24-may kuni Xitoyda, xususan Shinjon viloyatida hibsga olingan va mehnat lagerlariga yuborilgan uyg'urlar haqida hujjatlar fosh etildi. Ular - turli yoshdagi uyg'urlar bunday jazo bilan yuzlashayotganiga dalil. Shinjonda qariyb 10 million uyg'ur yashaydi. Kamida bir million uyg'urlar va boshqa turkiy elatlarning vakillari hozir lagerlarda ekani taxmin qilinadi.
Shinjon politsiya fayllari deb nomlangan hujjatlar kompyuter sistemalaridan xakerlar tomonidan sizdirilgan. Huquq himoyachilariga ko'ra, bu ma'lumotlar Xitoy hukumatining uyg'urlarga nisbatan noinsoniy siyosatini aks ettirib, repressiya yosh tanlamasligini, Pekin bu elatning har bir vakiliga beshafqat munosabatda ekanini ko'rsatadi.
Sizdirilgan hujjatlar bu masalani izchil o'rganib kelayotgan tadqiqotchi Adrian Zenz qo'lida. Uning aytishicha, minglab fotolar mehnat lagerlaridagi mahkumlarga tegishli bo'lib, ular maxfiy ma'lumotlar degan tamg'a qo'yilgan. Ayrimlarida agar mahkumlar qochishga urinsa, otib o'ldirishga buyruq berilgan.
Zenz tahlilicha, bu ma'lumotlar Pekinning tartibni buzgan "uyg'urlarni qayta tarbiyalash dasturi" emas, ularni uyg'ur ekani uchun jazolash siyosati amalda ekanini isbotlaydi.
Yaqinda BMT Inson huquqlari bo'yicha bosh rasmiysi Mishel Bachelet Shinjonga borib, vaziyatni ko'zdan kechirdi. Xitoy rasmiylari unga va matbuotga "fosh etilgan hujjalar yolg'o va uydirma" deya javob bergan. Tashqi ishlar vazirligi bu fayllar rasmiy ma'lumotlar ekanini tasdiqlashdan bosh tortmoqda.
Vazirlik so'zlovchisi Vong Venbin deydiki, xorijdagi uyg'urlar va ularning himoyachilari Pekinga qarshi propagandani davom ettirib, uni yomonotliq qilish harakatida.
Zenz va u ishlaydigan Kommunizm qurbonlari xotira fondiga ko'ra esa fayllar uzoq izlanishlar mobaynida yig'ilgan Ularning har biri original va rasmiy nusxa ekani isbotlangan
Zenzning tushuntirishicha, hujjatlar Shinjonning uyg'ur va qozoqlar yashaydigan Konasheher (Shufu) va Tekes (Tekesi) tumanlairi politsiya boshqarmalarining ma'lumotlar bazasidan olingan.”
Ma'lumotlar 2017-2018 yillardagi hibslar haqida axborot beradi va bu insonlar aynan qaysi mehnat lagerida ekanini ko'rsatadi.
Kommunizm qurbonlari xotira fondi qo'lidagi hujjatlar 2800 dan ortiq mahbuslar va mahkumlar xususida bo'lib, ular tintuvlar paytida hibsga olingan va so'roq qilingan.
Eng yosh mahbus 14 yoshda bo'lib, hatto shu avlod vakillari ham repressiya ostida ekanini oydinlashtiradi. Bu mahbuslar bilan savol-javoblar, kim bu tekshiruv va tergovlarga bosh-qosh ekani, buyruq qayerdan kelib, kimga hisobot berilayotgani aks etgan.
Zenzning aniqlashicha, bu ma'lumotlar oldin olinganlariga mos tushadi, chunki rasmiy yondashuv bir xil va hatto rasmiylarning yopiq ma'ruzalarida ham o'xshashliklar bor va bu nutqlar huquq-tartibot tizimi uchun yo'riqnoma sifatida qo'llaniladi.
Shinjon qog'ozlari deya tanilgan bu to'plamlar haqida AQShning nufuzli gazetalari, jumladan "The New York Times" ham maqolalar chop etgan.
Tadqiqotchi Zenz har bir surat ekspertizadan o'tkazilgani, qayerda olingani va shaxsi, yoshi va jinsi tasdiqlanganini aytadi. Bunday ma'lumotlarni elakdan o'tkazuvchi ilg'or sistemalar va o'ziga xos professional jarayon bor, deydi u.
14 ommaviy axborot vositasi ham Shinjon qog'ozlarini o'z mutaxassislari tomonidan chuqur o'rganib chiqqan. Tasvirlar fotokamera yo telefonda olingani ham aniqlangan. Suratlar chiqqanida bu odamlarning yaqinlari mediaga murojaat qilib, qarindoshlari ekanini da'vo qilgan va ular ham isbotlangan.
Media tashkilotlar hatto fayllardagi tilga olingan mutasaddilarning ism-sharifi va telefon raqamlarini ham tasdiqlashga muvaffaq bo'lgan.
"Amerika Ovozi"ning POLYGRAPH.info tarmog'i ham o'z tekshiruvini olib borib, sizdirilgan ma'lumotlar uydirma emas, Xitoy rasmiy hujjatlari ekaniga ishonch hosil qilgan.
"USA Today" gazetasi xulosa qilishicha ham Kommunizm qurbonlari xotira fondi tahlili haqiqatni aks ettiradi. Gazetaning qayd etishicha, fotolarning geolokatsiyasi mehnat lagerlarga yaqin va ulardagi rasmiylar faoliyati o'rganilganida ular rostan ham shu ishlar bilan band ekani oshkor bo'lgan. "USA Today" mahbus va mahkumlarning xorijdagi yaqinlari bilan han suhbatlashgan.
2017-yilda ochilgani taxmin qilinadigan lagerlar mavjudligi sun'iy yo'ldosh orqali olingan, shuningdek, sizdirilgan ma'lumorlar hamda guvohlar va qamoqdagi uyg'urlarning yaqinlari tomonidan berilgan ma'lumotlarga asoslanadi.
Fransiyaning "Le Monde" gazetasi ham masalani yoritar ekan, hujjatlar Pekin haqiqatan ham uyg'urlarni ezayotgani, "qayta tarbiyalash maskanlari" aslida keskin jazolash koloniyalaridir, deya xulosa qiladi.
Xitoy hukumati esa buni azaldan to'qima deb ataydi va lagerlardagi fuqarolar konkret ayblari uchun u yerda ekanini da'vo qiladi. Ular tuzumga qarshi qadam tashlagani uchun jazolanmoqda va qayta tarbiyalanmoqda, deydi rasmiylar.
Pekinga ko'ra, mahkumlarning bir qismi ekstremizm va terrorizmda aybdor deb topilganlardir. Separatist uyg'urlar bor, deydi mutasaddilar.
AQShning Vashinvgtondagi elchixonasining bildirishicha, Shinjonda radikalizmga qarshi qattiq kurash olib borilmasa, mamlakat tinchligi buziladi.
"Tezkor, keskin va effektiv choralar ko'rishga majburmiz", - deyiladi elchixonaning mediadan tushgan savollarga bergan umumiy javobida.
"Shinjon gullab yashnamoqda. Aholining hayoti barqaror va osuda. Hudud rivojlanmoqda", -deya qo'shadi elchixona.