O'zbekiston Bayden ma'muriyati bilan tanishmoqda

  • Amerika Ovozi

Inson huquqlari muhokamasi, AQSh Davlat departamenti, Vashington, 29-iyun, 2021

O'zbekiston Tashqi ishlar vaziri Abdulaziz Komilov boshchilidagi delegatsiyaning Vashingtonga tashrifi davom etar ekan, inson huquqlari va demokratiya targ'iboti ham muhokamada.

AQSh Davlat departamentida bu masalalar bo'yicha bosh rasmiy Liza Piterson bilan muloqot kechgan. Unda Komilovdan tashqari O'zbekiston Adliya vaziri Ruslanbek Davletov, Oliy Majlis Qonunchilik palatasining yetakchi a'zosi Akmal Saidov ham ishtirok etgan.

O'zbekistonning Vashingtondagi elchisi Javlon Vahobovga ko'ra, uchrashuvlar samarali kechmoqda. Tashrifdan asosiy maqsad - Bayden ma'muriyati bilan tanishuv.

Tashqi ishlar vaziri Abdulaziz Komilov boshchiligidagi delegatsiya bu hafta Vashingtonda

AQSh rasmiylari suhbatlarda respublikada islohotlar davom etishiga undab, shu kungacha erishilgan yutuqlarni olqishlamoqda. Ammo oldinda ulkan vazifalar va muammolar turganini ham qayd etmoqda.

Shu hafta boshlangan tashrif 4-iyulgacha davom etadi. Vazirlar va agentliklarning rahbarari bilan uchrashuvlar bolib o'tadi. AQShning Toshkentdagi elchisi Daniel Rozenblum ham muloqotlarda qatnashmoqda.

28-iyun kuni Komilov va O'zbekiston Senati raisining birinchi o'rinbosari Sodiq Safoyev AQShning Xalqaro taraqqiyot agentligi rahbari Samanta Pauer bilan gaplashdi.

O'zbekiston rasmiylari AQSh Xalqaro Taraqqiyot Agentligida, Vashington, 28-iyun, 2021

Tomonlar O'zbekistondagi islohotlar, iqtisod, huquq, ta'lim, inson huquqlari va so'z erkinligiga doir masalalarni muhokama qildi.

Komilov O'zbekistondagi jarayonlar va iqtisodiy raqobat muhiti haqida so'zladi. Yaqinlashib kelayotgan prezident sayloviga Yevropada xavfsizlik va hamkorlik tashkiloti taklif etilganiga urg'u berdi.

Rasmiylar Markaziy Osiyoda taraqqiyotni ta'minlash va Afg'onistonda barqarorlikka erishish xususida fikr almashdi.

Pauer Afg'onistonda sulhga erishish va tinchlik o'rnatish yuzasidan Toshkent pozitsiyasini quvvatlashini aytdi.

Inson huquqlari bo'yicha xalqaro tashkilotlar, xususan, "Human Rights Watch" (HRW) va "Freedom Now" Bayden ma'muriyatini Mirziyoyev rahbariyati bilan hamkorlikda huquq va demokratiya targ'ibotini chetga surmaslikka undamoqda.

HRWning mintaqa bo'yicha bosh eksperti Xyu Donaldson "Twitter" orqali Vashingtonni O'zbekistonda fuqaro jamiyati kengayishi uchun harakat qilishga, LGBT hamda jinoyat kodeksi bilan bog'liq masalalarga ahamiyat qaratishga chaqirdi. HRW nazarida, gomeseksual insonlarning O'zbekistonda qonuniy jazoga tortilishi adolatsizlikdir. Tashkilot bu borada o'zgarishlarga undab keladi.

"Freedom Now" mutaxassisi Meti Shaaf deydiki, AQSh O'zbekistonga nisbatan siyosatida huquq va erkinlikni birlamchi o'ringa qo'yishi lozim, aks holda, boshqa manfaatlar ham raxna ostida qolaveradi.

"Hamkorlik samara berishini xohlasa, AQSh faqat bir soha bilan cheklanmay, inson huquqlari barcha yo'nalishlar rivoji uchun muhim ekanini anglab, kengroq yondashadi. Vashington va Toshkent O'zbekiston ketayotgan yo'l haqida ochiq va haqqoniy muloqot olib borishi kerak", - deya yozadi Shaaf "The Diplomat" jurnalida.

"Freedom Now" tashkiloti ham O'zbekistonni jinoyat kodeksidagi "repressiv" bandlarni olib tashlashga undamoqda. "Yangi O'zbekiston"ga ishontirish uchun, deydi Shaaf, respublika huquq bobida dadilroq va demokratik qadamlar tashlashi kerak.