AQSh: Markaziy Osiyo hamisha muhim, hamkorlik aslo susaymaydi

Donald Lu, AQSh Davlat kotibining Janubiy va Markaziy Osiyo bo'yicha muovini Kaspiy siyosat markazi forumida so'zlamoqda, Vashington, 1-fevral, 2022

AQSh Davlat kotibining Janubiy va Markaziy Osiyo bo’yicha muovini Donald Lu qayd etishicha, Qozog'iston, Qirg'iziston, O'zbekiston, Tojikiston va Turkmanistonga nisbatan e’tibor va qiziqish pasaymagan va pasaymaydi. Yaqingacha Bishkekda elchilik qilgan diplomat region ahli islohotlar sustligidan norozi ekanini biladi. Ammo, Lu nazarida, dunyoning bu tomonlari tobora o’zgarib, globallashib bormoqda.

“Demokratiya va inson huquqlari - eng og’ir masalalar, lekin bu yo’nalishlarda ham progress bor”, - deydi rasmiy, Qirg’izistondagi jarayonlarni misol sifatida keltitar ekan.

“Jurnalistlar va fuqaro jamiyati korrupsiyaga qarshi kurashda faol. Yulg’ich amaldorlar va xalq haqqini o’marganlarga nisbatan chora ko’rishda ularning faoliyati salmoqli”.

Lu deydiki, Qozog’istonda o'tgan oy yuz bergan qonli voqealar hamma uchun birdek saboq. “Hukumat hozir keskin sinovdan o’tishi kerak. Huquqbuzarlar javobgarlikka tutilishi lozim, adolat ta’minlanishi kerak. Biz qonun ustuvorligi tarafdorimiz va shunga undashda davom etamiz”.

Lu fikricha, Amerika mintaqa bilan ishlashda “aql o’rgatuvchi” bo’lmasligi kerak. Aksincha, deydi u, Vashington hukumatlar va xalqlar bilan yaqindan muloqot qilib, ular uchun nima dolzarb ekaniga qarab aloqalarni rivojlantirishi lozim.

Bu oson emas, deya tan oladi rasmiy, Amerika bu davlatlar bilan o’zaro manfaatlar va prioritetlarga asoslangan tarzda oldinga intilaveradi.

Vashingtonda Kaspiy siyosat markazida o'tgan forumda so'zlar ekan, Lu Afg'oniston va u yerda hozirda hukmron Tolibonning AQSh-Markaziy Osiyo hamkorligiga ta'siri va amaldagi strategiya Bayden ma'muriyati tomonidan qanchalik yangilanishi mumkinligi haqida hech narsa demadi.

Buni ham ko'ring AQShning Markaziy Osiyoga nisbatan strategiyasi qanchalik strategik?

Lekin Davlat departamentida aynan Markaziy Osiyo bilan aloqalarga bosh-qosh Lesli Vigiru deydiki, Afg'onistondan mutlaq chiqib ketish mintaqaning strategik ahamiyatini tushirmaydi.

"Mintaqadagi maqsadlarimiz o'zgarmas: birinchi o'rinda har bir davlatning suvereniteti, mustaqilligi va hududiy yaxlitligini quvvatlaymiz", - deydi Vigiri.

"Siyosiy plyuralizm va demokratik boshqaruv har bir erkin va farovon jamiyat asosidir, deb ishonamiz va hamisha shunday hisoblaganmiz".

Kaspiy siyosat markazidagi muloqotda nafaqat Markaziy Osiyo, balki Kavkaz mamlakatlarining elchilari va rasmiylari qatnashib, AQSh bilan aloqalar “a’lo darajada” va “bag’oyat faol” deya maqtadi. Biror tomon orada ziddiyatlar yoki tushunmovchilikar borligi haqida lom-mim demadi.

Qozog’iston va Ozarbayjon, neftga boy o’lkalar, Amerika kompaniyalari eng ko’p sarmoya kiritgan hududlardir. Ozarbayjonda AQSh investitsiyasi 20 milliard dollarga yaqin. Qozog’istonda esa Amerika bizneslari o'tgan yilning o'zida 3,5 milliard dollarga yaqin to'g'ridan-to'g'ri investitsiya kiritgan.

