Afg'oniston ayollari dardi va ovoziga e'tibor qanday?

  • Amerika Ovozi

Mozori Sharif, Afg'oniston

AQSh Afg'onistondan qo'shinlarini olib chiqish harakatida. Markaziy hukumat va Tolibon muzokara boshlashi kutilmoqda. Bu jarayonda xotin-qizlar dardi qanchalik inobatga olinmoqda?

AQSh Vakillar palatasida Milliy xavfsizlik quyi qo'mitasi raisi Stiven Linch nazarida, Vashington Afg'onistondan chiqishga shoshib, yillar davomida erishilgan yutuqlarni xavf ostiga tashlamoqda.

Massachusetts shtatidan saylangan demokrat deydiki, Tolibon qonuniy tarafga aylansa, ayollar hayoti qiyinlashishi tayin, chunki harakat xotin-qizlarga to'laqonli inson sifatida qaramaydi.

"AQSh va Tolibon orasidagi kelishuvda ham Afg'oniston ayollari manfaatlati hisobga olinmagan. O'tgan 20 yilda ularni erkinlikka chiqarish, siyosiy rolini oshirish uchun qilingan mehnatga ko'z yumilgan", - deydi kongressmen.

Global ayollar masalalari bo'yicha maxsus elchi Kelli Karri Kongress a'zolari oldida so'zlar ekan, Tramp ma'muriyati uchun xotin-qizlar ravnaqi muhim va Afg'onistonda AQSh bu masalaga juda jiddiy e'tibor qaratmoqda, dedi.

2019-yilgi prezident saylovlarda ayollar faol ovoz berdi

Markaziy hukumat va Tolibon orasidagi muzokarada 21 kishi qatnashsa, ulardan to'rt nafari ayol kishi bo'ladi, deydi Karri.

Ayni damda Afg'onistonning AQShdagi va BMTdagi elchilari ayollardir. Mamlakat parlamentida ham ularning soni salmoqli, qariyb 30 foiz, deydi diplomat.

Karri deydiki, afg'on ayollari Tolibonga qaram bo'lmaydi, chunki ularning erkinliklari va shu kungacha erishgan muvaffaqiyatlarini harakat olib qo'ya olmaydi. Ayollarning o'zlari bunga aslo yo'q qo'ymaydi, deydi Davlat departamenti vakili. Biroq markaziy hukumat va Amerika ham ularni quvvatlab turishi kerak.

Kobulda xotin-qizlar uchun sharoitlar ancha yaxshi, lekin viloyatlarda va qishloqlarda ahvol ayanchli, deya ogohlantirmoqda gender masalalari bilan mashg'ul idoralar.

"Tan olish kerak, vaziyat ular uchun, umuman olganda, hali ham nihoyatda og'ir", - deydi Karri.

Ikki tolibni otib o'ldirgan 16 yoshli Qamar Gul 12 yoshli ukasi Habibullo bilan, G'or viloyati

Yaqinda G'or viloyatida Tolibon bir oilada ota-onani farzandlari oldida qatl etganida, 16 yoshli qizi Qamar Gul ikki jangarii otib o'ldirgan. Xavfsizlik xodimlari qizni va ukalarini qishlog'idan uzoqqa olib ketib, Tolibon hamlasidan saqlamoqda.

O'smir Afg'onistonda qahramonga aylangan. Uning jasorati e'tirof etilib, Tolibonga qarshi kurashda namuna qilib ko'rsatilmoqda.

Kongressda demokratlar Tramp ma'muriyatini Afg'oniston ayollari taqdiriga befarqlikda ayblamoqda

Respublikachi qonunchilarga ko'ra, Amerika askarlari chiqsa, ayollarning hayoti qiyinlashadi deb xavotirlanayotgan demokratlar yaqingacha "askarlarimiz uyga qaytsin" deb kelayotgan edi.

Demokratlar esa bu tanqidga "biz hech qachon AQSh Afg'onistonni butunlay tark etsin, degan talabni qo'ymadik", deya javob bermoqda. Ular fikricha, Vashington afg'on zaminidan chiqishni astalik bilan, bosqichma-bosqich amalga oshirishi, harbiylar kamaygani sari ahvol qanday ekanini tahlil qilib borishi lozim. Tramp ma'muriyatiga ko'ra esa allaqachon shunday qilinmoqda.

AQShning Tolibonga asosiy sharti shuki, harakat terrorchilar bilan aslo hamkorlik qilmasligi, ularga Afg'onistondan boshpana bermasligi lozim.

Vashington nazarida hozircha Tolibon fevrla oyidagi kelishuv shartlarini bajargani yo'q. Markaziy hukumat qo'lidagi toliblarni, jangari harakat esa asirda saqlayotgan askar va zobitlarni qo'yib yuborishi kerak.

Qurolni tashlang, hujumlarni bas qiling degan talab va chaqiriqlar hozirgacha samara bermadi, chunki bu hafta ham Afg'onistonning bir necha qismida qonli voqealar kuzatildi, odamlar nobud bo'ldi va ularda toliblar ayblandi.