Qozog'iston rahbari Qosim-Jo'mart Tokayev BMT Bosh Assambleyasining 75-sessiyada e'tiborni pandemiya davri va oqibatlari, oziq-ovqat ta'minoti, xavfsizlik va xalqaro hamkorlikni kengaytirish zaruratiga qaratdi.
23-sentabr kuni so'zlagan Tokayev deydiki, pandemiya insoniyat va xalqaro tizim uchun misli ko'rilmagan imtihon bo'ldi. Hozirgacha yetgan zararga qarab, u dunyo ahli sinovlardan o'tishda qiynalmoqda, deya xulosa qilmoqda.
"COVID-19 bizning xato va kamchiliklarimizni ochib tashladi. Inqirozga nisbatan global hamkorlik yo'lga qo'yilmadi. Savdo va siyosat bilan bog'liq illatlar, xususan proteksionizm and millatchilik ayrimlarga ko'ra, "global disfunksiya"ga yetakladi", - deydi Tokayev.
Uning qayd etishicha, o'zaro ishonch yetishmasligi, xalqaro hamkorlik nima ekanini anglamaslik, savdo urushlari va cheklovlar dunyo taraqqiyoti yo'lida to'siq.
Your browser doesn’t support HTML5
Qozog'istonda 2019-yilda prezidentlikka kelgan Tokayev jahonni urushlarning oldini olish uchun yetarlicha harakat qilmayotganlikda tanqid qildi.
Pandemiya xalqaro shartlar va me'yorlarni yangilashi kerak, deydi u. BMT agentliklari qanchalik mehnat qilmasin, kam, deydi Tokayev. Chunki a'zo davlatlar koronavirusga qarshi chora ko'rishda, sog'liqni saqlash bilan bog'liq masalalarda, oziq-ovqat xavfsizligi, vaksina va dori-darmon ta'minotida yakdil emas.
"Qozog'iston oziq-ovqat zaxiralari bo'yicha yangi tashabbuslarga yetakchilik qilishga tayyor. Inqirozdan jabr ko'rgan qatlamlarga insonparvarlik yordamini oshirish zarur",- deydi Tokayev.
Buni ham ko'ring Nazarboyevning Qozog'istoni - "Yevrosiyo yuragi": yangi kitobQozog'iston har yili BMTda yadroviy qurolsizlanish va atom chiqindilaridan qutulish masalasini ko'taradi. Bu safar ham shunday bo'ldi.
Respublika bu boradagi say-harakatlarini davom ettiradi va ustuvor maqsadlarga qatorida iqlimdagi salbiy o'zgarishlarga qarshi kurash ham bor. Terrorizm va qoradori savdosiga nisbatan keskin choralar ko'rishda davlatlar birga ishlashga majbur va bu ham oson kechmayapti, deydi Tokayev.
Markaziy Osiyoning biror davlati inson huquqlari bobida maqtana olmaydi. Xalqaro organlar ularni huquqbuzar tuzumlar, deya ta'riflaydi. Biroq qo'shni mamlakatlarning rahbarlari singari Tokayev ham BMTga murojaatida uning hukumati huquq borasida oldinga qadam tashlayotganini da'vo qildi. Inson manfaatlari va qadriyatlari asosiy e'tiborda, dedi Qozog'iston prezidenti.
Tokayev Markaziy Osiyoda suv bilan bog'liq masalalarni hamjihatlikda hal etish, qo'shnilar mintaqa aholisi kelajagini o'ylagan holda qarorlar qilishi kerakligi, tabiiy boyliklar ayab ishlatishi lozimligi haqida gapirdi.