56 yoshli Kamala Harris Jo Baydenni tanishtirar ekan, demokratiya nima ekanini tushuntirdi.
"Demokratiya harakat talab qiladi. Uning uchun doimiy kurashish lozim. Demokratiyani xohlashning o'zi yetmaydi. Unga erishish, uni qadrlash va undan foydalanish lozim", - dedi Harris.
Amerikada bu safar saylovchi misli ko'rilmagan sonda ovoz berdi. 160 million amerikalik jarayonda qatnashdi.
Harris nazarida, bu - jamiyat hamon uyg'oq va ogoh ekanidan dalolat.
"Siz ilm-fan, haqiqat, vijdon va hurmat uchun ovoz berdingiz", - dedi Harris yurtdoshlariga qarata. "Siz Jo Bayden uchun ovoz berdngiz".
Harris deydiki, Bayden mehr-muhabbatga to'la inson; oila uning uchun muqaddas, insoniyat ezgu kuch ekaniga ishonadi.
Yamayka va Hindistondan kelgan muhojirlar farzandi bo'lmish Kamala Harris Amerikaning eng yirik shtati Kaliforniyadan chiqqan. Shtat prokurori sifatida nufuz qozongan. 2016-yildan beri Senat a'zosi. Oilali.
Harris - vitse-prezidentlikka saylangan ilk ayol, ilk qora tanli, ilk osiyolik kelib chiqishiga ega amerikalik. U o'zini AQSh jamiyatining ajoyib qorishmasi deb biladi.
"Men xalqni bo'luvchi emas, birlashtiruvchi prezident bo'laman. Biz axir ittifoqmiz - Amerika Qo'shma Shtatlari", - deya murojaat qildi Jo Bayden.
Bayden oilasiga alohida minnatdorchilik bildirdi, ayniqsa rafiqasi Jill Baydenga.
"Birinchi xonim o'qituvchi ekan, g'alabamiz Amerika muallimlari uchun ajoyib yangilik, shunday emasmi?"
Prezidentlikka saylangan demokrat saylov tizimi xodimlari, ko'ngilli xizmatchilar, pandemiya davrida hayotini xavf ostiga qo'yib, eng og'ir ishlarni qilayotgan amerikaliklarga rahmat aytdi.
Buni ham ko'ring G'alaba nutqi: Jo Bayden va Kamala HarrisHarris va Bayden fikricha, Amerikaning madaniy, etnik, diniy va irqiy xilma-xilligi bebaho boylikdir.
Bayden nutqida Prezident Donald Trampni tilga olmadi, ammo so'zlari orqali uni mag'lubiyatni tan olib, yangi sahifa ochishga undadi.
Oq uy bugungi bayonotida Baydenni g'irromlikda ayblagan. Bayden esa uning saylanishi shaffof, adolatli va demokratik jarayon mahsuli deb biladi.
"Biz dushman emasmiz, siyosiy jihatdan turlicha pozitsiyadamiz xolos. Maqsad xalqqa xizmat qilish bo'lsa, niyatimiz mushtarak", - deydi Bayden.
Sobiq senator va sobiq vitse-prezident Oq uyda davlat rahbari sifatida faoliyatini pandemiyaga qarshi kurash va irqchilikni bartaraf etish uchun harakatlardan boshlamoqchi.
"Demokrat ekanimdan faxrlanaman, ammo men butun Amerika prezidenti bo'laman. Menga ovoz berdingizmi yoki yo'q, har biringizga xizmat qilaman".
Nutqida Bayden hamkorlik, hamjihatlik, murosaga qayta-qayta urg'u berdi.
"Bir-birimizni olabo'ji sifatida tasvirlab, qoralashni bas qilishimiz kerak", - deya undadi Bayden. "Bu AQShga xos odat emas".
Amerikani Amerika qilgan omil, deydi u, xalqning o'zi uchun imkoniyatlarni muntazam ravishda kengaytirib borganidir. Mana shu yo'ldan aslo to'xtamasligi kerak, deydi Bayden.
"Amerika qila olmaydigan ish, erisha olmaydigan yutuq yo'q, xohlasak va harakat qilsak bas".
Bayden nutqida e'tiqod va vijdonga urg'u berdi. Xalq ishonadigan, uning xavfsiz va farovon yashashi uchun sidqidildan xizmat qiladigan rahbar bo'lish uning uchun buyuk vazifa va sharaf ekanini qayd etdi.
"Biz adolatparvar, haqiqatparvar, yaratgan va o'ziga ishonadigan xalqmiz. Mehnat qilamiz va uning rohatini ko'rishni xohlaymiz. Meni bu yerga shu qadriyatlar va yuksak ishonch olib keldi", - deydi Bayden.
1988-yilda va 2008-yilda ham prezidentlikka intilib, maqsadiga yeta olmagan Bayden 78 yoshni qarshilayotgan paytda Oq uyni egallash arafasida.
Pensilvaniya shtatining Skrenton shahrida mehnatkashlar oilasida tug'ilib, voyaga yetgan Bayden Sirakyuz va Delaver universitetlarini bitirgan. Huquqshunoslik diplomiga ega.
Hali 30 ga kirmay Senatga saylangan va u yerda 35 yil faoliyat yuritgan. Murosachi senator sifatida tanilgan.
Keyin esa Amerikaning birinchi qora tanli prezidentiga muovin bo'ldi. Prezidentlik uchun kurashar ekan, qora tanli amerikalikni vitse-prezidentlikka tanladi. Har ikki qarori bilan Bayden AQSh tarix sahifalariga kirdi.
Bayden bir o'g'lini 2015-yilda saratonga boy bergan. Bir qizini esa rafiqasi bilan 1972-yilda yo'l halokatida yo'qotgan. Bir o'g'li va bir qizi bor hamda bir necha nabirasi.