Jo Bayden prezidentlikka kelgach Amerika tarixida ilk bor ayol moliya vaziri bo'lishi kutilmoqda. Markaziy bankning sobiq rahbari, 70 yoshli Janet Yellen bu lavozimga ko'rsatilgan. Iqtisod va moliya boshqaruviga tanlanganlarning aksariyati Bill Klinton va Barak Obama davrida Oq uyda va turli vazirliklarda xizmat ko'rsatgan arboblardir.
Nira Tanden davlat byudjeti uchun mas'ul idora rahbari, Volli Adeyemo esa moliya vaziri o'rinbosari; Sesiliya Ruz, Jared Bernstin va Xezer Bushi esa Oq uy Iqtisodiy kengashi a'zolari bo'lish uchun tanlangan. Brayan Dis bu kengashga direktor sifatida tanlanishi kutilmoqda.
Bayden uning ma'muriyati etnik, irqiy va jinsiy jihatdan imkon qadar muvozanatli bo'lishini va'da qilgan.
“Koronavirusdan qutulish asosiy maqsadlarimizdan biri ekan, iqtisod uchun mas'ul kishilar oldidagi vazifalar og'ir va buyuk bo'ladi. Iqtisodiyotimizni qayta oyoqqa turg'azamiz", - deydi Bayden.
Yellen federal zaxiraga 2014-yilda raislikka tayinlanganida, Amerika moliyaviy inqirozdan chiqayotgan edi. U 1990-yillarda Osiyodagi inqiroz bilan bog'liq masalalar yuzasidan Klinton ma'muriyatida ishlagan. Endi esa pandemiyadan ezilgan moliyaviy sektorga qaraydi.
Buni ham ko'ring Bayden: AQSh chekinmaydi, dunyoga yetakchilik qiladiAQShda moliya vazirligi 232 yil oldin ish boshlagan. Shundan beri uni faqat erkaklar boshqargan. Ishsizlikka qarshi kurash, kichik bizneslarni tiklash, aholiga iqtisodiy yordam ko'rsatish - birlamchi vazifalar bo'ladi.
Tanden, liberal iqtisodiy tahlilchi, Obama davrida Oq uy bilan yaqindan ishlagan, shiningdek, Klinton prezidentligida ham katta loyihalarni boshqarib, ishonch qozongan. U Hillari Klintonning ham maslakdoshi bo'lgan. AQSh byudjeti shu paytgacha biror ayolga topshirilmagan, qolaversa kelib chiqishi janubiy osiyolik bo'lgan amerikalikka.
Buni ham ko'ring Bayden ma'muriyatida ayollar aloqa va matbuot bilan shug'ullanadiSenatda respublikachilar hukmron ekan, ular bu nomzodlarga qarshi ekanini eslatib turibdi va har biri chig'iriqdan o'tadi deya bong urmoqda.
5-yanvarda Jorjiya shtatida Senatga saylovlar o'tadi va uning natijasida palatadagi kuchlar taqsimoti o'zgarishi mumkin. O'zgarmasa, Baydenning nomzodlarini tasdiqlash uzoq vaqt va keskin munozaralarga sabab bo'lishi tayin.
Inauguratsiya 20-yanvarda. Bayden birinchi kundanoq muhim qarorlar qabul qilishga tayyor ekanini aytmoqda. Vazirliklar, oliy kengashlar va xavfsizlik bilan bog'liq yuqori lavozimlarga odamlar iloji boricha tezroq ma'qullanadi degan umidda.