1-yanvardan binoan Shanxay Hamkorlik Tashkiloti Bosh kotibi - O'zbekiston sobiq tashqi ishlar vaziri Vladimir Norov. U yaqingacha Toshkentda Strategik va mintaqalararo tadqiqotlar instituti rahbari edi.
Your browser doesn’t support HTML5
Hozirda sakkiz davlat - O'zbekiston, Qozog'iston, Tojikiston, Qirg'iziston, Rossiya, Xitoy, Hindiston va Pokiston a'zo blok Pekinda asoslangan. Afg'oniston, Belarus, Mongoliya va Eron - kuzatuvchi davlatlar.
Bosh kotib uch yilga saylanadi. Nomzodni a'zo davlatlarning tashqi ishlar vazirlari ko'rsatadi va ularning maxsus kengashi ma'qullashi lozim.
Bosh kotib tashkilot faoliyatini boshqarib, tahliliy, yuridik va texnik masalalar bilan bog'liq jarayonlarga rahbarlik qiladi.
Xo'sh, O'zbekiston diplomati bu blok tepasiga kelishi nimani anglatadi?
Norov tashkilotning bugungi rolini nimada ko'radi?
O'zbekistonda Shanxay-8 dan nima istaydi?
Blok o'zi qanday tashkilot? Siyosiy harbiy, iqtisodiy yoki madaniy? Yo hammasi?
Tashkilotning maqsadi nima?
G'arb hukumatlari va ekspertlari bu blokka NATO, Shimoliy Atlantika Shartnomasi Ittifoqiga qarshi tuzulgan alyans sifatida qarashadi. Uni Rossiya va Xitoy uchun o'z qudratini eslatib turuvchi platforma, real olib qaraganda, zaif bir guruh deya ham ta'riflashadi.
Yana bir qayd shuki, blok huquqbuzar davlatlar jamlanmasi. Ayrim tahlilchilar nigohida bu - Moskva va Pekin turli taraflarga tortadigan, maqsadi mavhum, oradagi nimjon mamlakatlar arosatda o'tiradigan doira.
Vladimir Norov yangi lavozimiga tayyorlanar ekan, "Amerika Ovozi" bilan Toshkentda yuzma-yuz muloqot qildi. O'zbekiston Prezidenti huzuridagi Strategik va mintaqalararo tadqiqotlar institutida gaplashar ekan, bir soatdan oshiq davom etgan intervyuda Norov nafaqat Shanxay Hamkorlik Tashkiloti balki O'zbekistonning bugungi va kechagi tashqi siyosati, o'zi boshida turgan diplomatik tashabbuslar va amalga oshirgan qarorlar, G'arb bilan 2005-yillardan keyingi uzoqlashuv, Shavkat Mirziyoyev rahbarlikka kelgach boshlangan yaqinlashuv, yangilangan sherikliklar, islohotlardagi ustuvor vazifalar va maqsadlar, ularni ro'yobga chiqarish yo'lida turgan to'siqlar, bugungi O'zbekiston va hukumat tayanayotgan izlanish va tahlil xususida suhbatlashdi.
Norov so'zi bilan aytganda, mamlakat bugun misli ko'rilmagan jarayonlarni boshdan kechirmoqda. Bugungi siyosat, deydi u, tamomila yangi va uni amalga oshirish hukumat va xalq uchun birdek sinov va tajriba.
"O'zgarishlar vaqtincha emas", - deydi Norov, bu boradagi savollarga javob berar ekan.
O'tmishdagi ayrim qadamlarni hamon to'g'ri deb hisoblovchi arbob G'arb ham O'zbekiston bosib o'tgan yo'ldan saboq olishi mumkin, deya ta'kidlaydi.
Norov fikricha, Xitoydek yirik davlatlar bilan hamkorlik qilishdan O'zbekiston har jihatdan manfaatdor.
"Amerika Ovozi" undan Toshkent hamkor sifatida kimni ma'qul ko'radi deb so'ramadi. Aksincha, bu suvi chiqib ketgan savolni chetga surib, O'zbekistonning yetakchi diplomati sifatida jahon sahnasiga chiqayotgan Norovning dunyoqarashi, mafkuraviy yondashuvi, siyosiy tahlili va oldidagi maqsadlari bilan qiziqdik. Tomosha qiling!