Vashingtondagi yetakchi aql markazlaridan biri Atlantika Kengashi o'tkazgan onlayn anjuman xulosasi shuki, koronavirus Markaziy Osiyoda siyosiy-iqtisodiy burilishlarga yetaklaydi, agar tuzumlar pandemiyadan tegishli saboq olayotgan bo'lsa.
Xalqaro soliq va sarmoya markazi rahbari Daniel Uitga ko'ra, Markaziy Osiyo davlatlarida yalpi milliy mahsulot bu yili kamida 5 foizga qisqaradi.
Rivojlanayotgan davlatlar 2007-2008 yillardagi global moliyaviy inqiroz ketidan o'ziga kelgunicha kamida sakkiz yil ketdi, deydi Uit. Lekin, uning nazarida, Markaziy Osiyo mamlakatlari ko'p jihatdan orqada bo'lishiga qaramay inqirozlarga chidamli. 1991-yildan beri bu tizimlar ko'p krizislarni ko'rdi, deya mulohaza yuritadi u.
AQSh koronavirusga qarshi kurash uchun Markaziy Osiyoga hozirgacha jami 25 million dollar ajratgan, mintaqa uchun bu yil rejalangan yordamdan tashqari. Shuningdek, xalqaro moliyaviy institutlarda ham Amerika region bilan hamkorlikda yetakchilik qiladi, deydi Jonatan Henik, Davlat departamentida mintaqa bilan aloqalarga mas'ul diplomat.
C5+1 dialogi doirasida AQSh va besh respublika orasida bir necha sektorlar bo'yicha ishchi guruhlar tuzilgan. Iqtisod va sog'liqni saqlash masalalari bilan shug'ullanadigan guruhlar faollashgan, deydi Henik, jumladan savdo, turizm, texnologiya, salomatlik, ishlab chiqarish yo'nalishlarida.
Henikning aytishicha, mintaqadagi barcha loyihalarda koronavirus oqibatlariga alohida ahamiyat berilib, zarur o'zgarishlar qilinadi, xususan iqtisodiy-ekologik proyektlarda.
AQShning O'zbekiston va Ukrainadagi sobiq elchisi Jon Herbst fikricha, C5+1 pandemiyaga qarshi regional kurashda imtihondan o'tmoqda, chunki bunday diplomatik platformalar aynan shunday qiyin jarayonlarda hukumatlarni birgalikda samarali choralar ko'rishga undovchi mexanizmlardir. Krizis paytida nima qila olishiga qarab baholanadi, deydi u, Atlantika Kengashidagi anjumanga mezbonlik qilar ekan. Herbst bu kengashda Yevrosiyo markazini boshqaradi.
Yevrosiyo bo'yicha ekspert Ariel Koen nazarida Markaziy Osiyonig strategik mintaqa sifatida ahamiyati yanada oshgan. Koen mintaqada koronavirus davri haqida maqola yozdi.
Tahlilnoma tasvirlashicha, pandemiya dunyoning bu qismini boshqa joylarga qaraganda kamroq qaqshatgan bo'lsa-da, har bir hukumat uchun o'ta jiddiy test.
Qozog'istonda infeksiya bilan bog'liq raqamlar eng yuqori: 1-iyuldagi hisobga ko'ra, 22 mingdan ziyod odam koronavirusga chalingan, 200 ga yaqin kishi o'lgan. O'zbekistonda yuqtirish hollari 9 mingga yaqinlashmoqda, jon berganlar 26 nafar. Qirg'izistonda yuqtirganlar qariyb 6 ming, vafot etganlar 62 nafar. May oyigacha virus bizga kelmadi deb turgan Tojikistonda 6 mingdan oshiq odamga yuqqan, 52 kishi dosh berolmagan. Turkmaniston hukumatiga ko'ra, mamlakatda shu paytgacha biror odam virusga chalinmagan. Tashqi dunyo bunga ishonmaydi, jumladan Vashingtondagi siyosatdonlar ham.
Tabiiy boyliklariga tayangan iqtisodiy tizimlar diversifikatsiya qanchalik zarur ekanini tushunib yetmoqda, deydi Koen.
Qozog'iston singari o'zini neft sotib, boqib kelayotgan davlatda bozor iqtisodiyoti shartlari qayta ko'rib chiqilishi kerak, deydi ekspert.
Tabiiy ofatlar, yuqumli kasalliklar va boshqa favqulodda holatlarga qarshi chora-tadbirlarni mustahkamlash borasida ham saboqlar olinmoqda. Savdo va tijorat tizimlarida islohotlar zarurligi, hozirgidek og'ir damlarda ta'minot buzilmasligi uchun nima qilmoq kerak? Ustuvor masalalar, deydi Koen.
Inson kapitaliga e'tibor ham jiddiylashgan. Favqulodda vaziyatda kuchli va iqtidorli mutaxassislar qanchalik zarur ekanini anglab yetishmoqda. Kadrlar qadri oshgan, lekin tizimlar ularga munosib haq to'lay olmaydi. Mukofotlash uchun mablag' kerak, u esa tobora oz.
Jahon bankidan Frauke Jungblut Markaziy Osiyoda qishloq xo'jaligi va oziq-ovqat sanoati haqida gapirib, quyidagilarga urg'u beradi: import darajasi yuqori, oilaviy xarajatning 40-60 foizi oziq-ovqatga ketadi, migrantlardan keladigan daromad kamaygan, meva-sabzavot eksporti pasaygan, chunki asosiy bozor - Rossiyaga chiqish qiyinlashgan.
