam kerak, quvvatlov kerak. Biz bir paytning o'zida ham rag'batlantiramiz, ham oldinga undaymiz, ildamroq harakat qiling, deymiz. Yutuqni maqtab, kamchilikni ham ko'rsatamiz. O'zbekistonda hukumat xalqqa xizmat qilib, jamiyat oshkora va erkin yashasin, deymiz. Niyatimiz shu.
O'zbekiston oldiga qo'ygan maqsadlariga erishishi uchun o'z rejasi asosida qadam tashlaydi. Har bir yurtning o'z yo'li bor, buni tan olamiz. Rejani davlatning o'zi belgilaydi. Biz yordam beramiz.
Navbahor Imamova, "Amerika Ovozi": O'zbekiston rasmiylari Amerika ularni xatolar qilinganida va tizim qoqilganida ham quvvatlashini xohlaydi. Qiyin davrlarda tanqid qilishmasin, tashlab qo'yishmasin, deyishadi. Xavfsizlik va erkinlik orasidagi muvozanatni topish juda qiyin, deyishadi.
Maxsus elchi Braunbek: Albatta, chunki, erkinlik bobida tajriba oz. Hamisha yopiq mamlakat bo'lgansiz. Shu bois yordam bermoqchimiz va oldinga intiling, deymiz. Siz o'z maqsadingizga sodiq bo'ling, biz ham o'z maqsadimizga sodiqmiz. Rishta degan narsa shunday bo'ladi. Muloqotni kengaytiraveramiz. Bordi-keldi ko'lami oshaveradi. Fikr almashaveramiz. Tizimga yoshlar kirib kelaverishi kerak. Yangi avlod vaziyatni qo'lga olganida, erkinlik asosiy omil bo'lishini ko'rganmiz, masalan Gruziyada. Yoshlardan umid katta.
Siz o'z maqsadingizga sodiq bo'ling, biz ham o'z maqsadimizga sodiqmiz.
Navbahor Imamova, VOA Uzbek: O'zbekiston hukumatida ham yoshlar ko'paymoqda. Ular Amerika oldin qo'ygan cheklovlar, O'zbekiston tushgan qora ro'yxatlarni bilishadi. Islohotlar jarayonida, sinov davrida, AQSh konstruktiv yondashuvni o'zgartirmaydi, munosabat ijobiy bo'lib qolaveradi, deya umid qilishadi. Amerika siyosati keskinlashishini istashmaydi.
Maxsus elchi Braunbek: Tushunamiz. O'zbekiston qanday harakat qilsa, munosabat ham shunga yarasha bo'ladi. Progress bo'lsa, yondashuvimiz tobora ijobiylashib, yordam ko'lami ham oshadi. Men O'zbekiston rasmiylariga shuni qayd etib kelayapman. Qilayotgan ishlaringizni tushuntiring, targ'ib qilib, tegishli doiralar bilsin, biznes va siyosat sohasidagilar eshitsin. O'zbekiston shunday davlatga aylansinki, tashqi dunyo sarmoya qilishni xohlasin, bu yurtga intilsin. Diniy erkinlik, matbuot erkinligi, mehnat erkinligi... Bular juda, juda muhim omillar. O'zbekiston mintaqaning yuragi va ko'p jihatdan yetakchilik qila oladi. Transport, qishloq xo'jaligi, tijorat... Yosh aholisi katta kuch bo'la oladi. Qudrat darajasini ular belgilaydi. Buning uchun esa sharoit yaratish kerak. Vaziyat yaxshilanaversa, ishoning, tashqi dunyo ham ijobiy javob qaytaradi.
Qilayotgan ishlaringizni tushuntiring, targ'ib qilib, tegishli doiralar bilsin, biznes va siyosat sohasidagilar eshitsin.
Navbahor Imamova, "Amerika Ovozi": Senatorlik paytingizda siz bilan gaplashganmiz. O'zbekiston va butun Markaziy Osiyo bilan ishlagansiz. Hozirgi O'zbekiston qanchalik boshqacha? Mamlakat haqidagi fikringiz o'zgardimi hozirga kelib?
Maxsus elchi Braunbek: Ha, oldindan bilaman dunyoning bu qismlarini. Lekin fikrim o'sha-o'sha. 20 yil oldin ham O'zbekiston katta salohiyatga ega deganman. Buyuk ipak yo'li o'rnida yangicha tijoriy yo'nalishlar bo'lishi kerak, deya bu borada akt ham ishlab chiqqanman. Lekin o'sha paytda amalga oshira olmaganmiz. Toshkentga bu safar borganimda shahar va muhit qanchalik o'zgarganini ko'rdim. Men bu yurtning, bu mintaqaning farovon va erkin yashay olishiga ishonaman. O'z kuchidan to'g'ri foydalanishi kerak xolos. Markaziy Osiyo, xususan O'zbekiston, Rossiyadan mustaqil, radikalizmdan xoli, Xitoy bosimidan xoli, o'z kelajagini o'zi hal etgan holda yashay oladi. Mintaqa odamlari o'z istiqbolini shu zaminda ko'ra olsin. Mehnatim shu yerda samara beradi, deya ishonsin. Siz mana shunday yurt bo'la olasiz, deyman ularga.
Navbahor Imamova, "Amerika Ovozi": Islom Karimov, oldingi prezident, bilan uchrashgansiz-a?
Maxsus elchi Braunbek: Ha, uchrashganman, birga ishlaganman ham. U boshqacha odam edi, o'zga mentalitet egasi.
Navbahor Imamova, "Amerika Ovozi": Prezident Mirziyoyev unday emas, nazaringizda?
Maxsus elchi Braunbek: Fikrimcha, u boshqacha lider. Senator Safoyevni bu yerda elchilik paytidan bilaman. Ularning fikrlari, kelajakka nisbatan qarash va yondashuvlari boshqacha deb hisoblayman.
Navbahor Imamova, "Amerika Ovozi": Imkon beraylik, ko'raylik, deysizmi?
Til topishib, birga ishlaylik, ezgu amallar qilaylik, deyman.
Maxsus elchi Braunbek: Ha, nafaqat imkon balki yordam ham beraylik. Til topishib, birga ishlaylik, ezgu amallar qilaylik, deyman. Muzokara va murosa qilsa bo'ladigan lider deb o'ylayman Mirziyoyevni.
Navbahor Imamova, "Amerika Ovozi": Vashingtonda o'zi O'zbekistonga nisbatan e'tibor hozir qanchalik? Butun hukumatni olsak, agar?
Maxsus elchi Braunbek: Markaziy Osiyo biz uchun muhim va xususan O'zbekistonga qiziqish yuqori. Rossiya ta'siri, Xitoy ta'siri... Vaziyatni kuzatib turibmiz, muhokama qilamiz va o'z manfaatlarimizni o'ylab, qarorlar qilamiz. Mintaqadagi har bir davlat bilan sermahsul rishtalarga ega bo'lishni istaymiz. Vaziyat faqat yaxshi tomonga o'zgarsin, deymiz.
Navbahor Imamova, "Amerika Ovozi": Katta rahmat suhbat uchun.
Maxsus elchi Braunbek: Sizgayam rahmat.