Tolibon Kobulni egallar ekan, Afg'onistonning 22 harbiy samolyoti va 24 vertolyoti ichida 585 kishi bilan O'zbekistonga qochgan. Ular Termiz xalqaro aeroportiga qo'ndirilgan. Ular shundan beri chegara yaqinida maxsus joyda saqlanmoqda.
AQSh Davlat departamentining tasdiqlashicha, afg'on havo kuchlariga tegishi zobitlar, ularning yaqinlari va vositalar xavfsiz joyda va O'zbekiston hukumati nazoratida. Vashington va Toshkent bu masalani qanday hal qilish ustida bosh qotirmoqda.
Afg'onistondan o'nlab havo vositalari O'zbekistonga noqonuniy kirgani haqida 16-avgust kuni bayonot bergan respublika Bosh prokuraturasi sal o'tmay uni o'chirib tashlab, ma'lumotlar to'liq tasdiqlanmaganini bildirgan.
"Amerika Ovozi" manbalariga ko'ra esa boshida O'zbekiston afg'on zobitlar va oilalarini orqaga qaytarmoqchi bo'lgan, ammo Vashington iltimosiga ko'ra, yubormay turibdi.
Bosh prokuratura qaytib olgan bayonotda 158 afg'on harbiylar va fuqarolar O'zbekistonga noqonuniy kirgani uchun tekshirilayotgani haqida ham qayd etilgan edi. Keyinchalik Tashqi ishlar vazirligi yuzlab afg'onlar qaytarilganini bidlirgan. Toshkentga ko'ra, Tolibon ularni jazolamaslikni va'da qilgan.
Buni ham ko'ring Afg'on harbiy havo vositalari va zobitlari O'zbekistonga o'tganmi?Avgust o'rtalarida Tashqi ishlar vazirligi Afg'onistonning o'zbek marshali Abdul Rashid Do'stum va Balx viloyatining sobir hokimi Ato Muhammad Nur mamlakatda emas, deya bu boradagi xabarlarni inkor etgan.
O'zbekiston hukumatining yetarlicha ma'lumot bermayotgani savollarni ko'paytirib, xavotirlarni ham avj oldirgan.
“Afg'onistonning qo'shnilarini afg'onlarga eshik ochib, yordamga muhtojlarga insonparvarlik tashkilotlari bilan hamkorlikda ko'mak ko'rsatishga undaymiz. Biz afg'onlarni orqaga qaytarmaslikni so'rab qolamiz", - deya bildiradi Davlat departamenti so'zlovchisi.
O'zbekiston uchun o'z xavfsizligi birlamchi masala. Toshkent Tolibon bilan muloqotda va chegara hududlari tinch ekanini qayd etmoqda. Tashqi ishlar vazirligining tinimsiz ogohlantirishicha, mamlakatga noqonuniy yo'llar bilan kirganlar qonun oldida javob beradi.
"Hozirda xavfsizlikni ta’minlash maqsadida O‘zbekiston-Afg‘oniston chegarasi to‘liq yopilgan va “Termiz” nazorat-o‘tkazish punktidan quruqlik orqali o‘tish amalga oshirilmayapti. Yaqin orada O‘zbekiston-Afg‘oniston chegarasidagi “Termiz” nazorat-o‘tkazish punktini ochish ko‘zda tutilmagan", - deyiladi 30-avgustdagi bayonotda.
Buni ham ko'ring Jonli efir: O’zbekiston-Afg’oniston-AQShO'zbekiston Afg'onistondan xorijliklar va ular bilan ishlaganlarni evakuatsiya qilish jarayonida jonbozlik ko'rsatib, o'z aeroportlarini tranzit uchun ochib, havo hududlariga kirishga ruxsat bergani tahsinga sazovor, deydi inson huquqlari tashkilotlari, ammo Toshkent qochqinlarni aslo ortga qaytarmasligi lozim.
'Human Rights Watch" tashkiloti yetakchi eksperti Xyu Uilliamson deydiki, O'zbekiston insonparvarlik tamoyillariga sodiq qo'lib, Tolibon hukmron yurtga hech kimni zo'rlab yubormasligi kerak.
Amerikalik olima Jennifer Murtazashvili nazarida esa AQSh bu insonlarga boshpana berishi zarur. Chunki, deya eslatadi u, Amerika birinchi navbatda u bilan xavfsizlik sohasida ishlaganlarga madad ko'rsatmoqda. Pentagon yillar davomida afg'on havo kuchlarini tayyorlagan va quvvatlagan. O'zbekistondagi zobiqlar shular jumlasidan, deydi Murtazashvili.
O'zbekiston Afg'onistonda koalitsion hukumat tuziladi degan umidda va qo'shni davlatda tinchlikka erishish uchun xalqaro hamjamiyat bilan yaqindan ishlashda davom etadi. Prezident Shavkat Mirziyoyev deydiki, Tolibon Toshkentga bergan va'dalarida turibdi, xususan O'zbekiston va qo'shni davlatlarga tahdid solmaslik haqidagi so'zida.
Murtazashvili tahlilicha, shu kungacha afg'onlar, jumladan toliblar tashqi kuchlardan nolib keldi va bugun ular chiqib ketdi.
"Qani endi ular bir yoqadan bosh chiqarib, inklyuziv boshqaruvni yo'lga qo'ya oladimi? Yakdil tuzumga ega bo'la oladimi?"
Afg'on xalqi orasida esa xorijga intilayotganlar talay. Bir amallab chiqib ketish, Tolibon zulmidan qochish bu insonlar uchun asosiy maqsad.