Qirg'iziston va Tojikistondek daromad jihatdan 20-30 foizgacha chetdagi mehnatkashlarga tayanuvchi mamlakatlarda ulardan keladigan mablag' miqdori 27-28 foizga kamaygan. Qishloq aholisi hayoti yanada og'irlashgan. Jahon banki vakiliga ko'ra, hozirgi vazifa - mana shu qatlamga yordam berish; chorvachilik va dehqonchilikka asoslangan kichik bizneslarni quvvatlash.
Qozog'istonning AQShdagi elchisi Erjan Kazixanov Vashington yordamidan minnatdor, bugungi hamkorlikdan mamnun.
Kazixanov uning hukumati koronavirusga qarshi kurash qiyin kechayotganini tan oladi. Oldingi vazirning o'zi virusga chalingani uchun Sog'liqni saqlash vazirligini boshqarish uchun yangi odam tayinlandi. Har kun yangi bir sinov va dars, deydi diplomat.
Kazixanov so'zlariga qaraganda, Qozog'istonda iqtisodiy siyosat yangilanmoqda. Ustuvor masala - oziq-ovqat xavfsizligi va ta'minoti, deydi u.
"Test, dori-darmon, tibbiy himoya vositalari borasida yaxshi ta'minlanganmiz", - deydi Kazixanov, tizim qoloq emas, deya ishontirishga urinar ekan.
Qozog'iston Jahon banki va boshqa moliyaviy institutlar bilan maslahatlashgan holda qarorlar qiladi.
Elchiga ko'ra, Qozog'istonda rahbariyat siyosiy islohotlarsiz iqtisodiy taraqqiyot bo''lmaydi degan xulosaga kelgan. Prezident Qosimjo'mart Tokayev buni ta'kidlab turibdi va bu quruq gap emas, deydi diplomat.
Nursulton va boshqa shaharlarda hukumatdan norozi fuqarolar namoyishlari kuzatilmoqda. Ular mamlakatda muxolifatga yo'l berilmayotganini qoralaydi. Tartibni buzganlikda ayblanib, o'tgan oylar ichida yuzlab odamlar hibsga olingan. Almati va Nursultondan olisdagi hududlarda qashshoqlik kengayib, tirikchilik yanada qiyinlashgan, deydi namoyishchilar.
Davlat rahbarlari xalqdan karantinga rioya qilishni talab qilmoqda. Pandemiyadan chiqish uchun hamma o'z hissasini qo'shishi kerak degan chaqiriqlar yangraydi.
O'zbekiston hukumatiga ko'ra, soliq tizimida o'zgarishlar qilinmoqda, xususan qator yangi imtiyozlar taklif qilinmoqda.
"O'zbekistonda iqtisodiyotni liberallashtirish uchun o'tgan yillarda katta qadamlar tashlandi, lekin Qozog'istonga yetib olishiga hali bor", - deydi Koen, mamlakatlarni qiyoslar ekan.
Prezident Shavkat Mirziyoyevga xalqaro moliyaviy institutlar islohotchi deb qarayotgan bo'lishi mumkin, biroq mamlakatda iqtisodiy ahvol yaxshilanmadi, deya xulosa qiladi ekspert.
Markaziy Osiyo rahbarlari pandemiyaga qarshi qanchalik hamkorlik qilmoqda?
Qozog'iston elchisining eslatishicha, respublikaning birinchi rahbari Nursulton Nazarboyev boshidan regional integratsiyaga undab kelgan.
O'zbekiston va Qozog'iston yaqin hamkorlar, deydi diplomat, buni yaqinda chegaradagi Sardoba to'g'onidagi falokat ketidan Toshkent va Nursulton birga ishlaganidan ham ko'rish mumkin.
"Muammolar hal bo'lishi uchun bir yoqadan bosh chiqaramiz", - deydi elchi.
Qozog'iston C5+1 doirasida o'z siyosiy va biznes markazlaridan regional maqsadlar uchun foydalanishni taklif qilmoqda.
Koen tahlilicha, pandemiya natijasida Xitoyning regional loyihalari va sarmoyasi susaygan.
Lekin AQSh bu borada hamon juda orqada. Davlat departamentidan Jonatan Henik deydiki, hozirgacha qilingan ishlar, boshlangan loyihalar va kiritilgan sarmoya mintaqada Amerika xususiy sektori uchun imkoniyatlar qay darajada ekanidan dalolat beradi.
AQSh kompaniyalari kirishi uchun har bir davlatda oshkoralik va adolat darajasi talabga javob berishi zarur, juda bo'lmaganda islohotlar samarasi amalda sezilayotgan bo'lishi kerak, deydi diplomat.
Mintaqa davlatlari pandemiya sabab yanada ko'proq qarz olishga majbur. Osiyo Taraqqiyot Bankining 20 milliard dollarlik maxsus hisobiga ko'z tikishmoqda. Mamlakatlarga mablag' zarurligi aniq, deydi Koen, biroq yalpi ishlab chiqarish qanchalik past bo'lsa, qarz ham shunchalik qimmatga tushadi.
O'zbekiston rahbariyati va mintaqaning boshqa hukumatlari qarz borasida yetti o'lchab bir kesayotganini ta'kidlab keladi. Pandemiya bir tomondan aholi salomatligini sinovdan o'tkazmoqda, ikkinchi tomondan esa iqtisodiyotni. Eng katta sinovdan hukumatlar o'tmoqda, chunki ular har ikki yo'nalish uchun birdek mas'ul.