Bayden: Amerika demokratiyasi hamon qudratli

  • Amerika Ovozi

Kongress, 28-aprel, 2021

Prezident Jo Bayden ilk bor Kongressning qo'shma sessiyasida so'zlab, Oq uydagi birinchi 100 kunida nimaga erishganini tushuntirdi. Tadbirda ko'plab qonunchilar qatnashmadi. Pandemiya sabab ular murojaatni virtual tomosha qildi. Bunaqasi oldin bo'lmagan.

Odatda prezident Kongressga kelganida uni zalda kamida 1600 odam tinglaydi. Qonunchilar, ularning xodimlari va boshqa xizmatchilar. Bu safar 200.

Baydenning xalqqa asosiy gapi: demokratiya va unga asoslangan hukumat hamon eng effektiv tizim.

"Amerikaliklarni koronavirusga qarshi emlayapmiz. Yuzlab ming ish o'rinlari yaratdik. Biz qilayotgan ishlar ta'sirini odamlar o'z hayotida his qilmoqda. Imkoniyatlar ochayapmiz. Adolat va qonun ustuvorligi kafolatlangan", - deydi Bayden.

Prezident Kongressdan 1,8 trillion dollarlik ijtimoiy dasturini quvvatlashni so'radi. Oila manfaatlaari va ta'lim rivoji uchun sarmoya, deydi u.

2,3 trillion dollarlik iqtisodiy dastur ham bor. Oq uy u ham tezlikda ma'qullanishini istaydi.

“Bu dastur ish o'rinlari yaratadi, aynan mehnatkashlar uchun."

Bayden bu murojaatini ancha kech qildi. Sabab nafaqat koronavirus pandemiyasi, balki xavfsizlik yuzasidan xavotirlar ham kuchli.

Yil boshida muddati bitayotgan Prezident Donald Trampning tarafdorlari Kapitoliyga bostirib kirgan edi. Qon to'kilgan.

“Fuqaro urushidan beri demokratiyamizga qilingan eng qattiq hujum", - deydi Bayden.

Prezident deydiki, u har bir amerikalik xizmatida.

Tahlilchi Todd Belt:

"Prezident nutqida fuqarolarga gapirdi. Nimaiki qilayotgan bo'lsa, vatanparvarlik nuqtai nazaridan yondashayotganiga urg'u berdi. Ish o'rinlari yaratishmi, infrastrukturani yangilashmi, oddiy xalq birinchi o'rinda dedi. "

Bayden qurol nazoratini kuchaytirmoqchi, shuningdek, immigratsiya tizimini isloh qilmoqchi, buning uchun Kongress ma'qullovi zarur.

Bayden AQSh Afg'onistondan chiqayotgani, Shimoliy Koreya va Eronning yadroviy maqsadlariga nisbatan chora ko'rayotgani, Rossiya agressiyasiga jim turmasligini aytdi.

AQSh Xitoyga dushmas emas, raqobatchi, dedi u. Davlatlar xalqaro qonunlarga binoan ish tutishi shart, Amerika o'zaro manfaatlar yo'lida hamkorlikka tayyor, deydi prezident.

“Raqiblar Kongressga kirgan olomonga qarab, Amerika demokratiyasi qulayapti deb o'ylasa, bizga qarshi bahslashsa, adashadi, yutqazadi", - deydi Bayden.

Odatda birinchi xonim bu tadbirga mehmonlar bilan keladi. Biroq bu safar ular virtual taklif qilindi. Muhojir hamshira, qurolni cheklash uchun kurashayotgan faol va boshqalar.

Respublikachi senator Tim Skott muxolifat nomidan prezident murojaatiga munosabat bildirdi.

“Xalqimiz Tramp ma'muriyati boshlagan vaksina dasturi asosida emlanmoqda, o'sha siyosat samarasi bu", - deydi senator.

AQSh tarixida ilk bor prezident orqasida ikki ayol o'tirdi. Vitse-prezident Kamala Harris va Vakillar palatasi spikeri Nensi Pelosi. Prezident biror sabab vazifasini bajara olmasa, rahbarlik ularga o'tadi.