Bugungi O'zbekiston: Abdulla Qodiriy merosi, kitobxonlik targ'iboti va "ma'naviy tanazzul"

Your browser doesn’t support HTML5

Abdulla Qodiriyni xotirlab... Komolon qabristonidamiz

Abdulla Qodiriy o'zbek zamonaviy adabiyotining otasi sanaladi. Mamlakat faxri. Lekin undan qolgan moddiy va ma'naviy meros qanchalik qadrlanadi?

Bu yil adibning 125 yilligini xotirlayotgan ziyolilar nazarida Abdulla Qodiriy muzeyini ochish birlamchi masala.

Jurnalist va adib Xurshid Do'stmuhammad uchun yozuvchining uyi O'zbekiston tarixining bir qismi va hamisha muqaddas dargoh.

Uning fikricha, o'zbek zamonaviy adabiyoti asoschisi bo'lmish Abdulla Qodiriyning uy muzeyi albatta ochiladi.

"Davlat rahbari bu haqda gapirdimi, demak, bo'ladi", - deydi arbob "Amerika Ovozi" bilan suhbatda.

O'zbekiston Abdulla Qodiriy merosiga befarq, undan qolgan ma'naviy boylikni qadrlamaydi, degan mulohazalarga Xurshid Do'stmuhammad qo'shilmaydi.

Adabiyotshunos olim Sobir Mirvaliyev deydiki, O'zbekistonni qodiriylashtirish kerak. Adibni yangicha ruhda, chuqur o'rganmoq lozim.

Xurshid Do'stmuhammad esa bunday masalalarda hammadan birdek g'ayrat kutmaydi. "Qalb amri... Zar qadrini zargar biladi", - deydi u.

Mustaqil tahlilchi va jamoatchi faol Anvar Nazir fikricha esa siyosiy doiralar va ijod ahli "o'yin o'ynash bilan band.

Vaholanki, Qodiriy muzeyini ochish strategik masala, deydi Nazir.

"Millat bo'lsak, madaniy-adabiy merosimizni qadrlashimiz kerak... Meros bor lekin unga qaramayapmiz", - deya noliydi mutaxassis.

Shoir Muhammad Ismoil nazarida esa yosh avlod orasida Abdulla Qodiriy o'gitlari va asarlarini targ'ib qilib, jamiyatga ziyo ulashish - eng buyuk vazifa.

Qodiriyni jamiyatni unuta olmaydi, unutmagan ham, deydi adib. Lekin undan qolgan merosni asrab-avaylash uchun jiddiy harakatlar zarur.

Maktablardagi kutubxonalar uchun hukumat ko'proq sarmoya qilishi kerak. Rasmiylar olib borayotgan kitobxonlik aksiyalari jiddiy ish emas, deydi adib, yaxshisi ta'lim dargohlari o'z jamg'armalariga ega bo'lsin.

Ko'ngilochar maqsadlarda yuzlab ming so'm sarflashga tayyor yoshlar bitta kitob uchun pulini ayaydi. "Ma'naviyatchilar" ko'p, ma'naviyat yo'q, deydi Muhammad Ismoil.

Uning kuzatishicha, Abdulla Qodiriy xotirasiga bag'ishlangan tadbirlarda hukumat vakillari ko'rinmaydi, vaholanki, madaniyat, ma'naviyat va adabiyot uchun mas'ul vazirlik, idoralar va markazlar bor.

"O'tgan kunlar" asari hozirda amerikalik Mark Ris tomonidan inglizchaga tarjima qilingan lekin hali nashrdan chiqmadi. Bu loyiha Qodiriy va o'zbek adabiyotini tarannum etuvchi global dasturga aylanishi, vatandoshlar tomonidan quvvatlangan holda madaniy diplomatiyaning bir namunasi bo'ladi, degan umid bor. Loyihani olqishlayotganlar uning uchun mablag' to'plash harakatida.