Qozog'iston rahbari Qosim-Jo'mart To'qayevning yaqin maslahatchisi, prezident apparati boshlig'i va AQShdagi sobiq elchi Erjan Qazixan deydiki, Amerika bilan hamkorlik tubdan mustahkam va serqirra.

Yadroviy materiallarning qoldiqlarini yo'q qilishdan tortib, pandemiya bilan kurashgacha, Qazixanga ko'ra, AQSh va Qozog'iston birga ishlashdan to'xtamaydi.

Mintaqaviy xavfsizlik, iqtisodiy integratsiya, savdo, ijtimoiy taraqqiyot - "Qozog'iston har bir jarayonda yetakchilik qilishga intiladi", - deydi rasmiy.

Markaziy Osiyoda quruqlikdagi tijorat va tranzitining 70 foizi bevosita Qozog'iston bilan bog'liq, deydi Qazixan.

"Qozog'iston o'z xalqaro majburiyatlarini biladi. Huquq va erkinlik normalaridan xabardormiz va ularga sodiqmiz", - deydi rasmiy.

Buni ham ko'ring AQSh sobiq elchisi Jorj Krol: To'qayev Qozog'istonni qanchalik o'zgartira oladi?

"Ammo yaqinda Qozog'istonda yuz bergan terror xurujlari bizning xavfsizligimizga kuchli tahdid soldi va biz o'z tinchligimizni ta'minlash uchun zarur qadamlarni tashladik. AQSh bizni bu borada quvvatlaganidan minnatdormiz", - deydi Qazixan.

Ammo Amerika hukumati To'qayevning g'alayonlarga nisbatan choralarini quvvatlamagan. Bayden ma'muriyati Qozog'istonda namoyishchilarni va hukumatni muloqotga chorlagan. Davlat departamenti har qanday ichki g'alayon o'sha xalq va uning rahbariyati tomonidan hal qilinishi kerak, degan mazmunda bayonot bergan.

Qirg'izistonning Vashingtondagi elchisi Baktibek Amanbayev fikricha, Amerika va uning davlati o'tgan 30 yilda murakkab va sermahsul yo'lni bosib o'tdi. Xatolar va keskin burilishlar davri bo'ldi, deydi u, ammo tomonlar hamjihatlikni saqlab qoldi.

Bishkek va Vashington orasida 2014-yildan beri harbiy yoki xavfsizlik sohasida hamkorlik yo'q, ammo Qirg'iziston AQSh mintaqada eng ko'p ijtimoiy-iqtisodiy yordam ko'rsatgan ikki mamlakatdan biri. Ikkinchisi, Tojikiston. Vashington yillar davomida regionga ko'mak sifatida ajratgan yuzlab million dollarning aksariyati shu ikki o'lkada sarflangan.

Inson huquqlari tashkilotlari, fuqaro jamiyati va demokratiya tarafdorlari AQShni Tojikistonda Emomali Rahmon diktaturasini quvvatlaganlikda tanqid qiladi.

Buni ham ko'ring Pentagondan O'zbekiston harbiylariga eksklyuziv tabrik

Qirg'iziston demokratiyadan chekinib, yakkahokimlik tomon ketmoqda, degan xavotirlar yangraydi. Xalqaro reytinglar va tahlilnomalarda Markaziy Osiyoning barcha respublikalari nodemokratik, erkin bo'lmagan va mustaqil matbuot cheklangan muhitlar deb baholanadi.

Tojikistonning Vashingtondagi elchisi Farrux Hamralizoda deydiki, uning davlati qoshnilar bilan ham, Amerika bilan ham do'stona ishonch va hurmat asosida ishlashni xohlaydi.

"Biz mintaqada va global sahnada siz bilan hamkorlikni kengaytirishga tayyormiz. Busiz birortamiz o'z tinchligimiz, iqtisodiy ravnaqimiz, salomatligimizni ta'minlay olmaymiz", - deydi Hamralizoda.

