Qirg'iziston rahbari BMT Bosh Assambleyasiga nima dedi?

  • Amerika Ovozi

Prezident Suronboy Jeenbekov

Qirg'iziston rahbari 21-sentabr kuni BMT Bosh Assambleyasining 75-yillik sessiyasida so'zlar ekan, koronavirus pandemiyasi uning yurtiga ulkan zarar yetkazganini aytdi. Ijtimoiy hayot va iqtisod ishdan chiqdi, kichik va o'rta bizneslar zarba yedi. Tashqi qarz oshdi, uni to'lashga davlatning qurbi yetmay qoldi.

Qirg'iziston xalqaro tashkilotlar berib kelayotgan yordamdan minnatdor, deydi Jeenbekov.

"Koronavirus oqibatlari tashqi qarzimiz bilan bog'liq muammolarga turtki berdi. Katta yigirmalik va xalqaro moliyaviy institutlarga masalani tushunib, qarz to'lashni to'xtatib turishgani uchun rahmat aytamiz".

Bishkek tashqi qarzi hozir 4 milliard dollar atrofida. Aholisi 6,5 millionga yaqin davlatning yillik yalpi milliy mahsuloti 26-29 milliard dollar orasida.

Qirg'iziston rahbari Suronboy Jeenbekov BMT Bosh Assambleyasida so'zlamoqda, virtual

Jeenbekov, shuningdek, BMT a'zolari taraqqiyot loyihalari va tashqi qarz bilan bog'liq takliflarga ochiq ekanidan ham mamnun.

Qirg'iziston BMT tizimidagi islohotlarni quvvatlaydi, deydi prezident. Jahon organi umumbashariy manfaatlar asosida samarali ishlashi va kichik davlatlar dardi ham chetda qolib ketmasligi lozim, deydi Jeenbekov.

Qirg'iziston BMT Xavfsizlik kengashiga kirmoqchi, vaqtinchalik a'zo sifatida.

"Inson huquqlari, qonun ustuvorligi va demokratiya biz uchun juda muhim", - deydi prezident.

Mamlakat BMT Inson huquqlari kengashiga ham a'zo bo'lish ilinjida. Qirg'iziston oldin ham unga a'zo bo'lgan.

BMT, Nyu-York, 21-sentabr, 2020

Ekologiya, tog'li hududlarni rivojlantirish, madaniy merosni asrash kabi yo'nalishlarda Qirg'iziston BMTning tegishli organlari bilan yaqindan ishlashni xohlaydi.

Bishkek Markaziy Osiyoda birdamlik va hamjihatlik tarafdori. Respublika hamkorlar, strategik ittifoqchi va sheriklar bilan mintaqaviy va global maqsadlar yo'lida bir yoqadan bosh chiqarishga shay, deydi Jeenbekov.

Qirg'iziston hozirgi eng dolzarb muammo - pandemiyani yengishda qo'ldan kelgan barcha chorani ko'rmoqda, deydi davlat rahbari.