Amanbayev o'zaro manfaatlar va qadriyatlarga urg'u beradi. "Hech qanday hamkorlik, qo'shnilar orasidami yoki olisdagi yirik davlatlar bilan, tomonlar birgalikda nima istashiga borib taqaladi", - deydi qirg'iz diplomati.

Elchining gaplari Vashingtondagi qator ekspertlarning yondashuviga o'xhash, ya'ni Amerika mintaqaga nisbatan strategiyada Markaziy Osiyodagi har bir tuzum va xalqning xohishlarini inobatga olishi kerak, aks holda siyosat samara bermaydi, AQSh ham o'z maqsadlarini amalga oshira olmaydi.

Javlon Vahobov, O'zbekistonning AQSh va Kanadadagi elchisi , Kaspiy siyosat markazi virtual forumida so'zlamoqda, Vashington, 1-fevral, 2022

O'zbekistonning Vashingtondagi elchisi Javlon Vahobov deydiki, AQSh bilan aloqalar - mustaqillik yillaridagi eng muhim jarayonlarning ajralmas qismi.

O'zbekistonning suveren davlat sifatida xalqaro miqyosda tan olinishi, G'arb bilan hamkorlikni yo'lga qo'yishida Vashingtonning roli beqiyos, deydi elchi.

"Yillar davomida O'zbekiston va Qo'shma Shtatlar strategik sherikka aylandi. Bu sheriklik eng qiyin davrlarda ham to'xtamadi va turli sinovlarga chidab berdi. 2016-yildan beri esa bu sheriklikda yangi sahifa ochildi", - deydi Vahobov.

Uning tasvirlashicha, Mirziyoyev ma'muriyati bugungi aloqalardan mamnun. Elchi xavfsizlik, terrorizmga qarshi kurash, iqtisodiy taraqqiyot va sarmoya, turli sohalarda islohotlarni amalga oshirishda AQSh hissasini e'tirof etib, O'zbekiston majburiy mehnatga barham berish va diniy erkinlik bilan bog'liq ahvolni yaxshilashda Vashington bilan yaqindan ishlaganini ta'kidlaydi.

Buni ham ko'ring AQSh-O'zbekiston aloqalari qay nuqtada?

Vahobov O'zbekiston uchun mintaqaviy integratsiya, qo'shnilar bilan hamkorlikni kuchaytirish tashqi siyosatdagi ustuvor yo'nalishlar ekanni eslatadi.

Afg'onistonga nisbatan siyosatni belgilashda ham AQSh va Markaziy Osiyo birga ishlashi kerak, deya undaydi O'zbekiston elchisi. Bunda respublika e'tibor Afg'oniston iqtisodiyotini tiklashga, unga insonparvarlik ko'magi ko'rsatishga qaratilishi zarur deb hisoblaydi. Toshkent nazarida Afg'onistonda barqarorlikka erishish uchun avvalo iqtisodiy yordam berish kerak.

Qazixanga ko'ra, Amerika barqarorlikni ta'minlashda yordamlashishi lozim. Energetik va umuman, iqtisodiy taraqqiyotda ham madad oshda, Qozog'iston olqishlaydi, deydi u.

Gruziya erkin va demokratik tizim sifatida Amerika bilan ta'lim, ilm-fan, madaniy jabhalarda ko'proq loyihalar istashini bildiradi. Ochiq va shaffof jamiyat qurilar ekan, deydi bu davlat rasmiylari, Tbilisi G'arb ta'siridan qo'rqmaydi.

Markaziy Osiyo va Kavkaz diplomatlari nigohida Vashingtondagi va o'z poytaxtlaridagi aql markazlari hamkorlikni rivojlantirishda o'ziga xos xizmat qiladi.

Ozarbayjon, Qozog'iston va Qirg'iziston vakillariga ko'ra, siyosiy doiralar va mas'ullar bir-birini tushunishida mustaqil ekspertlarning maslahatlari va tahlili konstruktiv rol o'ynaydi.

Vashingtondagi Kaspiy siyosat markazida kechgan forum, 1-fevral, 2022 (inglizcha)